Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +20° kechasi +9°

Rossiya sudlangan barcha migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Bunday migrantlar Rossiyaga kirish huquqisiz hamda vaqtinchalik yashash ruxsatnomalaridan mahrum qilingan holda mamlakatdan chiqarilishi ma’lum qilindi.

2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudlangan barcha migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Sudlangan barcha migrantlarni Rossiyadan chiqarib yuborish tashabbusi Davlat dumasiga kiritilmoqda. Bu haqda Davlat qurilishi va qonunchilik bo‘yicha qo'mita raisi o‘rinbosari Sardana Avksentiyeva Telegram kanalida xabar berdi.

Sabab nima?

Shuningdek, bunday migrantlar Rossiyaga kirish huquqisiz hamda vaqtinchalik yashash ruxsatnomalaridan mahrum qilingan holda mamlakatdan chiqarilishi ma’lum qilindi. Bu tashabbusga kecha 23-avgust kuni Volgograd yaqinidagi koloniyada ro‘y bergan voqea sabab bo‘lmoqda.

Rossiya kaloniysidagi tartibsizliklar

Volgograd viloyatining Surovikino shahridagi 19-sonli axloq tuzatish koloniyasida 4 nafar mahbus bir necha federal jazoni ijro etish xizmati xodimlarini garovga oldi. Mazkur mahbuslar Rossiyaga ishlashga kelgan migrantlar bo‘lib, ular turli jinoyatlar bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilingani xabar berildi.

Ular o‘zlarini ISHID a’zosi deb e’lon qilib, jazoni ijro etish xizmati xodimlarining uch nafarini o‘ldirgan. Yana bir qancha xodimlar jarohat olgan. Garovga olish natijasida yaralanganlar orasida ATK-19 boshlig‘i ham bo‘lgan.

Jinoyatchilar shturmda halok bo‘ldi

Rossiya maxsus kuchlari garovdagilarni ozod qilish uchun shturm uyushtirib, jinoyatchilarni zararsizlantirdi. Avvaliga ikki jinoyatchi halok bo‘lgani, yana ikki nafari yaralangani xabar qilindi. Keyinroq yaralangan jinoyatchilar ham vafot etgani ma’lum qilindi.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonida ozodlikdan mahrum qilish joyidagi mahbuslar pichoq va boshqa sovuq qurollarni qanday qo‘lga kiritishgani aniqlanishi aytib o‘tildi.