$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Qurilish va yashil hududlarning kamayishi havo sifatini yomonlashtirmoqda

PM

Global iqlim o‘zgarishi va shaharning tobora kengayishi natijasida Toshkentda tabiiy havoni shamollatish tizimi sezilarli darajada susaygan. Ekspertlar aytishicha, tog‘li mintaqa, tartibsiz qurilish va yashil hududlarning kamayishi havodagi chang va zararli zarrachalarni to‘planishiga olib kelmoqda. Bu holat shahar aholisining sog‘lig‘iga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iqlim o‘zgarishi va havoda chang to‘planishi

So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi natijasida nafaqat Toshkent, balki boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida ham havoda chang massalari ko‘paymoqda. Shimoliy Afrika va Xitoy oralig‘idagi hududlarda cho‘l hosil bo‘lishi changning atmosferada yig‘ilishiga olib keladi. Bu jarayon havo ifloslanishining asosiy omillaridan biri sifatida ko‘zga tashlanmoqda.

PM2.5 va havo ifloslanishi o‘lchovlari

Havo sifatini baholashda muhim o‘lchov – PM2.5, ya’ni 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan zarrachalar hisoblanadi. Bu zarrachalar inson sochidan 30 baravar ingichka bo‘lib, qattiq zarrachalar suv bug‘i bilan birikishi natijasida hosil bo‘ladi. PM (Particulate Matter) tushunchasi “havoda muallaq zarralar” degan ma’noni anglatadi. PM2.5 dan tashqari, PM1, PM10, PM100 kabi turli fraksiyalar mavjud bo‘lib, ularni monitoring qilish orqali havo ifloslanishi darajasi aniqlanadi.

JSST tavsiyalari va milliy me’yorlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) PM2.5 konsentratsiyasini yillik 5 mkg/m³ va kunlik 15 mkg/m³ darajasida cheklashni tavsiya qiladi. Biroq, dunyoda hech bir davlat bu me’yorlarni milliy standart sifatida qabul qilmagan. 2024-yilda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati agentligi va Sanitariya-epidemiologik nazorat qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan milliy me’yorlarga ko‘ra, Toshkent uchun havo ifloslanishining yillik normasi 35 mkg/m³, kunlik esa 60 mkg/m³ deb belgilangan.

Toshkentda havo sifati monitoringi

2023–2024-yillarda Ekologiya vazirligi Toshkent hokimligi bilan hamkorlikda “Toshkentda havo sifati monitoringi” platformasini ishga tushirdi. Bu platforma har soatda yangilanib, ishonchli ma’lumot manbai sifatida xizmat qiladi va shahar havo sifatini real vaqt rejimida kuzatib borishga imkon beradi. Shahar reytingi tuzishda asosan JSST tavsiyasidagi 5 mkg/m³ ko‘rsatkichi asos sifatida olinadi.

Shamolning havo ifloslanishiga ta’siri

Olimlarning fikricha, shamol havodagi ifloslantiruvchi zarrachalarni tarqatishda asosiy rol o‘ynaydi. 1950–1980-yillarda Toshkentda shamol asosan shimoliy-sharqdan esib, “shamollar gulchambari” deb ataladigan barqaror havo aylanishini shakllantirgan, bu esa shaharni ifloslanishdan tozalashga yordam bergan. Ammo 1990–2020-yillarda yangi shamol oqimlarining paydo bo‘lishi va umumiy shamol intensivligining pasayishi natijasida shahar havosi chang zarrachalarini ushlab qoladigan hududga aylandi.  \

Ma’lumotlarga ko‘ra, XX asrda Toshkentda shamolning o‘rtacha tezligi 1,7 m/s ni tashkil etgan, 1981–2010-yillarda bu ko‘rsatkich 1,4 m/s ga tushgan va so‘nggi besh yilda 1,3 m/s ga pasaygan. Shaharni o‘rab turgan tog‘li relyef va tartibsiz qurilgan baland binolar havo oqimini cheklab, tabiiy shamollatishni murakkablashtiradi. Natijada chang zarrachalari yig‘ilib, havo sifati yomonlashmoqda.

 Qurilish va yashil hududlarning qisqarishi

Obodonlashtirish atrof-muhitni yaxshilashda muhim omil bo‘lsa-da, Toshkentda bu boradagi vaziyat salbiy tomonga o‘tmoqda.

Odamlar ko‘pincha obodonlashtirishni faqat daraxtlar bilan tasavvur qilishadi, ammo maysazorlar va butalar ham bu jarayonga kiradi. 2016-yildan 2023-yilgacha qurilish maydoni ikki barobarga oshgani sababli, yashil hududlar deyarli yarmiga qisargan. Daraxtlarga nisbatan maysazorlar ancha kamaygani shahar havosining tabiiy shamollanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

 “Issiqlik oroli” fenomeni

So‘nggi yillarda, ayniqsa 2016-yildan boshlab, Toshkentda haroratning sezilarli darajada ortishi kuzatilmoqda. Zich qurilish va yashil hududlarning yetishmasligi natijasida shahar ayrim hududlarida “issiqlik oroli” deb ataluvchi hodisa yuzaga kelmoqda. Asfalt, beton va shisha kabi materiallar issiqlikni yig‘ib, havoning sovishini cheklaydi. Agar atrofda maysazorlar va daraxtlar bo‘lmasa, bu issiqlik yanada kuchayadi. Bundan tashqari, avtomobillardan chiqadigan gazlar va sanoat korxonalarining chiqindilari ham Toshkent atmosferasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.