$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Volgograd koloniyasidagi bosqin: xodimlar garovga olingan, qurbonlar ham mavjud

bosqin

Volgograd viloyatining Surovikino shahridagi 19-sonli axloq tuzatish koloniyasida mahbuslar bir necha kishini garovga oldi. Bu haqda Federal jazoni ijro etish xizmatining viloyat bo‘yicha matbuot xizmati xabar berdi.

Garovga olingan xodimlar va qurbonlar

Idora maʼlumotlariga ko‘ra, bu intizom komissiyasi yig‘ilishida sodir bo‘lgan va axloq tuzatish muassasasi xodimlari garovga olingan.

Hozirda garovga olinganlarni ozod qilish choralari ko‘rilmoqda. Jabrlanganlar bor, deyiladi”, – xabarda.

“TASS” xabariga ko‘ra, Federal jazoni ijro etish xizmati xodimlaridan biri halok bo‘lgan, hujumchilarning minimal soni uch nafarni tashkil qilgan. Baza nashrining yozishicha, jami to‘rt kishi garovga olingan, ulardan ba’zilari o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, telegram-kanal maʼlumotlariga ko‘ra, hujumchilar ISHIDga aloqador ekanligini daʼvo qilmoqda.

Gruziyaga samolyot va 2 mln. dollar

Hujumchilar 2 million dollar va Gruziya hududiga olib borishi kerak bo‘lgan vertolyot hamda “Rossiyadan qochish uchun janubi-sharqdagi havo yo‘lagi”ni talab qilgan.

Garovga olish natijasida yaralanganlar orasida ATK-19 boshlig‘i ham bo‘lgan, deya qayd etgan Baza.

Garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha harakatlar

Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmati ham mazkur holatni tasdiqlab, Volgograd viloyatidagi 19-jazoni ijro etish koloniyasida intizomiy komissiya yig‘ilishida mahkumlar qamoqxona xodimlarini garovga olgani, ayni paytda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha harakatlar olib borilayotganini bildirgan.

Bosqinchilarning 2 nafari o‘zbekistonlik

Norasmiy kanallarda Volgograddagi koloniyada qoʻriqchilarni garovga olgan va oʻzlarini “Islom davlati” a’zosi deb e’lon qilgan maxbuslarning shaxsi aniqlanganligi aytilmoqda.

Unga ko‘ra:

— Ramzidin Toshev, 28 yoshda, Oʻzbekistonlik. 2023-yil 25-oktyabrda 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan (Narkotik moddalarni savdo qilishga urinish).

— Rustamjon Navruz, 23 yoshda, Tojikistonlik. 2022-yil 23-iyunda 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan (Narkotik moddalarni savdo qilishga urinish).

— Nazirjon Tonov, 28 yoshda, Tojikistonlik. 2023-yil 19-aprelda 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan (Narkotik moddalarni savdo qilishga urinish).

— Temur Xusinov, 29 yoshda, Oʻzbekistonlik. 2018-yil 9-noyabrda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan (Sogʻliqqa qasddan ogʻir shikast etkazish).

Hozirgacha ma’lum bo‘lganlar

Baza nashrining xabariga ko‘ra, hozirgi paytda quyidagilar ma’lum:

 Garovga olish voqeasi intizomiy komissiya davomida sodir bo‘lgan. To‘rt nafar hujumchi o‘zlarini taqiqlangan va terrorchi IShID a’zolari deb atashgan. Terrorchilarning aytishicha, ular FSIN xodimlariga hujum qilishgan, chunki koloniyaning ma’muriyati ularni diniy e’tiqodlari tufayli kamsitgan.

 Besh nafar garovdagi odamlar hujumchilardan qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan. Ular orasida koloniya boshlig‘i, bir mahbus va uch nafar IK xodimi bor. Hammasi pichoqlangan jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Hujum vaqtida uch nafar FSIN xodimi halok bo‘lgan. IK-19da qancha odam garovga olingani hozircha aniq emas.

 Terrorchilar garovdagi odamni Vladimir Putinga murojaat qilishga majbur qilishgan, ularning talablarini bajarishni so‘rashgan.

Voqeadan oldin IK-19da yangi xodimlar qasamyod qabul qilishgan. Amaldagi xodimlar unvonlar bilan taqdirlangan, xizmat nishonlari va boshqa mukofotlar berilgan.

Koloniyaga Volgograd viloyatining imomi kelgan. U bosqinchilardan muzokara olib borishga ruxsat kutmoqda.

Krokusga hujum qilgan terrorchilar uchun qasos

Ijtimoiy tarmoqlarda bosqinchilarning yangi videolari tarqaldi. Videolarda hujumchilar o‘zlarini “Islomiy davlat mujahidlari” deb atashgan (RFda taqiqlangan) va pichoqni FSIN xodimining bo‘yniga qo‘yishgan. Qon bilan qoplangan xodimni terrorchilar prezidentga murojaat qilishga majburlashgan.

Shuningdek, yozib olingan yangi videoda ular Krokusga hujum qilgan terrorchilar uchun qasos olayotganini aytishgan. Shu bilan birga, ular 2 million dollar va vertolyot talab qilishmaganini ta’kidlashgan.

Hujumchilardan biri aytishicha, ular ko‘p sonli garovdagilarni ushlab turishgan, lekin videoda ular ko‘rinmaydi. Shu bilan birga, ular jarohatlangan garovdagini boshqasiga almashtirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Bu birinchisi emas

Ma’lumot uchun, 16-iyun kuni olti nafar mahbus Rostov tergov izolyatorining ikki xodimini - tergov izolyatorining navbatchilik smena inspektori Viktor Konchakov va mintaqaviy federal jazoni ijro etish xizmati tezkor boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Bogmani garovga olgan edi. Bosqinchilar maxsus amaliyot paytida jismonan yo‘q qilingani aytilgan edi. 

Afsuski gumonlanuvchilardan ikki nafari Oʻzbekiston fuqarolari bo‘lganligi Rossiyada shundoq ham oshib yotgan millatchilik fonini yanada kuchaytiradi.