$
 12808.03
14.65
 13612.37
16.85
 130.15
-0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar qanday shartlar asosida pensiyaga chiqishlari mumkin?

pensiya

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq: erkaklar – 60 yoshga, ayollar – 55 yoshga to‘lganda va mehnat staji kamida 7 yil bo‘lganda to‘liqsiz yoshga doir pensiya tayinlanishi belgilab qo‘yilgan.

Ijtimoiy soliq va ish haqi hisoblash tartibi

Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4742-sonli qarorida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida amalda ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdori summasining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliq to‘laydi, ushbu soliq summasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘liq yo‘naltiriladi va shundan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqi miqdori aniqlanadi.

Demak, fuqaro 7 yil davomida har yili Pensiya jamg‘armasiga o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirgan taqdirda, kelgusida pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Minimal pensiya miqdori qancha?

Hozirgi kunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 745 000 so‘mni tashkil etadi.

Pensiya tayinlash uchun onlayn ariza qanday yuboriladi?

Bugungi kunda my.gov.uz elektron portali orqali pensiya yoshiga yetgan fuqarolar onlayn tarzda pensiya tayinlash uchun murojaat qilish imkoniyatiga ega:

1. Ro‘yxatdan o‘tish – Avval my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tiladi. Buning uchun yangi foydalanuvchilar loginingiz va parolingizni yaratishingiz kerak. Agar ilgari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz, login va parol orqali kirasiz.

2. Ijtimoiy himoya bo‘limini topish – So‘ngra “Sohalar” bo‘limidan “Ijtimoiy himoya” kichik bo‘limini tanlab, kiriladi.

3. Pensiya tayinlash uchun ariza topshirish – Bu bo‘limdan “PEnsiya tayinlash uchun ariza berish” tugmasini bosing.

4. Xizmatdan foydalanish – Keyingi bosqichda “Xizmatdan foydalanish” tugmasi tanlanadi.

5. Ma’lumotlarni kiritish va yuborish – Kerakli maydonlarga shaxsiy ma’lumotlar: JSHSHIR raqami, pasport ma’lumotlari, yashash manzili, telefon raqami va pensiya turi to‘ldiriladi. “Yuborish” tugmasi bosiladi.

Ariza yuborilgandan so‘ng, 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va natijasi haqida SMS orqali xabar beriladi. Agar pensiya tayinlanishi rad etilsa yoki pensiya miqdoridan norozilik bo‘lsa, fuqarolar Pensiya jamg‘armasining mahalliy bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.