$
 12962.98
14.88
 13377.80
-124.48
 123.68
2.67
weather
+26
Кечаси   +14°

Yuqori pensiya olish uchun nima qilish kerak?

pensiya

Pensiya jamg‘armasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, har bir inson hayotdagi asosiy maqsadlardan biri sifatida pensiya yoshiga yetib, ko‘p yillik mehnat natijalarini ko‘rish va keksalikni farovon o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Bu davrda, albatta, daromad manbai sifatida pensiya muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, har birimiz yoshligimizdanoq kelajakdagi pensiyamiz haqida o‘ylab, unga oldindan tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim.

Kimlarga pensiya tayinlanadi?

To‘liq yoshga doir pensiyani olish uchun erkaklarga 60 yoshda, ayollarga esa 55 yoshda mos ravishda 25 yil va 20 yil mehnat staji talab qilinadi. Agar fuqaroning mehnat staji kamroq bo‘lsa (lekin 7 yildan kam bo‘lmagan taqdirda), ularga to‘liq bo‘lmagan pensiya tayinlanadi. Bunday pensiya miqdori kamroq bo‘ladi.

Mehnat stajiga nimalar kiritiladi?

Pensiya miqdorini aniqlashda fuqarolarning rasmiy ishlagan yillari va olgan daromadlari hisobga olinadi. Mehnat stajiga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilganlar yoki xorijda ishlovchilarning Pensiya jamg‘armasiga to‘lagan ijtimoiy solig‘i davrlari ham qo‘shiladi.

Ma’lumot uchun: Ayollar 54 yoshida pensiyaga chiqish huquqiga ega, agar ularning mehnat staji yoki ijtimoiy soliq to‘lovi davri (yakka tartibdagi tadbirkorlik, o‘zini o‘zi band qilish yoki xorijda ishlash davrida) 20 yilni tashkil etsa.

Shu bilan birga, fuqarolarning 7 yil yoki undan ko‘proq mehnat staji bo‘lsa, quyidagi davrlar ham umumiy stajga qo‘shiladi:

  • Harbiy xizmatdagi davrlar,
  • Oliy o‘quv yurtlarida kunduzgi shaklda o‘qish,
  • Bolaga qarash davrlari (har bir bola uchun 3 yilgacha, jami 6 yil).

Pensiyaga tayyorlanish uchun nima qilish kerak?

Pensiya tayinlashda fuqaroning rasmiy mehnat staji va to‘langan soliq asosidagi daromadlari hisobga olinadi. Ya’ni fuqaro qancha rasmiy ishlasa va qancha rasmiy daromad olsa, uning pensiya huquqi yildan-yilga shakllanadi.

Shu sababli, har bir fuqaro pensiya yoshiga yetishga tayyorgarlik sifatida o‘z ish faoliyatini rasmiylashtirishi va daromadlarini belgilangan tartibda ko‘rsatishi lozim.

Pensiya yoshiga yaqinlashganimizda ko‘pincha quyidagi savollar tug‘iladi: “Pensiya miqdori qancha bo‘ladi?”, “Yuqori pensiya olishim mumkinmi?”. Ko‘pincha fuqarolar hujjatlarni qanday topshirish va qayerga murojaat qilish kerakligini bilmay qoladilar. Natijada, pensiya tayinlangach, uning miqdoridan norozilik paydo bo‘ladi.

Fuqarolar uchun muhim tavsiyalar

Pensiya jamg‘armasi fuqarolarga yuqori pensiya olish imkoniyatini ta’minlash uchun quyidagi tavsiyalarni berdi. Ushbu tavsiyalar pensiya yoshiga yaqinlashgan shaxslar va yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, keksalikda farovon hayot kechirishga yordam beradi:

Mehnat stajini rasmiylashtiring. Ish faoliyatingiz rasmiy ekanligiga va mehnat stajingiz ishlayotgan tashkilotda to‘g‘ri qayd etilganligiga ishonch hosil qiling. Buni my.gov.uz portali orqali mustaqil tekshirishingiz mumkin.

Staj ma’lumotlarini raqamlashtirishni ta’minlang. Zamonaviy raqamli davr talablariga muvofiq, ish joyingizdan mehnat stajingizni raqamlashtirishni so‘rang.

Rasmiy daromad oling. Ish haqi rasmiy to‘lanayotganiga va soliqlar, pensiya jamg‘armasiga ajratmalar kabi to‘lovlarning muntazam amalga oshirilayotganiga ishonch hosil qiling.

O‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘ting. Agar norasmiy ishlayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizni o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘ting va Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliqni belgilangan tartibda to‘lang. Bu orqali mehnat stajingizni oshirishingiz mumkin.

Pensiya qonunchiligidagi yangiliklardan xabardor bo‘ling. Pensiya tizimidagi o‘zgarishlar va qo‘shimchalarni doimiy ravishda kuzatib boring.

Mehnat ma’lumotlarini yangilang. Agar ishlamagan bo‘lsangiz, Mehnat vazirligining qashshoqlikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga murojaat qilib, ish faoliyatingiz haqidagi ma’lumotlarni raqamlashtirishni talab qiling.

“Bugundan mehnat faoliyatingiz haqidagi ma’lumotlarni raqamlashtirsangiz, pensiya yoshiga yetganingizda bu sizga osonlik yaratadi. Pensiya jamg‘armasi tomonidan tavsiya etilgan ushbu qoidalarga amal qilsangiz, pensiya yoshiga yetganingizda huquqlaringiz kafolatlangan bo‘ladi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Pensiya jamg‘armasining 1271 raqamli Call-markaziga murojaat qilishingiz mumkin”, – deyiladi pensiya jamg‘armasi xabarida.

Теги :
Jamiyat