Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +10°

Endi qurilishlarda atmosfera talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanadi

So‘nggi paytlarda qurilish maydonlarining kengayib borayotgani natijasida yashil hududlar qisqarmoqda, atrof-muhit ifloslanishi yuzaga kelmoqda. Deputatlar tomonidan buning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

1 daqiqa o‘qiladi

qurilish uy city

So‘nggi paytlarda atmosfera havosi ifloslanishi, ayniqsa, poytaxtimizda bu muammoning avj olib borayotgani keng muhokamalarga, jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Atmosferaning ifloslanishiga turli omillar sabab bo‘layotganini ko‘rib, guvohi bo‘lyapmiz. Ana shunday omillardan biri qurilishlar ekani sir emas. Ya’ni qurilish maydonlarining kengayib borayotgani natijasida yashil hududlar qisqarmoqda, atrof-muhit ifloslanishi yuzaga kelmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasi

Ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. Ayni kunlarda ushbu loyiha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.  

Qonun loyihasiga ko‘ra, qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash taklif etilmoqda.  

Jarima qanday boʻladi? 

Ushbu harakatni sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida, huquqbuzarlik jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima belgilash taklif etilmoqda.  

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolari qonun loyihasidagi normalarni muhokama qilib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi. Taklif etilayotgan normalar qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini, javobgarligini oshirishga xizmat qilib, atrof-muhitga zararli ta’sirlarni kamaytiradi.