Shavkat Mirziyoyev: Muammolarning sababi ham, yechimi ham professional kadrlar tayyorlash bilan bevosita bog‘liq
Davlat rahbari ishtirokida 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kadrlar tayyorlash va ta‘lim sohasidagi muammolarga to‘xtalib o‘tildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Kasbga o‘qitishda yoshlarning qiziqishi hisobga olinmayotgani ta’kidlandi.
Kasbga o‘qitish va yoshlarni ish bilan ta’minlash
Kasbga o‘qitish mehnat bozoridagi talab va yoshlar qiziqishini hisobga olmasdan, mavjud o‘qituvchilar doirasida amalga oshirilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlarning atigi 2 foizi dual ta’lim shaklida o‘qitiladi, viloyatdagi 30 ming korxonadan 350 tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, xolos. Natijada quvvati 28 ming o‘quvchi bo‘lgan kollej va texnikumlarga qabul 50 foizga yetmaydi.
Shu munosabat bilan quvvatidan to‘liq foydalanmayotgan o‘quv binolari va xonalari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilishi belgilandi. Tushgan mablag‘lar binolarni ta’mirlash va uskunalar xarid qilishga sarflanadi. Yagona shart – bu yerda yoshlarni kasbga o‘qitib, ishli qilish.
Yoshlar uchun kurslar va qulayliklar
Mutasaddilarga bu imkoniyatdan foydalanib, bu yil 30 ta kollej va texnikumda xususiy o‘quv kurslarini boshlash topshirildi.
Maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda yoshlar ishlab chiqarayotgan tovarlarni davlat xaridi platformalarida sotishdagi cheklovni olib tashlash vazifasi qo‘yildi.
Masalaning boshqa tarafi
Yoshlarni ish bilan ta’minlash va professional kadrlarni tayyorlash masalasi ko‘rilayotgan bir vaqtda hozirgi tajribasiz yoki o‘z sohasida yetarli bilimga ega bo‘lmagan yoshlar qayerdan paydo bo‘layotgani qiziq.
Bunga javobni aynan o‘sha "chala" kadrlarni tayyorlayotgan mutaxassislardan topish mumkin.
Bundan avvalroq ish o‘rinlarini sotish holatlari haqida xabar qilgan edik. Ushbu holatlarning ichida hattoki o‘qituvchilikdan tortib, tibbiyot muassasalari xodimlarigacha ishga joylashish uchun pora berish holatlari keltirib o‘tilgan.
Ta’lim berish yoki inson salomatligi bilan shug‘ullanuvchi kasblardagi ish o‘rinlarini tajribali kadrlar emas, to‘lash uchun puli bo‘lgan, mutaxassisligi doirasida yetarli bilimga ega bo‘lmagan "chala ustozlardan" sifatsiz o‘quvchilar yetishib chiqishi turgan gap axir!
Kadrlar masalasining tub ildizidagi kamchilik aynan mutaxassislarni tayyorlovchi ustozlardir. Bunday davlat organlariga ishga joylashishdagi korrupsiya holatlarini jiddiy nazoratga olishgina yaxshi yechim bo‘lishi mumkin.



