$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

“Biz erkin bozor tarafdorimiz”: Hali kuchga kirmagan qonunning taʼsiri boshlandi

e car

Oʻzbekistonda elektromobil sotuvchi avtosalonlar rahbarlari avtomobil importiga cheklovlar qoʻyilishi sababli prezidentga murojaat bilan chiqdi. Ular “400 dan ortiq tadbirkor boshi berk koʻchaga kirib qolganini” aytib, davlat rahbaridan cheklovlarni olib tashlash va ochiq bozorni qoʻllab-quvvatlashni soʻradi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

King Motors rahbarining murojaati

Asosan BYD elektromobillari savdosi bilan ishlovchi King Motors avtosalonining vakili davlat rahbari tomonidan yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi oʻrtasida elektromobillarni ommalashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

“Biz va boshqa 400 dan ortiq shu kabi tadbirkorlik subektlari tomonidan elektromobillarni sotish uchun avtosalonlar va ularga xizmat koʻrsatish uchun servis shoxobchalari tashkil etdik. Birgina 2023-yilning oʻzida biz kabi tadbirkorlar 630 million dollarlik 21 ming dona elektromobil olib keldi. QQS, utilizatsiya va boshqa toʻlovlar hisobiga budjetga 1 trillion 250 milliard soʻm tushum tushdi”, — dedi tadbirkor.

Avtosalon rahbarining gaplariga koʻra, har bir kompaniyada 15 nafardan ortiq “oila boquvchisi” boʻlgan xodim ishlaydi.

4 mingdan ortiq kishi ishsiz qoladi

“Agar 400 ta avtosalonda oʻrtacha 10 kishidan odam mehnat qilayotganini hisobga olsak, jami 4 mingdan ortiq fuqaro ishsiz qolishi, 400 dan ortiq tadbirkor kasodga uchrashi mumkin. Valyuta aylanmasidan debitorlik qarzi paydo boʻlishi va keyinchalik Soliq qoʻmitasi ushbu summaning 50 foizini jarimaga tortishi mumkinligi, bunda barcha tadbirkorlar kasodga uchrashdan tashqari, jinoyatchiga aylanib qolishi mumkin”, dedi u.

Tadbirkor “biznes boshi berk koʻchaga kirib qolganini” aytdi va shu bois prezidentdan 1-apreldan kiritilgan cheklovlarni olib tashlashni va ochiq bozorni qoʻllab-quvvatlashni soʻradi.

Biz erkin bozor tarafdorimiz

2022-yildan buyon BYD, Geely Geometry, Zeekr elektromobillarini sotish va texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanib kelayotgan Trianon Motors kompaniyasi direktori Sanjar Primqulov Oʻzbekistonga ishlash uchun Yevropadan investorlar jalb qilinganini aytdi.

 “Oʻzbekistonda avtosalonlar oʻrtasida raqobat paydo boʻldi… Biz tizim yaratdik, olib kirgandan keyin servis koʻrsatdik, mashinaga kafolat berdik. Xitoydan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qildik. Ammo 1-apreldan bizga zarb boʻldi. Shuning uchun, hurmatli Shavkat Miromonovich, bizga yordam bering. Biz erkin bozor tarafdorimiz”, dedi u.

DAFex MOTORS, Motors avtosalonlari, AJ Motors, Alliance Motors, CarBazaar va avtodiler.uz ham murojaat qildi

DAFex MOTORS vakili joriy etilgan cheklovlar tufayli biznesni yopishga toʻgʻri kelishini aytib, davlat rahbaridan ushbu cheklovlar kuchga kirmasligi uchun imkon qadar choralar koʻrishni soʻradi.

Motors avtosalonlari asoschisi Sitora Vyadenov Shavkat Mirziyoyevdan avtomobillarni olib kirishda bojxona rasmiylashtiruvi va sertifikatlashning amaldagi tartibini saqlab qolishni soʻradi.

Qolaversa, AJ Motors, Alliance Motors, CarBazaar, avtodiler.uz va boshqa kompaniyalar vakillari ham shu kabi murojaatlar bilan chiqishdi.

Loyiha hali kuchga kirmadi

25-mart kuni chiqqan Bosh vazir Abdulla Aripov qaroriga koʻra, 1-apreldan avtomobilning muvofiqlik sertifikati boshqa shaxs nomiga berilgan taqdirda, ularni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish taqiqlanadi. Oʻzgarishlarning kuchga kirishi haqida rasmiy eʼlon qilinmadi. Shuningdek, yangi xorijiy avtomobillarni rasmiy dilerlar orqali sotish tartibini tiklash rejalashtirilgandi.

 Texnik jihatdan tartibga solish agentligi taʼkilashicha, oʻzgartirishlar 1-apreldan amalga oshirilishi rejalashtirilgan, ammo hozircha hujjat loyiha maqomida, yaʼni oʻzgarishlar hali kuchga kirmagan.

UzAuto Motors avtomobil bozoridagi 81% ulushni egalladi

2023-yilda UzAuto Motors 4,85 mlrd dollarlik 369,99 ming dona avtomobil ishlab chiqargani ortidan Oʻzbekiston avtomobil bozoridagi 81 foiz ulushni egalladi. 5,5% ulushni ADM Jizzakh olishga muvaffaq boʻldi, qolgan qismi importdan, shu jumladan 291 mln dollarlik tushum 8948 ta BYD rusumli avtomashinalar importidan kelib tushdi.

Теги :
Jamiyat
Avto
Iqtisodiyot