$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

Portlashdan soʻng Farg‘onadagi barcha “zapravka”lar xavfsizligi qayta koʻrib chiqiladi

Farg

2024-yil 17-dekabr kuni Fargʻona shahridagi “Yangiyo‘l” mahallasida joylashgan yonilgʻi quyish shoxobchasida yuz bergan portlash va yongʻin, nafaqat inson yoʻqotishlariga sabab boʻldi, balki yonilgʻi quyish shoxobchalari xavfsizligini qayta koʻrib chiqish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ushbu fojia ortidan viloyat bo‘ylab keng ko‘lamli xavfsizlik choralari amalga oshirilishi belgilandi.

Viloyatdagi barcha zapravkalar oʻrganib chiqiladi

Viloyat hokimi tomonidan qabul qilingan tegishli farmoyishga binoan, Fargʻona viloyatidagi barcha yonilgʻi quyish shoxobchalarining (AYQS, AGQS, AGTKS) faoliyati sinchiklab oʻrganiladi. Ushbu tekshiruvlar asosan quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oladi:

1. Sanoat va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish: Bunda yongʻindan himoya tizimlarining mavjudligi va ishlash holati; yonilgʻi quyish jarayonlarida texnika xavfsizligi talablariga amal qilinishi tekshiriladi.

2. Yonilgʻi saqlash rezervuarlarining holati: Rezervuarlarning texnik koʻrigidan oʻtkaziladi, zarar koʻrgan yoki eskirgan sigʻimlarning almashtiriladi.

3. Ekologik xavfsizlik meʼyorlariga muvofiqligi: Yonilgʻi quyish va saqlash jarayonlarida atrof-muhitga zarar yetkazmaslik choralari ko‘rib chiqiladi.

Tekshiruvlar davomida masʼul tashkilotlar shoxobchalarning moliyaviy ishlariga aralashmaydi va ular odatdagi ish rejimida faoliyat yuritaveradi.

Ishchi guruh tashkil etildi

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, bu jarayonni nazorat qilish uchun “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning Fargʻona hududiy boʻlimi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminoti filiali va boshqa masʼul tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Mazkur ishchi guruh quyidagi vazifalarni bajaradi:

 • Har bir yonilgʻi quyish shoxobchasi boʻyicha individual oʻrganishlar oʻtkazadi;

 • Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tavsiyalar beradi;

 • Texnik va xavfsizlik qoidalarini buzgan korxonalar boʻyicha qonuniy choralar koʻradi.

Viloyatdagi barcha yonilgʻi quyish shoxobchalari va gaz toʻldirish stansiyalarida ishlovchi xodimlar uchun majburiy oʻquv dasturlari joriy etildi. Ushbu dasturlar viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qoshidagi oʻquv markazida tashkil qilinadi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

 • Yongʻin xavfsizligi qoidalari boʻyicha nazariy va amaliy bilimlar;

 • Yongʻin va portlash holatlarida favqulodda vaziyatlarda harakat qilish koʻnikmalari;

 • Sanoat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro va milliy talablar.

Mazkur oʻquv dasturlar ishchilarni xavfsizlik choralariga yanada masʼuliyat bilan yondashishga oʻrgatadi.

O‘zi nima bo‘lgandi?

17-dekabr kuni Farg‘ona shahri markazidagi Petrolium avtomobillarga propan va benzin quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi. Holat 5 metr kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqqani, oqibatda gaz moddasi tashqariga sizib chiqqani ortidan ro‘y bergan.

Yong‘in oqibatida dastlab bir nafar fuqaro vafot etgani, to‘rt nafar fuqaro tan jarohati olgan, sakkiz nafar fuqaro tibbiyot xodimlari nazoratida ekani ma’lum qilindi. Keyinroq yana 3 kishi shifoxonada vafot etdi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi doirasida 5 kishi qamoqqa olindi.

Yana qancha insonlar portlovchi dinamit ustida yashayapti?

Asli farg‘onalik bolalar shifokori va jamoat faoli Muazzam Ibrohimova ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozadi:

“Farg‘onada portlagan yonilg‘i quyish shoxobchasi atrofida uylar, bolalar bog‘chasi, oshxona va qahvaxona bor. Bu kabi noqonuniy faoliyatga pora berish orqali ruxsat berilgani juda achinarli. Yana qancha insonlar portlovchi dinamit ustida yashayapti?”

U ushbu fojianing oldini olish imkoni bo‘lgani, ammo tegishli choralar o‘z vaqtida ko‘rilmagani haqida achinch bildirib, barcha xavfli shoxobchalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Теги :
Jamiyat