$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Qishloq xo’jaligi tashqi savdoda hamon oqsamoqda

qishloq

AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Axborot xizmati rahbari Sabina Sadinovaning ma’lum qilishicha, Joriy yilda qishloq xo‘jaligida 47 ta holatda talabga javob bermaydigan mineral o‘g‘itlar qo‘llanilishining oldi olindi. Biroq agentlikning, manfaatli yil yakunlari va sarhisobga qaramasdan, dunyo moliya bozoridagi umumiy beqarorlik issiqxona mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarining yomonlashishiga olib kelmoqda.

8 ta davlatga 39 turdagi meva-sabzavot eksporti uchun fitosanitar ruxsatlari olindi

Ma’lum qilinishicha, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat eksporti yo‘nalishida Karantin agentligida Markaziy eksport shtabi va hududiy eksport shtablari tashkil etilib, 67 nafar yoshlar eksport yo‘nalishida o‘qitildi va ish bilan ta’minlandi.

“Agroko‘makchi” mobil ilovasi yaratilib, u interaktiv ma’lumotlar bazasi sifatida xizmat qilmoqda. O‘zbekistonning 52 ta vakolatxonalari va xorijiy tashkilotlardan bozor konyunkturasi, salohiyatli importchi korxonalar va eksportga doir ma’lumotlar umumlashtirilib, mobil ilova orqali mahalliy eksportchi korxonalarga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Eksportchi korxonalar tomonidan mavsumiy meva-sabzavotlarni (uzum, gilos, o‘rik, shaftoli, nektarin, anjir, olcha va boshqalar) omborlarda sublimatsiyalangan va muzlatilgan holda saqlanib, qimmatroq narxlarda eksport qilish amaliyoti keng joriy etildi.

Italiya, Latviya, BAA, Janubiy Afrika Respublikasi, Xitoy, Ozarbayjon, Armaniston va Rossiyaning logistika hamda qadoqlash tajribalari o‘rganilib, 1-avgustdan saralangan, kalibrlangan va qadoqlangan mahsulotlar uchun tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishning yangi mexanizmi joriy etildi.

209 ta qadoqlash korxonasi xalqaro talablarga muvofiqlashtirilib, Agentlikning reyestrga kiritildi.

Joriy yilda 8 ta davlatga 39 turdagi meva-sabzavot eksporti uchun fitosanitar ruxsatlar olinib, fitosanitar ruxsatlar soni 612 taga yetkazildi.

19 turdagi mahsulot eksporti bo‘yicha 83 ta korxona va 115 ta bog‘ Xitoyning maxsus reyestrga kiritildi.

Bir qator davlatlar bilan eksport shartnomalari imzolandi

Qobul shahrida (Afg‘oniston) tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasida 22 ta eksportchi korxona ho‘l, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari bilan ishtirok etib umumiy qiymati 20 mln. dollarlik eksport oldi shartnomalari imzoladi.

“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi tashkil etilishi hisobiga Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston davlatiga meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 110,4 mln. dollarni tashkil etdi va 2023-yilning mos davriga nisbatan 5 marotaba (+88,1 mln dollar) ortdi.

Karantin agentligi tizimida Xalqaro talablarga muvofiq dukkakli mahsulotlar eksportida “Sprout” sertifikatlash tizimi joriy etilib, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Niderlandiyaga mosh mahsulotini 2,5 barobar qimmat, ya’ni tonnasiga 1 500 - 2 200 dollar narxda sotish imkoniyati yaratildi.

Xalqaro ekspertlar jalb qilinib, joylarga chiqqan holda meva-sabzavot yetishtiruvchilar va respublikaning 1 000 dan ortiq eksportchi, 9 ta logistika, 35 dan ortiq qadoqlash va qayta ishlash korxonalari, 155 dan ortiq yer egalariga eksport talablari o‘rgatildi.

Rossiyaning savdo tarmoqlari bilan muzokaralar natijasida yetkazib berilgan mahsulotga to‘lab berish muddatlari 60 kundan 15 kunga qisqartirildi.

Malayziyaning Selangor shtatidagi ilk marta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish maqsadida savdo missiyasi tashkil etildi va 21 ta eksportchi korxonalarning ishtiroki ta’minlandi.

Zararli chigirtkaga qarshi kimyoviy kurash olib borildi

1400 tonnadan ortiq va salkam 29,5 ming dona karantin ostidagi mahsulotlar qaytarildi, 2 700 tonnadan va 190 mingdan ortig‘i yo‘q qilindi.

810 ming gektarga yaqin maydonda tuproqning  konturbay agrokimyoviy elektron xaritanomalari tayyorlandi.

1 200 dan ortiq namunadan 47 ta holatda talabga javob bermaydigan mineral o‘g‘itlarni qo‘llashning oldi olindi.

Zararli chigirtkaga qarshi 504,6 ming gektar maydonda kimyoviy kurash choralari olib borildi.

Ijobiy yil yakuni faqatgina ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinganmi?

Manfaatli yil yakunlari va sarhisobga qaramay, yaqindagina O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi nazoratida Rossiyaning Nijniy-Novgorod viloyatiga yuborilgan 18,5 tonna pomidor mahsulotining jigarrang bujmayish virusi (ToBRFV) bilan kasallangani qayd etilib, viloyatga olib kirilishiga ruxsat berilmagan edi.

Bu bilan bir qatorda EastFruit” tahlilchilarining fikricha, yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston issiqxona sabzavotlarini sotishda katta muammolarga duch kelgan. Hozirda eng katta muammo issiqxona pomidorlarini sotish bilan bog‘liq bo‘lib, asosiy sabab — rossiyalik xaridorlarning to‘lov qobiliyatining pasayishi hisoblanadi. 


O‘zbekiston hozircha o‘z bozorida sotiladiganidan yuqori sifatli mahsulotlarni eksport qilishni afzal ko‘rgani sababli, eksport narxi ichki narxdan yuqori bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonlik eksportchilarning ta’kidlashicha, rublning qadrsizlanishi va Rossiya moliya bozoridagi umumiy beqarorlik ushbu mamlakatga issiqxona mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarining yomonlashishiga olib kelgan.

Bu kabi vaziyatlarga qaramasdan, agentlikning ijobiy sur’atda yil yakunini sarhisob qilganligi ziddiyatli tendensiyani hosil qilmoqda.