$
 12890.07
12.7
 13400.52
-101.4
 146.46
-1.71
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 2-martning eng muhim voqealari dayjesti

2-mart dayjesti

Malayziya Imom Buxoriy haqida badiiy film va serial suratga oladi

Malayziyaning “Aquila Emas” mediamarkazi Imom Buxoriy haqida ingliz tilida badiiy film va serial suratga olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya direktori Sharizan Isa O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi. Loyiha doirasida Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga oid ishonchli ma’lumotlarni to‘plash hamda mutaxassislar bilan kelishish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Aquila Emas” vakillari iyun oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.

Eron Oʻzbekistonga dron yetkazib beradi

Joriy yilning 23–27-fevral kunlari Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Ma’muriy-xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi direktori Sh. Sharifov boshchiligidagi delegatsiya Eronga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi. Xususan, Eron Qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (ATMAK) bilan qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va texnologik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha memorandum 

imzolandi. Shuningdek, “Sirang UAV” kompaniyasi bilan Oʻzbekistonga zamonaviy qishloq xoʻjaligi dronlarini yetkazib berish va texnik xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, “Bazargan Kala Co.”, Milliy markaz (AKIS) va “Ma’muriy-xo‘jalik xizmati” oʻrtasida Nutritech brendi ostida ishlab chiqarilgan 40 turdagi oʻgʻit va pestitsidlarni Oʻzbekistonda sinovdan oʻtkazish va bosqichma-bosqich mahalliylashtirish boʻyicha shartnoma imzolandi.

O‘zbekistonning Maltadagi birinchi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Maltadagi birinchi elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rim shahrida joylashgan) ushbu mamlakat prezidenti Miriam Spiteri Debonoga ishonch yorliqlarini topshirdi. Tantanali tadbirdan so‘ng bo‘lib o‘tgan qisqacha muloqot chog‘ida Malta va O‘zbekiston geografik jihatdan bir-biridan olisda joylashgan bo‘lsa-da, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etilgan. Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, BMT va YeXHT doirasidagi o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir yil ichida ikki tomonlama munosabatlarda yangi dinamika kuzatilgan. Xususan, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari 2024-yil sentyabr oyida Nyu York shahrida BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi doirasida ilk bor samarali uchrashuv o‘tkazgan.

Talabalar yotoqxonasi Yevropa standartlariga javob berishi taminlanadi

2025-yilda O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarining 30 mingdan ortiq talabasi zamonaviy yotoqxonalarga joylashadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov prezident bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi. “Respublikamizda bugungi kunda talabalarning 50 foizdan ortig‘i yotoqxona yo‘qligi sabab ijarada turyapti. Prezidentimiz ularni yaqin yillarda zamonaviy xizmat ko‘rsatadigan yotoqxonalar bilan ta’minlash vazifasini qo‘ydi”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida. So‘nggi uch yilda mazkur yo‘nalishda 57 ta loyiha amalga oshirilib, 30 mingdan ortiq talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurildi va ta’mirlandi. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlikda 9336 o‘rinli sakkizta zamonaviy yotoqxona qurish rejalashtirilmoqda. “Prezidentimiz yotoqxonalar Yevropa standartlariga javob berishi, ularda barcha qulayliklar, qo‘shimcha xizmatlar, kechayu kunduz bilim olish imkonini beradigan tizim bo‘lishi kerakligiga alohida urg‘u berdi”, — dedi Kongratbay Sharipov. Vazir yotoqxonalarni to‘liq “yashil” energiya ta’minotiga o‘tkazish ko‘zlanganini bildirdi.

Теги :
Jamiyat