$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

2025-yil 11-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

11-fevral dayjesti

2025-yildan shifokor qabuliga navbat to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi

2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga muvofiq, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning samarali tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyati markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yo‘lga qo‘yiladi. Markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish, shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, shuningdek, davlat tomonidan sanitariya-gigiyena normalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilgan holda stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish — boshqa choralar qatorida.

Prezident xalqaro ekspertlarni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni Xalqaro maslahat kengashi ekspertlari Alfred Guzenbauer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyuleni qabul qildi.

Qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonda islohotlar strategiyasini amalga oshirishga ekspertlik ko‘magini ko‘rsatish hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish maqsadida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va joriy etish, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoq va sohalarini modernizatsiya qilishga texnologiyalar va investisiyalarni jalb etish borasida amaliy hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi. Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” sammitiga tayyorgarlik doirasida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Vengriya va O‘zbekiston olimlari yangi dori vositasini ishlab chiqmoqda

Vengriyaning “Daily News Hungary” nashri O‘zbekiston va Vengriya olimlari shirin shuvoq asosida yangi dori vositasi ishlab chiqish ustida izlanishlar olib borayotganini e’lon qildi.

Debresen universiteti va Toshkent farmasevtika instituti hamkorligida o‘tayotgan ilmiy loyiha doirasida o‘simlikdagi faol moddalar o‘rganilib, ularning samaradorligi sinovdan o‘tkazilmoqda. Tadqiqot jarayoniga Vengriyaning “Meditop Pharmaceutical Ltd.” farmasevtika kompaniyasi ham jalb etilgan.

Farmatsevtika fakulteti dekani Ildiko Backay loyiha muvaffaqiyatli davom etayotganini qayd etib, O‘zbekistonda ham sanoat parki tashkil etilishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, bakteriofaglar asosidagi dori vositalarini ishlab chiqish ham rejaga kiritilgan.

Samarqand va Konya birodar shaharlar maqomini oldi

Samarqand va Turkiyaning Konya shahri o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida birodar shaharlar maqomiga ega bo‘ldi. Bu haqda Konya shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida rasmiy protokol imzolandi.

10-fevral kuni Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi prezidenti, Konya meri Ibrohim Altay va Samarqand hokimi Fazliddin Umarov birodarlik maqomi doirasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Protokolga ko‘ra, tomonlar iqtisodiy hamkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati va sport, energetika va transport yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi.

Shuningdek, investorlar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.

Konya – Turkiyaning yirik sanoat va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib, bu yerda turizm, ilm-fan va texnologiyalar tez rivojlanmoqda. Shahar o‘zining universitetlari, tadqiqot markazlari va IT-sektoriga oid yutuqlari bilan tanilgan.

Теги :
Jamiyat