Qurilishlar ortishi oqibatida chang xalqaro normadan 10 barobar oshib ketdi
O‘zbekistonda oxirgi ikki yilda yurak va qon-tomir kasalligi 13 foizga, nafas yo‘llari kasalliklari (astma, bronxit) esa 9 foizga ko‘paygan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bugungi kunda qurilish va urbanizatsiya ko‘lamining kengayishi, qurilish obyektlari maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko‘tarilishi holatlari atmosfera havosining yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Xalqaro normadan 10 barobar yuqori
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda qurilishlar sonining ortishidan paydo bo‘layotgan chang xalqaro normadan 10 barobar yuqori bo‘lyapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga o‘rtacha 50 tonna chang ko‘tariladi. Biroq qonunchilikda bunday harakatlar uchun aniq javobgarlik belgilanmagan.
Avvalroq, qurilishlarda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgani haqida xabar bergan edik.
Qurilishlarni nazorat qilish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasi
Bugun mazkur loyiha quyi palatadagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash taklif etilmoqda.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ekologik vaziyatni yaxshilashga, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga, qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirishga, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish borasidagi konstitutsiyaviy huquqlari hamda salomatliklari ta’minlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Havo ifloslanishi natijasida nafas yo‘llari kasalliklari ko‘paygan
Ta’kidlanishicha, yurtimizda oxirgi ikki yilda yurak va qon-tomir kasalligi 13 foizga, nafas yo‘llari kasalliklari (astma, bronxit) esa 9 foizga ko‘paygan. Shunday ekan, ushbu loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar hayotiy ahamiyatga molikdir.
Shuningdek, yig‘ilishda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda muhokama qilinib, bir qator taklif va tavsiyalar berildi.



