$
 11895.57
-45.38
 13826.22
11.73
 152.98
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekiston narkodispanserlariga kelgan bemorlarning bor-yoʻgʻi 8-10 foizigina toʻliq davo topadi

Giyohvand

Soʻngi besh yilda noqonuniy narkotiklar musodarasi 67 foizga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 80 foizga oshdi. Bu haqda giyohvandlikka qarshi kurashda qanday choralar koʻrilayotgani boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi. 

Ayollar va yoshlar orasida koʻpaymoqda 

Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Asatilla Qurbonovning taʼkidlashicha, giyohvandlik balosi yoshlar va xotin-qizlarda koʻproq uchray boshlagani xavotirli.

“Soʻngi besh yilda noqonuniy narkotiklar musodarasi 67 foizga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 80 foizga oshdi. 2025-yilning 10 oyida 12 248 ta narkojinoyat sodir etildi. Uch tonnaga yaqin narkotik moddalar musodara qilindi”, dedi vazirlik masʼuli.

Narkojinoyatlar soni

Maʼlumotlarga koʻra:

— 2021-yilda 7142 ta,

— 2022-yilda 8681 ta, 

— 2023-yilda 10011 ta, 

— 2024-yilda 12278 ta narkojinoyat aniqlangan.

2024-yilda narkojinoyat boʻyicha 7330 kishi, 2025-yilning oʻtgan davrida 8433 kishi ushlangan. Mazkur turdagi jinoyatni sodir etganlar soni bir yilda 16 foizga ortgan.

Giyohvand moddalarni olib kirishning yangi usullari

Bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Akromjon Ahlimirzayev yangi turdagi narkotiklar va kuchli taʼsir qiluvchi vositalar paydo boʻlayotganiga urgʻu berdi. Shu bilan birga, narkojinoyatchilar Oʻzbekistonga giyohvandlik vositalarini olib kirishning yangi usullarini qoʻllayotganini bildirildi.

“Masalan, yaqinda vodiydagi chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatdan kirib kelayotgan mashina toʻxtatilib tekshirilgan. Uning gaz balloni ichidan 58 kilogramm giyohvand moddalar topilgan. Surxondaryoda qoʻshni davlatdan import boʻlayotgan mayiz koʻrinishidagi gashish giyohvandlik vositasi aniqlandi. Hattoki, ayollar kiyimlariga shimdirilgan, suyuq holatdagi giyohvandlik vositalari, shampun, kosmetika, kir yuvish kukunlari ichida narkotiklar aniqlanmoqda. Internet tarmogʻida narkotiklar savdosi faollashgan. Birgina bojxona organlarida mazkur yoʻnalishda 2025-yilning 11 oyi davomida 15 ta internet narkodoʻkon aʼzolari fosh etildi. Ular giyohvandlik vositalari tarqatayotgan kanallar faoliyati toʻxtatildi”, dedi qoʻmita vakili.

Mutaxassislar eng koʻp narkojinoyatlar Toshkent shahri, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida sodir etilayotganini maʼlum qildi.

Narkodispanserlardagi vaziyat

Matbuot anjumanida narkodispanserda davolanayotgan narkomanlar soni ortib borayotgani ham aytildi. Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov vaziyat boʻyicha ayrim maʼlumotlarni ochiqladi.

“Hozirda narkodispanser hisobida 8500 ga yaqin giyohvandlikka chalingan bemorlar bor. Bir yil ilgari ular 5300 nafar edi. Toʻrt yil oldin esa bundan ancha kam boʻlgan. Ayniqsa, giyohvand yoshlar soni keskin oshib bormoqda. Masalan, besh yil oldin ular 60 kishi boʻlsa, hozir 700 nafarga yaqinlashgan. Oxirgi besh yilda giyohvandlik bilan kasallanganlar soni 53 foizga oshdi. Sintetik narkotik isteʼmol qilishi ortidan dispanser roʻyxatiga olinganlar toʻrt barobarga koʻpaydi. Opiyli narkomaniya ikki baravar oʻsdi”, dedi markazi direktori.

Davolash xarajatlari

Zarifjon Ashurov dispanser filiallarida 2400 ta koyka borligini maʼlum qildi. Ularda narkomaniyadan ixtiyoriy va majburiy davolanish mumkin. Ixtiyoriy davolanishda navbatlar yoʻq. Sud qarori bilan majburiy davolanishi kerak boʻlganlar uchun esa joy yetishmaydi.

“Giyohvandlikka chalingan bir bemor davolanishiga davlat byudjetidan yiliga 60 million soʻmgacha sarflanadi. Dispanser roʻyxatiga olingan bu toifadagi barcha kasallar davolanishiga esa bir yilda jami 300 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratiladi”, dedi markaz masʼuli.

Tibbiy salohiyat

Zarifjon Ashurovning aytishicha, dispanserga aksar narkomanlar ahvoli oʻta yomonlashgandagina keladi. Shu bois, ularni hayotga qaytarish juda mushkul. Dispanserda giyohvandlikka chalinganlardan bor-yoʻgʻi 8-10 foizigina toʻliq davo topadi.  

“Besh yil ilgari narkomaniyani davolash boʻyicha tibbiy salohiyatimiz 10 foiz boʻlgan. Hozir bu 48 foizga yetdi deyish mumkin. Chunki besh yil ichida 120 nafar mutaxassislarimiz chet elda malaka oshirib keldi. Natijada salohiyat sezilarli oshdi”, dedi markaz direktori.

Maʼlum qilinishicha, oʻlimlarning koʻp qismi giyohvand moddani ortiqcha dozada isteʼmol qilish ortidan kelib chiqadi. Shu bilan birga, giyohvandlik taʼsirida inson organizmida immunitet tushib ketadi. Oqibatda oʻlimga olib keluvchi qator oʻgir darajali kasalliklar avj olishi mumkin. Masalan, OITS, gepatit, infarkt, insult, jigar sirrozi kasalliklariga chalinish ehtimoli yuqori. 

Matbuot anjumanida bugungi kunda Oʻzbekistonda 46-60 yoshli narkomanlar ulushi 25-30 foizni tashkil etishi aytildi. Umuman olganda, 60 foiz giyohvandlar katta yoshlilar hisoblanadi. Biroq soʻngi yillarda 25-30 yoshlilar ulushi ortmoqda. Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida giyohvandlik bilan kasallanganlar eng koʻp aniqlangan.

Теги :
Salomatlik