$
 12931.94
-8.17
 14107.45
51.9
 150.18
4.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Ommaga ta’sir o‘tkazishning yangi bosqichi: Podkastlar davri

Podkast

Ijtimoiy medianing o‘zbek segmentida podkast janri paydo bo‘lganidan buyon ko‘plab taniqli shaxslar, biznesmenlar va yirik brend egalari o‘zining auditoriyasi bilan yanada yaqinlashish va uni yanada kengaytirish maqsadida, ular uchun yana ham ko‘proq qiziqarli ma’lumotlarni muhokama qilish g‘oyasi bilan audio va video formatdagi podkastlarni tashkil qilishdi. Yana kimlardir tayyor tashkil etilgan podkastlarda o‘z chiqishlarini qilib kelmoqda. Ha, bu auditoriya ishonchini yanada mustahkamlash va ommaga ta’sir o‘tkazishining yangi usuli. Bu ijtimoiy mediadagi yangi davr — podkastlar davri.

Podkast o‘zi nima?

Podkast – bu audio yoki video formatdagi dastur bo‘lib, u radio eshittirishlarga o‘xshab ketadi, ammo podkastlarni ayni bir vaqtda emas, istalgan paytda tinglash mumkin. Podkast so‘zi “iPod” va “broadcast” (eshittirish) so‘zlarining qo‘shilishi orqali kelib chiqqan. Podkastlar asosan muayyan bir mavzu yuzasidan bo‘ladi. Har bir podkast umumiy nom ostida yangi epizod sifatida seriyali shaklda e’lon qilinadi. Ular turli platformalar orqali tarqatiladi. Masalan, Spotify, Apple Podcasts, Google Podcasts, YouTube kabi platformalar bu borada yetakchi. Tinglovchilarda podkastlarni yuklab olish va oflayn rejimda tinglash imkoni mavjud. 

Podkastlar tarixi

Podkastlar tarixi 2001-yilda Apple birinchi iPodni bozorga chiqargan paytiga borib taqaladi. Ushbu kashfiyot keng ommada yangi audio muhitni shakllanishiga juda katta hissa qo‘shdi. Uch yildan so‘ng, 2004-yilda dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari iPodder deb nomlangan dastur yordamida radio eshittirishlarni yuklab olish va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklash yo‘lini topishadi. 2004-yil oktyabrida birinchi podkast xizmati provayderi Libsyn.com bozorga chiqarildi. Ixtiro ancha avval paydo bo‘lishiga qaramay, podkast sanoati uchun jiddiy o‘zgarish 2019-yilda sodir bo‘ladi. Shu vaqtga kelib 165 million kishi podkastlar tinglovchisiga aylangan edi. Podkast sanoatining avvalida birinchi podkasterlar asosan havaskorlar bo‘lgan. U orqali jurnalistlar, komiklar, taniqli shaxslar va radio prodyuserlar o‘z tomoshabinlari sonini kengaytirishgan. 

Podkastlarning ommalashish sabablari

Podkastlar tinglovchi uchun qulayligi bilan qolgan formatlardan ajralib turadi. Uni har qanday vaqtda va joyda eshitish mumkin. Odamlar kundalik ishlarini bajarish bilan bir vaqtda, shuningdek, jamoat transportida ham uni tinglashi mumkin. Podkastlarni ishga ketayotganda, sport zalda, oshxonada ovqat tayyorlashda yoki uy tozalayotganda ham tinglash mumkin. Unda videolardan farqli ravishda, ekranga qarash shart emas – bu esa vaqtni samarali sarflashga yordam beradi. Yana bir sabab, odamlar ko‘zlarini ekrandan himoya qilish uchun videolarga qaraganda audioga ko‘proq ahamiyat berishmoqda. Shuning uchun podkastlar vizual kontentga qaraganda insonlar uchun qulayroq. Podkastlarda jonli va samimiy suhbatlar bo‘lgani uchun odamlar bevosita qatnashuvchilarning fikrlarini eshitishadi. Video bloglar yoki maqolalarga nisbatan podkastlarda tashqi ko‘rinish va format emas, balki mazmun muhim bo‘ladi. Ovozli kontent insonga juda katta ta’sir o‘tkazadi. Suhbatlashuvchi ovozining intonatsiyasi, ehtiroslari va hissiy tarzda gapirish uslubi tinglovchini mazmunga chuqurroq sho‘ng‘itishga yordam beradi. Bundan tashqari, vizual charchoqni kamaytiradi. Hozirgi kunda odamlar har kuni bir necha soat ekraniga qarashadi. Bu ko‘zlarni charchatadi va stress keltirib chiqaradi. Podkastlarni eshitish orqali ekrandan uzoqlashish va baribir qiziqarli kontentdan bahramand bo‘lish mumkin.

Podkast turlari

Podkastlarning ham boshqa media yo‘nalishlar kabi bir qancha turlari mavjud. Intervyu podkastlar – suhbatning bu turi bir yoki bir nechta mehmon bilan suhbat asosida tashkil qilinadi. Monolog podkastlar – bu podkast turi o‘zbek segmentida hali tarqab ulgurmagan kamyob yo‘nalishlardan biri hisoblandi. Unda bir kishi ma’lum mavzuda gapiradi. Hikoyaviy podkastlar – voqealar asosida hikoya qilingan audio format bo‘lib, unda ma’lum bir tarixiy jarayon atrofida sodir bo‘lgan qiziqarli ishlar yuzasidan suhbat olib boriladi. Mutaxassislik podkastlari – ma’lum bir sohadagi bilimlarni ommaga sodda tilda yetkazish, uni ayni shu sohada yetarlicha bilimga ega bo‘lmagan inson bilan muhokama qilish orqali amalga oshiriladi. Yumor va ko‘ngilochar podkastlar – hazil va shov-shuvli mavzularni o‘zida qamrab oladi, unga tashrif buyuruvchi mehmonlar ham asosan shou-biznes vakillari va yumoristlar bo‘lishadi.

Podkastlarning asosiy mafkurasi

Podkastlarning asosiy mafkurasi masalasiga O‘zbekiston miqyosida yondashsak, suhbatlar asosan ko‘ngilochar, ilmiy va shaxsning tajriba tarixiga oid muhokamalar atrofida qurilmoqda. O‘zbekistonda sport, siyosat, tarix, biznes, iqtisod va shu kabi turli mavzularga oid podkastlar mavjud. Ularda fikr egalari tinglovchilar bilan o‘z bilim va ko‘nikmalari, shuningdek, bosib o‘tgan yo‘lida sodir bo‘lgan ko‘plab qiziqarli voqealarni bo‘lishishadi. 

Audio formatdan videoga ko‘chish

Podkastlar ommalashib borishi bilan ijodkorlar o‘z auditoriyasi va kontentlar soni ortishi uchun yangi usullarni izlay boshlashdi. Buning natijasida YouTube podkastlari paydo bo‘ldi. YouTube — kuniga millionlab tashrif buyuruvchilarga ega bo‘lgan dominant video platforma hisoblanadi. Bundan tashqari, YouTube Netflix, Spotify yoki Apple podcastslariga qaraganda kattaroq auditoriyaga ega.

Ilmiy podkastlar

Ayni dam O‘zbekistonda ilmiy yo‘nalishga doir bir qancha podkastlar mavjud. “Uzbekonomics”, “Qurultoy” hamda “Sigma” podkastlari ular ichida ommaga tanilib ulgurganlari hisoblanadi. Masalan “Uzbekonomics” podkastida Texas universiteti professori Botir Qobilov va Nyu York universiteti professori Behzod Hoshimov iqtisodiy mavzularga oid suhbat olib boradi. “Sigma” va “Qurultoy” podkastida “Uzbekonomics”dan farqli ravishda mavzuga taalluqli ekspert mehmon taklif etiladi. “Uzbekonomics” iqtisodiy mavzularda, “Qurultoy” tarixiy, “Sigma” esa umumiy ilmiy mavzularda suhbatlari bilan ommaga mashhur bo‘lgan. 

Ko‘ngilochar podkastlar

YouTubening o‘zbekcha segmentida yuqoridagi mavzularga nisbatan ko‘ngilochar formatdagi chegarasiz mavzulardan iborat podkastlar keskin farq qiladi. Ularning YouTubedagi sahifalarida obunachilar ko‘p, ko‘rishlar soni esa undan 3-4 barobar ziyod. “NmaGap”, “NQE” (Nozik qalb egalari), “BuPodcast” hamda “Xay Mayli” podkast shular qatoriga kiradi. Ularda ma’lum faoliyat turining mutaxassislari o‘zining boshidan kechirgan qiziqarli voqealarini tinglovchi bilan baham ko‘radi. Kamdan kam hollarda dastur mehmonlarsiz trenddagi mavzuga aloqador tarzda odatiy mezbonlar ishtirokida o‘tkaziladi.

Ijtimoiy-siyosiy mavzudagi podkastlar

Mamlakatda podkast yo‘nalishi shakllanib borishi bilan ijtimoiy-siyosiy mavzularda chuqur tahlillar olib boruvchi blogerlar va jurnalistlar ham bu yo‘nalishga asta-sekin o‘ta boshlashdi. “Lolazor”, “Ular” va “XO‘P podcast” nomi bilan ommaga tanilgan suhbatlarda asosan jamiyat hayotiga daxldor muhim o‘zgarishlar va ehtimoliy kutilmalar ustida suhbat olib boriladi. Masalan, ayni dam tanaffus olgan “Lolazor” podkasti sobiq Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda yozuvchi Murod Muhammad Do‘st bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng keng ommada ijtimoiy-siyosiy mavzudagi podkastlarga bo‘lgan jiddiy qiziqishni uyg‘ota oldi.

Теги :
Jamiyat