$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 25-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

O‘zbekiston Namunalar bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi

11-22-noyabr kunlari Ar-Riyoz shahrida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) tomonidan tashkil etilgan diplomatik konferensiyada Namunalar bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi shartnoma (Design Law Treaty) loyihasi ko‘rib chiqildi va O‘zbekiston tomonidan imzolandi.

Mamlakatimiz nomidan mazkur xalqaro shartnomani O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov imzoladi.

Konferensiyada BIMTga a’zo 193 ta mamlakat ishtirok etdi. Ushbu xalqaro shartnoma Gaaga bitimining Jeneva akti bilan tartibga solinmagan protsessual qoidalarni o‘z ichiga olib, uning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, Namunalar bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilish milliy sanoat namunalarini chet el davlatlarida ro‘yxatdan o‘tkazishni osonlashtiradi. Shuningdek, sanoat namunasini ro‘yxatga olish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish imkoniyati vujudga keladi.

O‘zbekistonning doimiy vakili IHT rahbariga ishonch yorlig‘ini topshirdi

Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi UNA-OIC ma’lum qilishicha, Bosh kotib Husayn Ibrohim Toha mamlakatimizning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turg‘unovni o‘z idorasida qabul qildi. Diplomatimiz O‘zbekistonning tuzilmadagi doimiy vakili sifatida unga ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Tomonlar yaqin hamkorlikning joriy holatini alohida ta’kidlab, turli sohalardagi aloqalarni faollashtirish istiqbolini muhokama qildilar.

“Gender zo‘ravonlikning tarqalishi bo‘yicha milliy tadqiqot” o‘tkaziladi

Bugun, 25-noyabr kuni Toshkent shahrida “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik” tadbirlar doirasida xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik muammosiga e’tibor qaratish hamda ularning oldini olish bo‘yicha milliy darajadagi faol harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.

“O‘zbekiston ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashning muhim bosqichida turibdi. Respublikamiz Prezidenti tomonidan tashabbus qilingan islohotlarni amaliy va inklyuziv yechimlar bilan birlashtirish orqali barqaror o‘zgarishlarga erishamiz”, - deya ta’kidladi.

Ishtirokchilar tomonidan gender zo‘ravonlikning ijtimoiy oqibatlari, uni oldini olishga qaratilgan milliy va xalqaro tajribalar hamda qonunchilik doirasidagi istiqbollar va erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Shuningdek IHMA huzuridagi Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti hamda UNFPA tomonidan “Gender zo‘ravonlikning tarqalishi bo‘yicha milliy tadqiqot” o‘tkazilishiga start berildi.

Tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan hamda Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida tashkil etildi.

JSST maymun chechagiga qarshi ikkinchi vaksinani tasdiqladi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maymun chechagi (mpox) virusiga qarshi yaratilgan ikkinchi vaksinani tasdiqladi. Uni bolalarda ham qo‘llash mumkin. Ushu vaksina Yaponiyaning “KM Biologics” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, “LC16m8” deb nomlanadi.

Yangi vaksinaning avvalgi turdoshidan farqli jihati bor, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida. Qayd etilishicha, shu yil sentyabr oyida foydalanish uchun ruxsat etilgan Daniyaning “Bavarian Nordic A/S” kompaniyasiga tegishli “MVA-BN” nomli ilk emlash preparati 18 yoshdan oshganlarda qo‘llashga mo‘ljallangan edi.

Yaponiyada ishlab chiqarilgan yangi vaksinani esa nafaqat kattalar, balki bir yoshdan oshgan bolalar ham favqulodda holatlarda qabul qilishi mumkin.

JSST bayonotida aytilishicha, Yaponiya hukumati maymun chechagi epidemiyasi avj olgan Kongo Demokratik Respublikasiga ushbu vaksinadan 3 million dozasini beg‘araz yordam sifatida yetkazib berishga qaror qilgan.