$
 11820.40
-36.95
 13684.48
-61.75
 139.05
-0.27
weather
+26
Кечаси   +14°

Piyodalar uchun shahar: Toshkent qachon odamlar yashaydigan shaharga aylanadi?

Piyoda

Bugun Toshkent shahrining qaysi burchagiga qaramang, avtomobillar oqimi va uzluksiz tirbandliklarga ko‘zingiz tushadi. Yildan-yilga yo‘llarni kengaytirish, yangi ko‘priklar va yo‘lo‘tkazgichlar qurishga milliardlab mablag‘ sarflanmoqda. Biroq shaharsozlikning oltin qoidasi mavjud: “Ko‘proq yo‘l qurilishi ko‘proq mashinalarni jalb qiladi”. Agar mas’ullar Toshkentni chinakamiga yashash uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy megapolisga aylantirishni istasa, e’tiborni tubdan o‘zgartirishi – fokusni avtomobildan piyodaga qaratishi shart.

Piyodaga yo‘l bergan shaharlar

Rivojlangan mamlakatlar allaqachon avtomobillashtirish tizimini cheklash yo‘lini topgan. Ular shaharni mashinalar to‘xtab turadigan ulkan maydon emas, balki odamlar yashaydigan, sayr qiladigan va muloqot qiladigan qulay makon deb bilishadi.

Masalan, Kopengagen, Seul va Singapur kabi shaharlarda piyodalar yo‘laklari shunchaki yo‘l chetidagi tor va tashlandiq joy emas, balki keng, tekis va uzluksiz infratuzilmadir.

Toshkent trotuarlari esa ko‘plab ko‘chalarda o‘ta tor yoki noqulay tarzda yotqizilgan. Ba’zi joylarda esa trotuarlarni o‘zi yo‘q, bori ham sifatsiz materiallardan qurilgani sababli yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Bundan tashqari, trotuarlar har bir bino yoki turar joy oldida to‘satdan tugab qoladi yoki unga mashinalar noqonuniy qo‘yiladi. Masalan, “Yuksalish” jamoat harakati 2025-yilgi so‘rovnomasiga ko‘ra, respondentlarning atigi 44,6 foizi uy yaqinida trotuar borligini aytgan, 28,8 foizi esa umuman yo‘qligini bildirgan. Qolganlari esa qisman yoki yomon holatda ekanligini qayd etgan.

“Shared Space” tizimi

Shared Space — avtomobillar, piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘lning qat’iy ajratilmasdan, umumiy makon sifatida tashkil etilishi. Bunday ko‘chalarda bordyur, yo‘l belgilari va svetoforlar kamaytiriladi, yo‘l dizayni esa haydovchilarni tezlikni pasaytirishga undaydi.

Bu amaliyot Niderlandiyada keng rivojlangan. Masalan, Drachten shahrida Laweiplein maydoni qayta loyihalanib, an’anaviy svetoforli chorraha o‘rniga umumiy joy tamoyili qo‘llangan. Buyuk Britaniyaning Ashford shahrida esa Elwick Place va shahar markazidagi ayrim hududlarda piyoda va transport harakatini bir joyda tashkil etilgan.

Bunday yondashuvning maqsadi avtomobillarni butunlay chiqarib yuborish emas, balki ko‘chani haydovchi yuqori tezlikda harakatlana olmaydigan va piyodalarga ko‘proq e’tibor beradigan tarzda loyihalashdir. Shu sababli Shared Space ko‘proq shahar markazlari, savdo ko‘chalari, maydonlar va transport oqimi nisbatan past hududlarda qo‘llanadi.

“Friendly Streets” amaliyoti

Seul shahrida so‘nggi yillarda yuzlab yerosti va yerusti o‘tish joylari tugatilib, ularning o‘rniga oddiy svetoforli yer usti piyodalar o‘tish joylari barpo etildi. Nega? Chunki odamlar har doim eng qisqa va qulay yo‘lni tanlaydi.

Toshkentda esa piyoda bitta ko‘chadan o‘tish uchun yerosti yoki yerusti yo‘laklarning 40–60 pog‘onali zinalaridan tushib-chiqishi kerak. Bu keksa kishilar, imkoniyati cheklangan shaxslar, bolalar aravachasi bilan yurgan ota-onalar va bemorlar uchun haqiqiy azobdir. Yozning 40°C issig‘ida zinapoya bosish piyoda harakatini cheklaydi hamda odamlarni jamoat transportidan ko‘ra avtomobil tanlashga majbur qiladi.

Singapur va London shaharlarida keng joriy etilgan “Friendly Streets” modelida avtomobil harakati to‘liq taqiqlanmaydi, lekin u ikkinchi darajaga tushiriladi. Ko‘chalarda tezlik pasaytiriladi, trotuarlar kengaytiriladi, svetoforlarda piyodalar uchun yashil chiroq vaqti uzaytiriladi hamda ko‘chalarga qo‘shimcha yashillik olib kiriladi. Toshkentda bunday hududlarni maktablar, bog‘chalar, metro stansiyalari, bozorlar va parklar atrofida tashkil etish mumkin.

Osiyo megapolislarining innovatsion yechimlari – diagonal va soyali marshrutlar

Tokio, Taypey va boshqa yirik shaharlar chorrahalarda “scramble crossing” (diagonal piyodalar o‘tish joyi) tizimidan unumli foydalanmoqda. Bunda svetoforning ma’lum fazasida barcha yo‘nalishdagi mashinalar to‘xtaydi va piyodalar chorrahani to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki diagonal bo‘ylab kesib o‘tishadi.

Toshkentda diagonal o‘tish joylari uchun eng mos hududlar Amir Temur maydoni atrofi, Xadra chorrahasi, Chorsu bozori atrofi hamda Buyuk Ipak Yo‘li metro stansiyasi atrofidagi tirband chorrahalardir.

Boshqa tomondan, Singapur tajribasi issiq iqlimli shaharlar uchun juda muhim. Singapur nam va issiq bo‘lishiga qaramay, odamlar ko‘p piyoda yuradi. Buning siri – yopiq va soyali piyoda koridorlari hamda uzluksiz daraxtzorlardir. Toshkentda yozda harorat 40°C va undan yuqori ko‘tarilishini inobatga olsak, metrodan 500–800 metr radiusda soyali piyoda yo‘laklarini yaratish, bekatlarni bostirmalar bilan bog‘lash va ko‘chalar bo‘ylab ikki qatorli daraxtlar ekish shahar hayotiy zaruratiga aylanadi. Bundan tashqari, ushbu soyabonlarga quyosh batareyalari o‘rnatilsa, yirik energiya manbayi yig‘ilishi mumkin.

O‘zbekistonda “Vision Zero”

Dunyoda yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va og‘ir jarohatlarni nolga tushirishga qaratilgan mashhur Vision Zero konsepsiyasi mavjud. Xo‘sh, O‘zbekistonda ushbu tizim mavjudmi?

Yo‘q, O‘zbekistonda Vision Zero to‘liq milliy miqyosda rasmiy joriy etilmagan. Biroq uning ayrim elementlari sinab ko‘rilmoqda. Masalan, 2022-yil IIV Shvetsiya tajribasini o‘rganib, Farg‘ona viloyatida “Ravon yo‘l” pilot loyihasini o‘tkazdi. Natijada YTHlar 30 foizga, o‘limlar 21 foizga, jarohatlanganlar 38 foizga kamaydi.

Shaharlarda maksimal tezlik 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirildi. Bundan tashqari, “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi ishga tushirildi. 2025-yilda esa “Adolat” partiyasi Vision Zero tizimini to‘liq joriy etish taklifi bilan chiqqan.

Yangi ko‘prik va yo‘llar qurish – milliardlab dollar xarajat degani. Piyodalar infratuzilmasini yaxshilash esa bir necha barobar arzon va ko‘pincha tirbandlikni birinchi navbatda hal qiluvchi omildir. Chunki odamlar 1–2 km masofaga avtomobilda emas, piyoda yurishni tanlay boshlaydi.

Toshkent kelajagi — keng avtomagistrallarda emas, balki bolalar, keksalar va har bir fuqaro xavfsiz hamda erkin harakatlana oladigan, yashil va piyodabop ko‘chalardadir.

Теги :
Jamiyat