$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qoldi

asosiy stavka

Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 23-yanvardagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Qabul qilingan qaror bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichlari va inflyatsiya kutilmalarini barqaror pasayish yo‘nalishiga qaytarish hamda o‘rta muddatli davrda 5 foizlik targetga erishish uchun zarur sharoitlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan.

Inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi

Umumiy inflyatsiya darajasi 2024-yil oktyabr oyidan boshlab pasayish tendensiyasiga o‘tib, dekabr oyida yillik 9,8 foizni tashkil qildi. Bu holat narxlar barqarorlashuvining kuchayib borayotganidan dalolat beradi. 2024-yil yakunida iste’mol savatidagi tovar va xizmatlarning to‘rtdan uch qismida narxlar o‘sishi 2023-yilga nisbatan sekinlashgani qayd etildi.

Bazaviy inflyatsiya bosimlari oshmoqda

Dekabr oyida bazaviy inflyatsiya biroz oshib, 7,2 foizga yetdi. Xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari bo‘yicha bazaviy inflyatsiyaning yuqori darajada shakllanishi, taklif omillari bilan bir qatorda, yalpi talabning oshishi natijasida inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Yuqori iqtisodiy faollik va investitsion o‘sish

Iqtisodiyotda 2023-2024-yillardagi iste’mol va investitsion faollikning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, ish haqi va transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining yuqori oʻsishi aholi real daromadlari oshishiga xizmat qildi. Bu esa yuqori iqtisodiy faollik fonida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qoʻllab-quvvatlovchi ta'sirga ega boʻlib, bazaviy inflyatsiyaga oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.

Inflyatsion kutilmalar va jahon bozoridagi xavflar

2024-yil noyabr-dekabr oylarida mavsumiy xarakterga ega taklif omillarining namoyon boʻlishi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalari darajasida oʻsish qayd etildi.

Kelgusida inflyatsiyaga ushbu ta’sirlarning kamayib borishi, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari hamda makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishi inflyatsion kutilmalarning pasayishiga yordam beradi.

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

 

Energiya narxlari erkinlashtirilishining inflyatsiyaga ta’siri

Joriy yilning birinchi yarmida 2024-yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi ta'siri tugab borishi II chorak yakunida umumiy inflyatsiyaga sezilarli pasaytiruvchi ta'sirga ega boʻladi. Shu bilan birga, 2025-yilda mazkur islohotning navbatdagi bosqichi amalga oshirilishi muddati bir oyga farqlanishi hisobiga aprel oyida umumiy inflyatsiya darajasining vaqtincha oshishi kutilmoqda.

Kelgusida yuqoridagi oʻzgarishlarning bazaviy inflyatsiyaga ikkilamchi ta'sirlari darajasi pul-kredit sharoitlari yoʻnalishlarini belgilovchi muhim omil boʻladi.

2025-yilda iqtisodiy o‘sish va global bozor xavflari

2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot oʻsishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar ortishi iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi omil boʻlib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oʻsishi boʻyicha xatarlar import narxlari orqali inflyatsiyaga oshiruvchi ta'sirga ega boʻlishi mumkin.

Real almashuv kursining barqarorlashuvi va inflyatsiya ta’siri

2024-yil soʻnggi oylaridagi real samarali almashuv kursining ma'lum darajada mustahkamlanishi qisqa muddatli xarakterga ega boʻlib, ayrim savdo hamkorlar valyutalarining qadrsizlanishi hamda bizda inflyatsiya darajasi ularga nisbatan yuqoriligi ta'sirida shakllandi. 2025-yilning ikkinchi yarmida inflyatsiya darajasi pasayib borishi bilan real samarali almashuv kursi oʻzining oʻrta muddatli trendi darajasiga qaytishi kutilmoqda.

Ichki valyuta bozorida barqarorlik prognozi

2024-yilda joriy operatsiyalar hisobi saldosining yaxshilanishi va 2025-yilda savdo hamkor davlatlardagi makroiqtisodiy barqarorlikning saqlanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, almashuv kursiga ta’sir qiluvchi ichki omillar bo‘yicha sezilarli xavflar prognoz qilinmayapti. Bu omillar o‘rta muddatli istiqbolda ichki valyuta bozorida muvozanatli tendensiyalarning shakllanishiga imkon yaratadi.

Pul bozorida qat’iy sharoitlar va jamg‘armaga rag‘bat

Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik ko‘rsatkichlari joriy pul-kredit sharoitlarining qat’iyligini tasdiqlamoqda. Iqtisodiyotda real foiz stavkalarining yuqori darajada bo‘lishi aholining jamg‘arishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirmoqda.

Pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi kelgusida kreditlash hajmining mo‘tadil o‘sishini va depozitlarning yuqori sur’atlarda davom etishini ta’minlaydi. Bu esa yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qilib, monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini sezilarli darajada kamaytiradi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz, 13,5 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Markaziy bank inflyatsiya targetiga erishish uchun qat’iylikni saqlaydi

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyani 5 foizlik maqsadga yetkazish uchun pul-kredit siyosatini qat’iy darajada davom ettiradi. Kelgusi choraklarda yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kutilganidan yuqori bo‘lsa, pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Markaziy bank asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishini 2025-yil 13-mart kuni o‘tkazishni rejalashtirgan. Ushbu yig‘ilishda pul-kredit siyosatining kelgusi yo‘nalishlari belgilanishi kutilmoqda.

 

 

Теги :
Jamiyat