$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbek oligarxlari nima uchun o‘zining boyliklarini yashirishadi?

Alisher usmonov

Qirg‘iziston prezidenti mamlakatdagi oligarxlar sonini ochiqladi. O‘zbekistonda ham bunday qatlam qo‘shni mamlakatdagidan kam emas, balki undan ham ziyod bo‘lish ehtimoli yuqori. 

Qirg‘izistondagi boylarning soni qancha? 

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlatga qarashli “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida mamlakatda 5-6 nafar milliarder (tasarrufida kamida 1 mlrd AQSH dollariga teng mol-mulk bo‘lgan shaxslar nazarda tutilmoqda) va 200 ga yaqin millioner borligini, ularning aksariyati pullarini xorijdagi ofshorlarda saqlashini ma’lum qildi. “Aynan shu sababli biz legallashtirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilganmiz. Biroq haligacha ular o‘z pullarini mamlakatga to‘liq qaytarganlari yo‘q. Ular orasida mablag‘larining bir qismini qaytarib olib kelib, qurilish sohasiga sarmoya kiritganlar bor”, degan Japarov.  

Japarov “badavlat fuqarolar”ga murojaati

Prezident tadbirkorlarni yana bir marta o‘z mablag‘larini mamlakat taraqqiyoti uchun sarflashdan qo‘rqmaslikka chaqirdi. Prezidentga ko‘ra, Qirg‘iziston rasmiylari iqtisodiyot va davlat uchun foydali bo‘lgan barcha loyihalarni, bunday tashabbus kimdan chiqishidan qat’i nazar, qo‘llab-quvvatlashga tayyor. 2024-yil fevralida Japarov “badavlat fuqarolar”ga murojaat qilib, ularni chet eldagi mol-mulk va mablag‘larni legallashtirish uchun mamlakatda qabul qilingan qonundan foydalanishga chaqirgan edi. Bunga misol o‘laroq Japarov o‘zning 20 million dollarga teng mol-mulkini legallashtirganini bildirgan. U mazkur qonundan iste’foda etgan holda, Bishkekdagi Ibraimov ko‘chasida 2005 yildan 2010-yilgacha qurilgan binoni mashru’lashtirganini qayd etgan.Mol-mulkini ixtiyoriy ravishda legallashtirish

Bu yerda gap Qirg‘iziston prezidenti tomonidan 2023-yil iyunida imzolangan “Jismoniy shaxslarning mol-mulkini ixtiyoriy ravishda legallashtirish va amnistiya qilish to‘g‘risida”gi qonun haqida bormoqda. Avvalroq mamlakat rasmiylari ushbu hujjatdan maqsad “jismoniy shaxslarning mol-mulki va daromadlarini ixtiyoriy ravishda deklaratsiya qilishning huquqiy mexanizmini yaratish orqali qonuniy iqtisodiy muomalaga jalb qilish” ekanini urg‘ulashgan. Qonun qabul qilinganidan bir yil o‘tgach, Qirg‘iziston parlamenti mazkur qonunga tuzatishlarni ma’qullab, aktivlarni legallashtirish muddatini 2024-yil oxirigacha uzaytirib bergan edi.

O‘zbekiston oligarxlari

Endi ona vatan, O‘zbekiston haqida mushohada yuritamiz. Odatda, o‘zbekistonlik millioner va milliarderlar o‘z boyliklari va ularning miqdorini jamoatchilikka oshkor qilishni istamaydilar. Sababi, O‘zbekistonda davlat amalida o‘tirib, boylik orttirish ko‘pincha xalq tafakkurida korrupsiyani nazarda tutadi. Xo‘sh, rosa 10 yil avvalgi vaziyat qanday bo‘lgan?

2013-yilda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning World Ultra Wealth tahliliy markazining hisobotiga tayanib keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda mamlakatimizda 80 ga yaqin millioner bo‘lgan. Ulardan har birining boyligi 30 million AQSH dollaridan ortgan. Ushbu saksonlikning umumiy yalpi boyligi hajmi esa, 12 milliard dollardan oshiq bo‘lgan. Shuningdek, bu qatlamning asosiy qismini davlat amaldorlari yoki ularning qo‘l ostlaridagi shaxslar tashkil qilgan. 

Tinch quloq va uzoq muddatli kursi garovi

Chunki O‘zbekistonda siyosiy hokimiyat va aynan biznes bir-biriga judayam qorishib ketgan. O‘zbekistonda biznes, ayniqsa, yirik biznes hokimiyatdan mustaqil bo‘lishi mumkin emas va bunga hech kim ishonmaydi, — degan Rabbimov.

O‘zbekistondagi amaldorlar o‘zlarining boyliklarini ochiq ayta olishmasligining sababi, ma’lumot ochiqlangach, keyinchalik ommada ushbu odamga nisbatan bir qancha savollar paydo bo‘lishi va shakllangan siyosiy madaniyatga ko‘ra, imkon qadar boyligini ham, siyosiy ambisiyalarini ham yashirish o‘sha amaldorning siyosiy hokimiyatda turish imkoniyatini uzaytirishi bilan izohlanadi. 

Markaziy Osiyo boylari

Mamlakatimiz shu vaqtga ko‘ra, milliarder hamda millionerlar soni bo‘yicha Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan so‘ng, ikkinchi o‘rinda bo‘lgan. Tahlilchining fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyoning eng badavlat oilasi — qo‘shni Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevlar oilasi bo‘lgan. Ikkinchi boy oila bu — Karimovlar oilasi. Gulnora Karimova O‘zbekistonning eng katta boylaridan biri hisoblangan.

O‘zgarishsiz dekada

O‘tgan yil yakunida Twitter tarmog‘ida iqtisodchi Barnogul Sanokulova O‘zbekistonda hali-hanuz boylar bor yoki yo‘qligi, ular bilan bog‘liq statistika yuritilmasligi, boy, kambag‘al va qashshoq qatlam qaysi mezonlarga ko‘ra o‘lchanishi haligacha ma’lum emasligi haqida tarmoq foydalanuvchilariga videomurojaat qilgandi. Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekiston oligarxiyasi bilan bog‘liq vaziyat oradan o‘n yil o‘tsahamki, deyarli o‘zgarmagan. Hammasi avvalgidek, Toshkentning havosi kabi tumanlar orasida qolgan. Demak, xalqimizning boylarning boyishiga bo‘lgan munosabati va boylarimizning hukumatga bo‘lgan munosabati o‘z holicha saqlanib kelyapti.

Теги :
Jamiyat