$
 12003.18
13.09
 13987.31
12.86
 156.68
-1.27
weather
+26
Кечаси   +14°

Quyosh panellari zararli bo‘lib chiqdi – tadqiqot

Quyosh panellari

Yangi tadqiqotga ko‘ra, ekologik toza energiya manbai sifatida istiqbolli hisoblangan suzuvchi quyosh panellari ularning o‘rnatilgan suv havzasi turiga qarab ekotizimga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Oregon shtati universiteti va AQSh Geologiya xizmati tadqiqotchilari suzuvchi quyosh fotoelektr tizimlarining ta’sirini olti shtatdagi 11 ta suv ombori misolida modellashtirdi. Bu haqda universitet rasmiy saytida ma’lum qilingan.

Suvning harorat qatlamlarining o‘zgarishi

Simulyatsiyalar shuni ko‘rsatdiki, bunday panellar suvning yuqori qatlamini muntazam sovutadi va suv ombori ichidagi harorat qatlamlarini o‘zgartiradi. Natijada, suv osti jonivorlarining yashash sharoitiga ham ta’sir o‘tkazilgan.

“Har bir suv ombori chuqurligi, aylanish jarayonlari va boshqaruv uchun muhim bo‘lgan baliq turlariga qarab turlicha reaksiyani namoyon etadi. Bu tizimlarni barpo etish uchun yagona yondashuv mavjud emas”, — deydi tadqiqot rahbari Evan Bredeveg.

           Quyosh panellarining afzalliklari

Tadqiqotda qayd etilishicha, suzuvchi quyosh panellari bir qator afzalliklarga ham ega: suvning tabiiy sovitish xususiyati panellar samaradorligini 5–15 foizga oshirishi mumkin. Ular mavjud GES va infratuzilmaga integratsiya qilinishi, shuningdek, bug‘lanishni kamaytirib, ayniqsa issiq va quruq hududlarda foyda berishi mumkin.

Salbiy tomoni nimada?

Biroq ilmiy ish natijalariga ko‘ra, bunday tizimlar suv harorati va kislorodning taqsimlanishini o‘zgartirishi sababli issiq hamda sovuq suv turlariga mansub baliqlar yashash muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli mavjud.

Uzoq muddatli monitoring

Olimlar ta’kidlaydiki, suzuvchi quyosh panellari ekologik zarar yetkazmagan holda toza energiya ishlab chiqarishi uchun qo‘shimcha ilmiy izlanishlar va uzoq muddatli monitoring zarur.

“Ekotizimning bunday fotoelektr tizimlarga qanday javob berishini va mumkin bo‘lgan ekologik xavflarni chuqur anglash, tartibga soluvchi idoralar uchun ham, barqaror energetika rivojini to‘g‘ri yo‘naltirish uchun ham juda muhim”, — deya qo‘shimcha qildi Bredeveg.

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya

Ma’lumot uchun bugungi kunda mamlakatda umumiy quvvati 5582 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari faoliyat yuritmoqda. Energetika vazirligiga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yil boshidan beri qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali 10 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Gidroelektr stansiyalari ulushini ham inobatga olganda, 8-dekabr soat 17:00 ga kelib qayta tiklanuvchi manbalar orqali ishlab chiqarilgan umumiy elektr energiyasi hajmi 16 mlrd kVt/soatni tashkil etdi.

Buning natijasida qayta tiklanuvchi energiya hisobiga O‘zbekiston 2,7 mlrd kub metr tabiiy gazni tejadi, shuningdek, atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 4,4 mln tonna zararli moddaning oldi olindi.