$
 12844.00
18.99
 13550.42
-1.77
 128.30
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 20-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

20.11.

Qayta ishlanishiga oid ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlarning ro‘yxati va ularning belgilari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Xususan, mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatda ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilar tomonidan plastmassalar, qog‘ozlar, metallar, yog‘och va yog‘och materiallari, to‘qimachilik, shishalar, kompozit materiallar, batareya va akkumulyatorlar uchun qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan belgilar ko‘rsatib o‘tilgan.

Ta’kidlash lozimki, yuqoridagi idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bildirilgan takliflar asosida ushbu hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sakkiz oydan keyin kuchga kirishi belgilandi.

Rossiya bilan temir yo‘l infratuzilmasini qurish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Moskva shahrida “Transport haftaligi – 2024” tadbiri o‘z faoliyatini boshladi. Rossiya Federatsiyasi Transport vazirligi tomonidan 17-marotaba tashkil etilgan tadbir doirasida “Transport-2024” forumi va ko‘rgazmasi ham o‘tkazilmoqda.

“Transport haftaligi – 2024” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Rossiya Federatsiyasi transport vaziri Roman Starovoyt o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikda temir yo‘l infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanish masalalarini muhokama qilishdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma’lumotida.

Uchrashuv yakunida vazirliklar o‘rtasida temir yo‘l infratuzilmasini qurish bo‘yicha hamkorlikni tashkil etish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.  

2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Prezidentimiz so‘zining davomida bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotganini qayd etdi.  

Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.  

Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etildi.  

Shuningdek, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda. El-yurtimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha o‘rganib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida Prezidentimiz 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Yig‘ilganlar ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.  

Ikki klasterdan fermerlar foydasiga 7,1 milliard so‘m undirildi

Surxondaryo viloyat davlat soliq va MIB viloyat boshqarmalari joylarda sud hamda boshqa organlar hujjatlari asosida o‘z vaqtida to‘lanmagan soliq qarzdorliklarini undirish choralarini ko‘rmoqda.

Majburiy ijro byurosi Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limlari ish yurituvidagi ijro hujjatlari asosida ikki tumanda 76 ta fermer xo‘jaligining soliq va boshqa qarzdorliklarini undirish yuzasidan tegishli harakatlar amalga oshirildi. Bu jarayonda fermer xo‘jaliklari topshirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun klasterlar mablag‘ni to‘lab bermagani aniqlandi. Masalan, jarqo‘rg‘onlik fermerlar tumandagi “Surxon teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga shartnoma asosida g‘alla va paxta xom ashyosini topshirgan bo‘lsa-da, ularning haqi o‘z vaqtida to‘lab berilmagan. Qumqo‘rg‘on tumanida ham shunday holatga yo‘l qo‘yilgan.  

MIB Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limlarining davlat ijrochilari olib borgan majburiy ijro harakatlari chog‘ida klasterlar hisobidan 7 milliard 171 million so‘m undirilib, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 39 ta, Jarqo‘rg‘ondagi 37 ta fermer xo‘jaligining soliq va boshqa qarzdorliklari uchun yo‘naltirildi.