Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +15° kechasi +10°

Isroil G‘azodan keyin nega aynan Livanga bosqin uyushtirmoqda?

Harbiy tahlilchi Elijah Magniyerning aytishicha, Isroil Netanyahu aytganidek, Livanda bufer zona yaratmoqchi emas, aksincha Livanni to‘liq bosib olmoqchi. Uning ma’lum qilishcha, Isroilning 70-80 ming kishilik harbiy kuchlari bunga hozirlik ko‘rmoqda.

3 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azodan keyin nega aynan Livanga bosqin uyushtirmoqda?

Yaqin Sharqdagi turli nizo, siyosiy fitna va bo‘hronlarining kelib chiqishida tashqi kuchlarning "xizmatlari" juda katta. Mintaqadagi Falastin-Isroil nizosini hal qilmay turib mintaqadagi beqarorlik ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Isroilning oshkora tarzda sodir etayotgan xatti-harakatlari, shuningdek, istiqboldagi pinhona rejalari bunday nizolarning alanga olishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababki, siyosatshunos tahlilchilarni ancha o‘yga toldiradigan savollar ham ko‘payib, unga beriladigan javoblar ham juda murakkab bo‘lib bormoqda. Shulardan biri Isroil nega G‘azodan keyin aynan Livanga bosqin uyushtirmoqda, degan savoldir. 

Livanning strategik ahamiyati

Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Suhrob Bo‘ronov ushbu savolga javob berishga harakat qiladi. Siyosatshunosning fikricha, Livan jug‘rofiy jihatdan eng qulay bo‘lgan Yevropadan Osiyoga, Osiyodan Yevropaga boriladigan savdo yo‘llarida joylashgan. Shu sababdan XX asrning oxirlarida Livan Yaqin Sharqdagi yirik savdo markaziga aylangan edi. Neft qazib oluvchi Arab davlatlaridan Livanga oqib kelayotgan sarmoyalar, avj olgan oldi-sotdilar, bu mamlakatni bankirlar, biznesmenlar va chet el savdogarlarining boylik manbaiga aylantirgan edi. Shu bois G‘arb matbuotida Livanni "Yaqin Sharq bankiri", arablarning "Monta Karlo"si deb atashardi. Shuningdek, Livanda xristian va islom diniga mansub 20 ga yaqin diniy jamoalar mavjud. Ya’ni diniy omil ham Livanning strategik ahamiyatini ko‘rsatib beradi.

Isroilning Livandagi maqsadlari

Livan Yaqin Sharq mintaqasining kaliti hisoblanadi. Isroil G‘azo aholisini genotsid qilib, hamma joyni tekislash orqali Ben Gurion kanali loyihasini reja qilgan bo‘lsa, Livan vositasida Sharqiy O‘rta yer dengizi gaz quvuri loyihasini (Eastmed gas pipeline) ishga tushirmoqchi. Bu loyiha Yaqin Sharqdagi gaz va neft resurslarini Yevropaga yetkazishga qaratilgan ulkan loyiha hisoblanadi. Shu sababdan ham Yevropaning yetakchi davlatlari Isroilning Livan bosqiniga ko‘z yummoqda va hattoki uni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bundan Turkiya juda xavotirda. Sababi bu gaz quvuri Turkiyani aylanib o‘tadi. Anqaraning tashvishlanishiga yana bir sabab Isroilning bosqini ortidan Livandan qochqinlar oqimining Turkiya chegarasiga ommaviy yopirilib kelishi bilan bog‘liq.

Eron omili

Bizningcha, Isroil Yaqin Sharqdagi strategik maqsadlari yo‘lida Eronni "qulog‘ini tortib qo‘ydi". Eron bilan bog‘liq birin-ketin sodir bo‘layotgan "baxtsiz hodisalar"-u "rejalashtirilgan" suiqasdlar yoki Eron xalqi va shia jamoatchiligiga ko‘rsatilgan Isroilga qarshi raketa zarbalari tomoshasi - bularning barchasi Isroil-Eron tomonlari Yaqin Sharqni beqarorlashtirishda kelishib ishlayotganiga ishora qilmoqda.

Isroil Livanni to‘liq bosib olmoqchi

Yaqin Sharqda sodir bo‘lgan ma’lum bir nizoli hodisa avvalgi "muzlatilib qo‘yilgan" etnik, diniy va hududiy nizolarni ham alanga olishiga turtki bo‘lishi bilan bog‘liq. Harbiy tahlilchi Elijah Magniyerning aytishicha, Isroil Netanyahu aytganidek, Livanda bufer zona yaratmoqchi emas, aksincha Livanni to‘liq bosib olmoqchi. Uning ma’lum qilishcha, Isroilning 70-80 ming kishilik harbiy kuchlari bunga hozirlik ko‘rmoqda. Bunday manzara Yaqin Sharq xaritasini kuch bilan o‘zgartirishga qaratilgan maqsadlar bo‘lib, "Yangi Yaqin Sharq" va "Erez Isroil" (Katta Isroil) loyihalarini amalda ishga tushirishga qaratilgan. Buning oqibati Yaqin Sharq mintaqasi uchun juda ayanchli va qonli bo‘lishi mumkin.