$
 12848.38
27.91
 13512.64
42.17
 120.07
-2.19
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 28-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

28.11.

Samarqanddagi sessiyada Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi

Samarqand shahrida 28-noyabr kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash, aholining ijtimoiy sharoitlarini yuksaltirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlariga asosan Erkinjon Oqbutayevich Turdimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. 

Hisob palatasi raisi lavozimida ishlab kelgan Adiz Muzafarovich Boboyev Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Prezidentga ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi

Oxirgi besh yilda diniy-ma’rifiy sohaga oid 3 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va ko‘plab qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilishda ularning ijrosi din vakillariga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Xususan, yurtimiz musulmonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida 100 dan ortiq masjid barpo etildi, 555 tasi ta’mirlandi. Diniy tashkilotlar uchun bino qurilishiga yer ajratish tartibi joriy qilindi.

Haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirildi. Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajardi. Umra safarlarini tashkil qilish qonuniy tartibga solindi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy-tadqiqotlarga zamin bo‘lmoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlanayapti. Shuningdek, 30 ming fuqaro “Qur’oni karim va tajvid” kurslarini tamomladi.

Yangihayot hokimi “Sputnik”dagi yog‘och uylar qachon buzilishi va aholi qayerga ko‘chirilishiga aniqlik kiritdi

Bugun Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov ishtirokidagi matbuot anjumanida shu savollarga javob berildi.

Yog‘och uylarimizni ko‘chirish haqida ikki yil oldin ham aytib o‘tgandik. Nima qilamiz, nima qo‘yamiz, deb o‘yladik. Ko‘p kvartiralarimiz yaroqsiz holatga keldi, ma’naviy eskirdi. Bu uylarimiz 1966-yilda Toshkentda sodir bo‘lgan zilziladan keyin vaqtincha besh yil muddatga quruvchilar uchun qurilgan uylar bo‘lgan. Hozir bu uylarga 60 yil bo‘ldi. Ishga kelganimizdan beri qanday qilamiz, nima qilamiz, deb o‘ylaymiz. O‘rniga quramizmi yoki boshqa quramizmi, deb ham o‘yladik. Oxiri Toshkent shahar hokimi prezidentimiz Shavkat Miromonovich bilan maslahatlashib, hurmatli prezidentimizga aytdik. Ya’ni investor 4300 ta kvartiramizni ko‘chirib, o‘rniga 1,5 trillionga uy qurib berishiga to‘xtaldik. Shunaqa bo‘ldiki, yog‘och uylardagi fuqarolarimizni avval ko‘chirib, ularni yangi uylar bilan ta’minlab, o‘rnida hech qanday qurilish qilmay, 60 yillik daraxtlarimizni saqlab qolib, bog‘ qiladigan bo‘ldik, dedi tuman hokimi. 

Bekorga 80 gektar yerni shunday tashlab qo‘yamizmi, degan fikr ham paydo bo‘ldi. O‘ylab ko‘rsak, yangi dom qurish uchun kotlovan qazish kerak. Bu yerdan suv chiqib ketadi. Kovlaydigan bo‘lsak, daraxt ildizlari bor, ildiziga tegsak, daraxt quriydi. Shuning uchun bu yerda umuman qurilish qilmasdan park qilishga qaror qildik, deydi hokim vaziyatga izoh berar ekan. Hokimning ta’kidlashicha, yog‘och uylarda yashovchilar uchun 24 gektar maydonga ega yangi manzilda ko‘p qavatli uylar qurilib, 2-3 yilda bitkaziladi va 4300 ta kvartira egalari o‘sha yerga ko‘chiriladi. 

Yangi uylarimiz 24 gektar maydonda qurila boshlandi. 16 qavatli uylar qurib bitkazilishi bilan yog‘och uylardagi aholi 2-3 yilda bosqichma-bosqich o‘sha yerga ko‘chiriladi, dedi tuman rahbari.

O‘zbekistonda tibbiyot sohasini transformatsiya qilishga turkiyalik mutaxassislar jalb etildi

O‘zbekistonda tibbiyot sohasini transformatsiya qilishda turkiyalik mutaxassislar yaqindan ko‘mak beradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Hozir O‘zbekiston tibbiyotida keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari davom etmoqda. Prezidentimiz bu borada sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari oldiga tegishli vazifalarni qo‘ygan. Xususan, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini jahon standartlari darajasiga olib chiqish — eng asosiy talablardan biri. Buning uchun esa, birinchi navbatda, xalqaro tajribani chuqur o‘rganish va amaliyotga samarali tatbiq etish talab etiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, shu ehtiyojdan kelib chiqib, hukumat qaroriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan turkiyalik mutaxassislar guruhi jalb etildi. Hozir xorijlik ekspertlar O‘zbekistonlik vakillari bilan hamkorlikda barcha bo‘g‘indagi tibbiyot muassasalarida o‘rganishlar olib bormoqda. Shu maqsadda tuzilgan ishchi guruhlar tasdiqlangan reja asosida hududlarda bo‘lyapti.

Turkiyalik mutaxassislar yettita yo‘nalish bo‘yicha ish olib bormoqda:

birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish,

tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tizimni raqamlashtirish,

shifoxonalarda tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish,

tibbiy xizmatlarni rejalashtirish,

farmatsevtikani rivojlantirish va dori vositalari ta’minoti,

tibbiy asbob-uskunalar samaradorligini oshirish,

shoshilinch va tez tibbiy yordamni rivojlantirish.

Turkiyadan taklif etilgan mutaxassislar soni ham yetti nafar. Ular yuqoridagi yettita yo‘nalish bo‘yicha katta xalqaro tajriba va malakaga ega ekspertlar. Har biri tegishli yo‘nalish bo‘yicha mas’ul etib belgilangan.

Теги :
Jamiyat