$
 12279.48
13.71
 14508.21
16.2
 159.25
0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

Yadro xavfsizligidan mahkumlar almashinuvigacha: Mirziyoyev O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qanday hujjatlarni imzoladi?

Mirziyoyev

5 fevral kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada muzokaralar o‘tkazdi hamda Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishiga raislik qildi. Ushbu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi, amaliy bosqichga olib chiqdi.

Samimiy tabrik va ustuvor masalalar muhokamasi

Muzokaralar avvalida davlatimiz rahbari Pokiston Bosh vazirini yaqinlashib kelayotgan muqaddas Ramazon oyi hamda Pokiston kuni bayrami bilan samimiy tabrikladi. Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini batafsil ko‘rib chiqdilar.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqot mustahkamlanib, parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar jadal rivojlanmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik: raqamlar va istiqbollar

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 500 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Aviaqatnovlar soni ortib, banklararo korrespondentlik aloqalari mustahkamlanmoqda.

To‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yaqin istiqbolda o‘zaro savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish asosiy maqsad sifatida belgilandi.

Investitsiyalar, ko‘rgazmalar va biznes muloqoti

Tashrif arafasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar hamda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi. Islomobodda O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston–Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Imtiyozli savdo bitimi doirasidagi mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini ko‘paytirish hamda Lahor va Karachidagi savdo uylaridan faol foydalanish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

3,5 milliard dollarlik loyihalar portfeli

Tashrifga tayyorgarlik doirasida qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, geologiya, farmatsevtika, yengil sanoat va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida qariyb 3,5 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.

Transport-logistika yo‘nalishida Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish hamda “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Hududlararo va madaniy aloqalar – hamkorlik drayveri

Ikki mamlakat hududlarining o‘zaro aloqalari iqtisodiy hamkorlikning asosiy drayverlaridan biri sifatida belgilandi. O‘zbekiston–Pokiston hududlararo forumini tashkil etishga kelishilib, uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Xorazm viloyatida o‘tkazish taklif qilindi.

Ziyorat turizmi, madaniy almashinuv va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazish rejalashtirildi. Shuningdek, Boburiylar merosini targ‘ib etish maqsadida Lahorda qo‘shma madaniyat markazi tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Toshkent ko‘chasi va Bobur bog‘i – tarixiy ramz

Davlat tashrifi doirasidagi muhim tadbirlardan biri Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent nomini berish hamda yangi barpo etiladigan bog‘ni buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan atash marosimi bo‘ldi.

Bosh vazir Shahboz Sharif ushbu qaror ikki xalq o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy rishtalarning yaqqol ifodasi ekanini ta’kidladi. Toshkent ko‘chasi va Bobur bog‘i O‘zbekiston–Pokiston do‘stligi va strategik sherikligining ramziga aylanishi qayd etildi.

Qo‘shma deklaratsiya va keng qamrovli hujjatlar paketi

Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Shahboz Sharif Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha 30 ga yaqin muhim hujjat almashildi.

Ular:

  • Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlik kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma;
  • Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimga yangi tovarlar ro‘yxatini kiritish haqida bayonnoma;
  • Port xizmatlari va chegirmalar taqdim etish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Konchilik va geologiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va rivojlanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Farmatsevtika mahsulotlarini nazorat qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • To‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Raqamli va axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Buyuk Boburiylar sulolasining ilmiy-ma’rifiy, madaniy va me’moriy merosini asrash, o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish to‘g‘risida bitim;
  • Sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Ekologiya va tabiiy ofatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida shartnoma;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Giyohvandlik vositalari, psixotrop va yangi psixoaktiv moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi kelishuv;
  • O‘zbekistondan Pokistonga iste’mol qilish uchun yangi uzilgan olma, anjir, limon va achchiq qalampir eksporti uchun fitosanitariya talablari to‘g‘risida bayonnoma;
  • ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida “yo‘l xaritasi”.

Shuningdek, O‘zbekiston – Pokiston ekspertlar kengashini tashkil etish, O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi huzuridagi Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish boshqarmasi, Termiz shahri hokimligi va Peshovar shahri ma’muriyati, Samarqand shahri hokimligi va Islomobod shahri ma’muriyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Islomobod strategik tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Peshovar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.


OAV uchun bayonot va xalqaro kun tartibi

Yig‘ilish yakunida ikki davlat yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar. Prezident Mirziyoyev Pokistonni O‘zbekistonning ishonchli strategik sherigi sifatida e’tirof etib, so‘nggi besh yilda savdo hajmi 2,5 baravar, qo‘shma loyihalar soni esa qariyb 3 baravar oshganini ta’kidladi.

Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashga qat’iy intilish bildirildi. Pokistonning O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlayotgani va BMT Xavfsizlik Kengashidagi faoliyati yuqori baholandi.

Теги :
Jamiyat
Siyosat