$
 12048.04
-51.14
 14062.47
-71.79
 153.28
-0.54
weather
+26
Кечаси   +14°

Putinning “qudratli davlat”i tugash arafasida

Putin

Rossiyaning so‘nggi yillardagi tashqi siyosati yirik geosiyosiy ambitsiyalar bilan yo‘g‘rilgan edi. Biroq Ukrainadagi urushning cho‘zilishi, xalqaro maydonda ta’sir doirasining qisqarishi va strategik ittifoqlarning beqarorlashuvi bu ambitsiyalarni tobora shubha ostiga qo‘ymoqda. Endi savol shundaki: bu strategiya hali ham ishlayaptimi yoki tarixiy burilish nuqtasiga kelib qolindimi?

Politico nashrining tahliliga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan Rossiyani yana global superqudrat darajasiga olib chiqish g‘oyasi – “buyuk qudratli davlat” loyihasi tobora murakkab to‘siqlarga duch kelmoqda. Ukrainadagi urush cho‘zilib ketgani, tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatsizliklar va ittifoqchilarning zaiflashuvi hatto Kremlga yaqin doiralarda ham “bir siyosiy bosqich yakuniga yetmoqda” degan qarashlarning kuchayishiga olib kelmoqda.

Rejalashtirilgan “tezkor g‘alaba” va cho‘zilgan urush

Tahlilda qayd etilishicha, Rossiya harbiy rahbariyati Ukrainaga qarshi bosqinni dastlab bir necha kun ichida yakunlashni mo‘ljallagan. Ammo urush kutilganidan keskin darajada cho‘zildi. Bugunga kelib, jangovar harakatlar davomiyligi sobiq Sovet Ittifoqi uchun Ulug‘ Vatan urushi 1418 kun davom etgan muddatdan ham oshib ketdi.

Shu vaqt mobaynida Rossiya Ukrainaning faqat ayrim hududlarini nazorat ostiga ola oldi. Yo‘qotishlar borasida esa turli baholar mavjud bo‘lib, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaradorlar soni 1,1 million kishiga yetgan. Urush oqibatlari mamlakat ichida ham sezilmoqda: joriy yil iyul oyida Belgorod oblastiga berilgan zarbalardan so‘ng yuz minglab aholi elektr ta’minotisiz qolgan.

Tashqi siyosatda yo‘qotilgan pozitsiyalar

Nashr tahliliga ko‘ra, Moskva xalqaro maydonda ham sezilarli chekinishlarga duch kelmoqda. 2024-yil oxirida Yaqin Sharqdagi asosiy tayanchlardan biri bo‘lgan Suriyada Bashar Asad rejimining qulashidan so‘ng Rossiyaning mintaqadagi ta’siri keskin susaydi.

Janubiy Amerikada ham Kreml o‘z imkoniyatlarining cheklanganini namoyon qildi: AQSH tomonidan Venesuelaning sobiq rahbari Nikolas Maduroga nisbatan ko‘rilgan choralarni to‘xtatib qolish imkoni bo‘lmadi. Bundan tashqari, ilk bor Rossiya bayrog‘i ostida harakatlangan neft tankeri AQSh tomonidan musodara qilindi.

Eron omili va majburiy ittifoqlar

Xavf ostida qolayotgan yana bir muhim sherik — Eron. Moskva va Tehron o‘rtasida 2024 yilda 20 yillik hamkorlik shartnomasi imzolangan bo‘lsa-da, mamlakat ichidagi ommaviy noroziliklar va AQSh prezidenti Donald Trampning keskin bayonotlari fonida Rossiya Eron rejimini faol qo‘llab-quvvatlash borasida sustlik qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Rossiyaning Eron va Venesuela bilan yaqinlashuvi avvaldan puxta ishlab chiqilgan strategik ittifoqdan ko‘ra, G‘arb bosimi ostida yuzaga kelgan majburiy siyosiy yaqinlashuv bo‘lgan.

Ichki tanqid va kelajakdagi xavflar

Nashr e’tibor qaratishicha, tanqidlar endilikda faqat tashqi kuzatuvchilargina emas, balki Rossiyaning o‘zida ham kuchaymoqda. Harbiy sharhlovchi Maksim Kalashnikov Rossiya ko‘proq “buyuk davlat” obrazini yaratishga urg‘u berganini, biroq bu maqomni real siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlar bilan mustahkamlay olmaganini ta’kidlagan.

Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, mavjud vaziyatda Kreml siyosiy murosadan ko‘ra kuch namoyishini davom ettirish, avvalo Ukrainadagi harbiy bosimni kuchaytirish yo‘lini tanlashi ehtimoli yuqori. Biroq bu strategiya Rossiyaning xalqaro maydondagi yakkalanishini chuqurlashtirishi va uning ta’sir doirasi yanada qisqarishiga olib kelishi xavfi saqlanib qolmoqda.

Теги :
Jamiyat
Siyosat