$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

2025-yil 9-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

9-yanvar dayjesti

Sijjak dam olish maskani Kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufiga o‘tkazildi

“Sijjak” dam olish maskani O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi dam olish zonalari va bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2024-yil 27-dekabrda qabul qilingan qarorda belgilab qo‘yilgan.

Ushbu dam olish maskani Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Sijjak mavzesidagi “Sarbog‘” mahallasida joylashgan va birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnoraga tegishli edi. Maskan 2017 yilning 10 fevralida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi ajrimi bilan musodara etilgan. Dastlab u O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga vaqtinchalik foydalanishga berildi. So‘ngra auksion orqali sotuvga qo‘yildi.

5,38 gektar hududni egallagan va 70 milliard so‘mga baholangan obekt 2021-2022-yillarda bir necha bor sotuvga qo‘yilgan.

2023-yil 14-iyundagi prezident farmoniga ko‘ra, “Sijjak” dam olish maskani xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarilib, 124-maktab-internatning balansida saqlanayotgan edi.

Kanallarga ifloslantiruvchi moddalar tashlanishi ustidan nazorat kuchaytiriladi

Prezidentning “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

2025-yilda tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida:

— 1 ming kilometr kanallarni beton qoplamaga o‘tkazib, suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 1,6 million gektarga yetkazish hisobiga yiliga qo‘shimcha 2,5 milliard metr kub suvni tejashga erishilishi;

— nasos stansiyalarida eskirgan nasos va elektr dvigatellarni zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, suv resurslari hisobini takomillashtirish orqali nasos stansiyalarining elektr energiya iste’moli 300 mln. kVtgacha kamaytirilishi;

— irrigatsiya va melioratsiya tizimlari obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali 390 ming gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanishi;

— sarflanayotgan suvning hisobi va hisoboti to‘liq yuritilishini ta’minlash maqsadida magistral kanallar va muhim suv obektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimi joriy etilishi;

— 1,8 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini, 77 ta ichimlik va oqova suv inshootlari qurilishi hamda rekonstruksiya qilinishi;

— ichimlik suv tizimida ma’nan eskirgan 746 ta nasos uskunalari energiya tejamkorlariga almashtirilishi, hududlarda 65,2 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi, suv inshootlari va magistral suv tarmoqlariga 955 ta zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi;

— barcha ichimlik suv ta’minoti korxonalarida sifat monitoringini yuritish va ma’lumotlarni boshqarish markazlari yaratilishi;

daryolar, ko‘llar va kanallarga turli ifloslantiruvchi moddalarning tashlanishi ustidan nazorat kuchaytirilishi ta’minlanadi.

Turistik klasterlarni tashkil etish tartibi belgilandi

Hukumatning 30-dekabrdagi qarori bilan turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali.

Hujjatga ko‘ra, turistik klaster maqomi kompleks turistik xizmatlar hamda turistning va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur bo‘lgan boshqa qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatuvchi mustaqil tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar majmuiga beriladi.

Turistik klasterlar belgilangan tartibda turistik klaster maqomi to‘g‘risidagi guvohnomani olgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.

Turizm qo‘mitasi turistik klaster maqomini berish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Ushbu maqomni olish uchun elektron shaklda yoki pochta orqali belgilangan shakldagi ariza bilan vakolatli organga murojaat qilishi kerak.

Turistik klasterlarni tashkil etish va turistik klaster maqomini olish uchun tadbirkorlik subyektlari bir qator talablarga javob berishi lozim. Jumladan, turistik klaster faoliyati turoperator — mehmonxona — transport xizmatlarini ko‘rsatish bilan to‘liq qamrab olinishi, hududda sig‘imi kamida 40 nafar mehmon uchun mo‘ljallangan joylashtirish vositasi mavjud bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, turistik klaster hududida mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini (esdalik sovg‘alari) sotish shohobchalari (kamida bitta savdo nuqtasi) bo‘lishi talab qilinadi.

O‘zbekiston shaharlaridan qo‘shni mamlakatlarga yangi avtobus qatnovlari joriy etiladi

Xalqaro tashuvlarda avtobus qatnovlari ulushini oshirish maqsadida O‘zbekistonning turli shaharlaridan qo‘shni davlatlarga yangi avtobus qatnovlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Yangi xalqaro yo‘nalishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Qozog‘istonga

Buxoro — Turkiston;

Urganch — Aktau;

Farg‘ona — Olmaota (Tojikiston orqali).

Tojikistonga

Samarqand — Dushanbe;

Buxoro — Dushanbe.

Qirg‘izistonga

Andijon — O‘sh;

Andijon — Jalolobod;

Andijon — Arslanbob;

Kosonsoy — Jalolobod;

Buxoro — Bishkek.

Rossiyaga

Surxondaryo — Buxoro — Urganch — Nukus — Moskva;

Urganch — Nukus — Ufa;

Nukus — Krasnodar;

Toshkent — Ufa;

Toshkent — Krasnodar.

Xitoyga

Nukus — Urganch — Buxoro — Urumchi.

Vazirlik muntazam xalqaro yo‘nalishlarda avtobus tashuvlarini amalga oshirish istagidagi tashuvchilar shu yo‘nalishlarda paritet qatnovlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan xorijiy tashuvchilarni jalb qilgan holda murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.

Теги :
Jamiyat