$
 12972.08
15.08
 13223.74
-121.97
 126.61
-1.16
weather
+26
Кечаси   +14°

Naqdsiz to‘lov tufayli poytaxt ahli avtobuslarda 1,8 milliard so‘m iqtisod qildi

avtobus

Xabaringiz bor, O‘zbekiston poytaxti Toshkent avtobuslarida shu yilning 1-yanvaridan e’tiboran naqdsiz to‘lov shakliga to‘liq o‘tildi. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar, jamoat transportida elektron to‘lovning ahamiyati, uning yo‘lovchilarga va shahar infratuzilmasiga ta’siri haqida 9-yanvar kuni Sputnik O‘zbekiston matbuot markazida mutaxassislar so‘z yuritdilar.

Tariflar va to‘lov tizimidagi yangiliklar

Toshkent shahar transportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov ta’kidlashicha, naqd pul to‘lovining bekor qilinishi yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga xizmat qilmoqda. Naqd pul orqali to‘lov amaliyotining yo‘q qilinishi bilan yo‘lovchi va haydovchi o‘rtasidagi mojarolarga barham berildi.

“Elektron to‘lov amaliyotining joriy qilinishi jamoat transportida xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlashga yordam beradi. Buning natijasida yo‘nalishlarni optimallashtirishga imkon yaratilmoqda, chunki har bir bekatda yo‘lovchilar oqimi haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda qayd etiladi”, — dedi Ikramov.

Yangi tizim haydovchilarga qulaylik tug‘dirmoqda

O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashirmatov ta’kidlashicha, kunlik naqd pul rejasidan voz kechilgani haydovchilarning asosiy vazifasiga — yo‘lovchilarni xavfsiz manzilga yetkazishga ko‘proq e’tibor qaratishlariga imkon bergan.

“Endilikda haydovchilar yo‘lovchilar bilan pul almashtirish yoki qaytim qaytarish kabi jarayonlardan to‘liq ozod etilgan. Bu nafaqat ularning ishini yengillashtirdi, balki haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasidagi mojarolarni bartaraf etishga xizmat qildi”, — deydi u.

Toshshaxartransxizmat AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Rustam Shamuradovning ma’lum qilishicha, transport haydovchilarining maoshi endi yo‘nalish ko‘rsatkichlariga bog‘langan. Ya’ni, haydovchi reysni o‘z vaqtida va xavfsiz amalga oshirsa, qo‘shimcha rag‘batga ega bo‘ladi.

“Biz transport tizimida xavfsizlik va ishonchni oshirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun haydovchilarni pul yig‘ish jarayonidan chiqarib tashladik, avtobuslarda GPS tizimlari o‘rnatdik. Bu yo‘nalishdagi buzilishlarni minimal darajaga tushirishga yordam berdi. Shaharda yo‘lovchilar oqimi o‘tgan yilga nisbatan 30-40% ga oshdi”,— dedi Shamuradov.

Raqamlashtirish samarasi

Jamoat transportida naqd pulsiz to‘lov tizimining joriy etilishi natijasida Toshkent aholisi 1,8 milliard so‘m tejashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda ATTO direktori Davron Shoyoqubov ma’lum qildi. Uning aytishicha, hozirda mamlakat bo‘yicha ikki milliondan ortiq bank kartalari elektron to‘lov tizimida faol ishlamoqda.

“Bugungi kunda Toshkentdagi yo‘lovchilarning 70% elektron to‘lovdan foydalanmoqda. Bu yo‘lovchilarning vaqtini tejash bilan birga, naqd pulga bog‘liq muammolarni ham bartaraf etmoqda. O‘zbekistondagi elektron to‘lov tizimi nafaqat mahalliy, balki xalqaro kartalarni ham qabul qiladi. Bu esa mamlakatga tashrif buyuruvchi turistlar uchun juda katta qulaylik”, — dedi Shoyoqubov.

Har kuni 8-10 talab infokioskalar o‘rnatilmoqda

Mirakbar Ikramovning ma’lumot berishicha, elektron to‘lov tizimini to‘liq joriy qilish jarayonida qator infratuzilmaviy muammolarga duch kelingan.

 1. Infokioska o‘rnatish ehtiyoji:

Hozirgi kunda 500 dan ortiq avtobus bekatida infokioskalar o‘rnatish zarurati mavjud. Ikramovning ta’kidlashicha, bu ishlar jadallik bilan olib borilmoqda va bir oy ichida ko‘plab bekatlar infokioskalar bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

 2. Elektr energiyasini yetkazib berish:

Ba’zi bekatlarda elektr energiyasi mavjud emas. Bu muammoni hal qilish uchun shahar hokimiyati bilan hamkorlikda infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

 3. Konduktorlarni ish bilan ta’minlash:

Konduktorlar boshqa vazifalarga jalb qilinib, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bundan tashqari, konduktorlarning ayrimlari transport kartalarini tarqatish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishda faol ishtirok etmoqda.

Elektron to‘lovda pulingizni 40 foizgacha tejaysiz

“ATTO” AJ ijrochi direktori elektron to‘lov tizimi yo‘lovchilar uchun iqtisodiy samaradorligini ta’kidladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra:

 — Elektron to‘lovni tanlagan yo‘lovchilar har oyda sezilarli darajada mablag‘ tejashi mumkin. Masalan, 1 700 so‘mlik to‘lov orqali bir oy davomida 30-40% gacha tejash mumkin.

 — Yo‘lovchi oqimidagi o‘sish: Elektron to‘lov tizimini joriy qilish natijasida yo‘lovchi oqimi o‘tgan yilga nisbatan 50% ga oshdi. Bu jamoat transportiga bo‘lgan ishonchning ortganligidan dalolat beradi.

 — Peresadka tariflari: Bir soat ichidagi ikkinchi va uchinchi safarlar uchun yo‘l haqi sezilarli darajada kamaytirilgan. Masalan, ikkinchi safar uchun yo‘lovchi 1 200 so‘m to‘laydi, uchinchi safar esa bepulga aylanadi. to‘laydi.

Telefoni yo‘q pensionerlar qanday to‘lov qiladi?

Pensionerlar uchun transportda to‘lov amaliyotini yengillashtirish maqsadida bir necha qulay yechimlar joriy qilindi. Bu jarayonda telefoni yo‘q yoki zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yo‘lovchilar ham inobatga olingan.

Bank kartalaridan foydalanish imkoniyati

O‘zbekistonda 2020–2022-yillardagi dasturlar doirasida barcha pensionerlarga bank kartalari berilgan. Pensiya miqdori ushbu kartalarga o‘tkaziladi, bu esa ularni transportda to‘lov uchun ham ishlatish imkonini beradi. Agar pensioner ushbu kartalardan foydalanishga odatlanmagan bo‘lsa, “Xalq banki” yordamida ma’lumot berish va o‘quv ishlari amalga oshirilmoqda.

Agar pensioner kartasi bo‘lmasa, uni yaqin atrofdagi pochta bo‘limlari yoki metro bekatlaridan olish mumkin. Ushbu kartalar transportda to‘lov qilish uchun ishlaydi va ulardan foydalanish juda oson.

Infokioskalardagi qiyinchiliklar

Infokioskalar orqali to‘lov amalga oshirishda yo‘lovchining telefon raqami talab etiladi. Bu holat telefoni yo‘q pensionerlar uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shu sababli, infokioskalarda kerakli raqamlarni kiritish bo‘yicha qo‘shimcha yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Inspektorlar yoki infokioskani o‘rnatgan muassasalarning xodimlari pensionerlarga yordam ko‘rsatishlari mumkin.

Pensionerlar uchun bepul yo‘l haqi joriy etiladimi?

Jurnalistlarning “pensionerlar uchun bepul yo‘l haqini joriy etish rejasi bormi?” savoliga Mirakbar Ikramov shunday javob qaytardi:

“Pensionerlar masalasi dolzarb va biz bu masalani ko‘rib chiqamiz. Qancha aholi avtobuslardan foydalanmoqda, qay darajada talab bor — barchasini o‘rganishimiz lozim. Men hozir aniq reja yoki qaror haqida gapira olmayman, chunki buni chuqur tahlil qilishimiz kerak. Lekin yaqin kunlarda bu savolga aniq javob berishga va’da beraman.”

Nega dastlabki sinov kichik hududlarda o‘tkazilmadi?

“Naqdsiz to‘lov tizimini avval biror kichik hududda sinab ko‘rish mumkin emasmidi?” degan savolga javoban, Ikramov shunday izoh berdi:

“Biz ushbu tizimni joriy qilishdan oldin uchta yo‘nalishda sinab ko‘rdik. Bu sinovlarimizdan ijobiy natijalar oldik. Ammo bitta kichik hududda joriy etish imkonsiz, chunki avtobus yo‘nalishlari ko‘pincha bir hudud bilan cheklanib qolmaydi, balki bir nechta hududni qamrab oladi. Shuning uchun, sinovlarni amalga oshirib, yetishmovchiliklarni bartaraf etgandan keyin butun shahar bo‘ylab joriy qilishga qaror qildik.”

Rustam Shamuradov bu savolni qo‘shimcha sharhlab, quyidagilarni ma’lum qildi:

“Agar biz faqat bitta yo‘nalishda naqd to‘lovni bekor qilib, qolganlarida qoldirsak, bu yo‘lovchilarni chalg‘itadi. Hatto bitta marshrutda avtobuslarning yarmida naqd to‘lov, qolganida esa naqdsiz to‘lov bo‘lsa, buni tushuntirish qiyin va murakkab bo‘ladi. Shuning uchun uchta yo‘nalishda texnologiyani sinab ko‘rib, unga asoslanib butun shahar bo‘ylab joriy etdik. Validatorlar va QR-kodlarni sinab ko‘rish jarayonida ularning ishonchli ekanligiga amin bo‘ldik va ularni tezlik bilan ommaviy joriy qildik.”

Naqdsiz to‘lov haydovchilarning muomalasiga qanday ta’sir qilmoqda?

Shamuradov jurnalistlarning “naqd to‘lov bekor qilingan holda haydovchilarning yo‘lovchilarga munosabati qanday o‘zgardi?” degan savoliga javoban shunday dedi:

“Avtobus haydovchilari uchun asosiy vazifa yo‘lovchilarni xavfsiz manzilga yetkazib qo‘yishdir. Ular endi yo‘lovchi bilan pul almashtirish, qaytim berish kabi jarayonlardan batamom ozod qilingan. Bu, o‘z navbatida, haydovchining diqqatini yo‘l harakatiga qaratmoqda va salon ichidagi mojarolarni keskin qisqartirdi. Haydovchilarning validator bilan aloqasi yo‘q: yo‘lovchi mustaqil ravishda to‘lovni amalga oshiradi.”

Jurnalistlar haydovchilarning yo‘lovchilarga nisbatan qo‘pol munosabati haqidagi savollarni ham berdilar. Shamuradov bu holatlar kamayganini ta’kidlab, statistika haqida quyidagilarni ma’lum qildi:

“Haydovchilar yo‘lovchilar bilan pul masalalari bo‘yicha muloqotga kirishmayotgani sababli, salondagi nizolar soni keskin kamaydi. O‘tgan yillar bilan solishtirganda, salon ichida sodir bo‘lgan nizo va jarohatlar soni minimallashdi.”

Теги :
Jamiyat
Avto
Iqtisodiyot