$
 12439.41
-81.37
 14583.96
-50.33
 151.87
-1.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Moliya vazirligi: Ovoz yigʻishga majburlash holatlari bo‘yicha 39 ta shikoyat tushdi

ovoz

Prezident qarori bilan “Tashabbusli byudjet” loyihasi uchun rahbarlarning majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlangani, bunday holat majburiy mehnatga jalb qilish sifatida baholanashi aytilganiga qaramay hanuzgacha ovoz yig‘ishga majburlash holatlari uchrab turibdi. Bunga misol tariqasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi telegram kanalidagi xabarga qarasak.    

Vazirlikning xabar qilishicha, “Tashabbusli byudjet”ning 2024-yilgi 2-mavsumida ovoz yigʻishga majburlash holatlari yuzasidan 39 ta shikoyat tushdi.

“Ovoz berish bosqichi davomida fuqarolar tomonidan bugungi kunga qadar “1282” ishonch raqamiga ovoz yigʻishga majburlash holatlari boʻyicha jami 39 ta shikoyat kelib tushdi”, – deyiladi xabarda.

Eng ko‘p shikoyat Farg‘ona viloyatidan

Qayd qilinishicha, eng koʻp shikoyat Fargʻona viloyatida (7 ta) tushgan. Shuningdek, Toshkent shahrida 6 ta, Namangan va Jizzax viloyatlarida 5 tadan shikoyat tushgan.

Eng koʻp shikoyat umumta’lim maktablari (19 ta) va tibbiyot tashkilotlari boʻyicha (16 ta) qayd etilgan.

Vazirlikning eslatishicha, barcha murojaatlar tegishli tuman (shahar) Xalq deputatlari Kengashlariga yuboriladi hamda holat oʻz tasdigʻini topsa, mazkur loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi yoki gʻoliblar roʻyxatidan chiqarilishi mumkin.

2 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ

“Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024-yil 2-mavsumidagi loyihalarga ovoz berish jarayoni 22-avgustda boshlandi va 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi. Loyihalar uchun 2 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi. Loyihalarning eng yuqori qiymati 1 mlrd. 360 mln. so‘mni tashkil etadi.

“Bir fuqaro — bir ovoz”

Eslatib o‘tamiz, 2024-yildan “Tashabbusli byudjet”dagi loyihalarda “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi amal qilmoqda. Ya’ni bir fuqaroda bir necha telefon raqami bo‘lsa ham, u faqat bittasidan ovoz bera oladi. Moliya vazirligiga ko‘ra, “SIM kartani kim ishlatayotgani ahamiyatsiz, u kimning nomidaligi muhim”.

Ovoz berish usullari

Ovoz berish quyidagi yo‘llar orqali amalga oshirish mumkin:

  • “Ochiq budjet” portalining veb-sahifasi;
  • Portalning mobil ilovasi (Android va iOS);
  • Telegramdagi rasmiy bot (@ochiqbudjetbot) yordamida.