$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun yangilanmoqda. Bu nimani anglatadi?

iqtisodiyot yashirin iqtisodiyot

1993-yil 7-mayda qabul qilingan “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qariyb 30 yil deganda ilk bor yangilanmoqda. Yangilangan qonun loyihasi bugun, 23-oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Ushbu Qonun takomillashtirishga muhtoj deb topilgan

Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarovning majlisda ma’lum qilishicha, qonunning eski varianti mutaxassislar tomonidan tahlil qilinganda unda takomillashtirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi kerak bo‘lgan normalar mavjudligi aniqlangan. Qonunda davlat sirlarini himoya qilish sohasida tegishli organlar vakolatlari, maxfiylik darajalari, ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari, davlat sirlariga ruxsat va huquqni rasmiylashtirish asoslari aniq belgilab berilmagan. Shu bois ushbu qonun asosida qabul qilingan qonunosti hujjatlarida davlat sirlaridan foydalanish va ular bilan ishlash turlicha talqin etilmoqda.

Maxfiy qarorlar davlat sirlaridan foydalanish huquqining yetarlicha ma’lum emasligiga sabab bo‘lmoqda

Davlat sirlari bilan ishlash va ularni himoya qilish tartibi, maxfiylik rejimini ta’minlash va maxfiy ish yuritishni tartibga solish Vazilar Mahkamasining bir qator maxfiy qarorlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu qarorning maxfiyligi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning davlat sirlaridan foydalanish huquqin yetarli darajada bilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Yangi Qonun ochiqlik talablariga oid muammolarni hal qila oladimi?

Davlat sirlari bilan tanishish va tanishishga ruxsat berish tartibi, maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar toifalari, davlatlar o‘rtasida davlat sirlarini o‘zaro almashish tizimi amaldagi qonunda tartibga solinmaganligi bugungi kunda mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik va axborot almashish talablariga ziddir.

Davlat sirlariga tegishli ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan. Oqibatda ma’naviy eskirgan, noaktual bo‘lgan hujjatlar arxivlarda yig‘ilib borib, ularning taqdiri hal qilinmasdan qolmoqda. Bu kabi va boshqa muammolarni bartaraf etish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunini yangi tahrirda ishlab chiqildi va qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

Davlat sirlarini himoya qilishda yangi tartib va vakolatlar belgilandi

“Hozirgi zamonning globallashuvi axborot texnologiyalari jamiyatning barcha jabhalariga shiddat bilan kirib borayotgan bir sharoitda maxfiy ma’lumotlarni saqlash hamda davlat xavfsizligini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlat sirlarini himoya etishning asosiy me’zoni bu axborotllarni himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hisoblanadi”, dedi Madumarov.

Mazkur qonunning yangilanishi orqali esa quyidagi o‘zgarishlar kutilmoqda:

1. Mamlakatning davlat sirlari to‘g‘risidagi yagona siyosati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi, davlat sirlaridan foydalanish davlat tomonidan tartibga solinishi, DXX hamda davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning sohadagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Qayd etish lozimki, bugungi kungacha davlat sirlaridan foydalanishda faqat DXXning vakolatlari belgilangan edi.

Davlat sirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 4 toifaga bo‘linadi:

a. Harbiy sohadagi;

b. Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy sohadagi;

d. Razvedka va kontr-razvedka, tezkor qidiruv faoliyati va boshqa davlat xavfsizligi yo‘nalishlariga oid;

e. Iqtisodiyot, ta’lim va texnika sohalariga oid chegaralangan ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

Amalda ushbu ro‘yxat hukumatning 1994-yildagi qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada maxfiy grifda berilgan. Ushbu ro‘yxatning qonun bilan ochib berilishi bugungi kundagi ochiqlik siyosatiga mos keladi.

Kimlarga Davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilmoqda?

Jumladan, davlat sirlaridan foydalanish huquqi 18 yoshga to‘lgan shaxslarga berilishi, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmaganlarga esa ruxsatnoma xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston qonunchiligi talablariga mos kelishi sharti bilan berilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Davlat sirlari bilan ishlash huquqi tugatilgandan so‘ng respublikan xorijga chiqish tartibi davlat sirlarini maxfiylashtirish va maxfiylikdan chiqish hamda davlat organlari va boshqa tashkilot xodimlarining mazkur yonalishdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv kurslarini tashkil etish masalalari ushbu qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Davlat sirlarini saqlashda fuqarolar xavfsizligi qanday kafolatlanadi?

Davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat rasmiylashtirilgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar va ularning faoliyatlari kafolatlari, axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilg‘or texnologiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish masalalari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati va ushbu ma’lumotlarni maxfiylashtirish bo‘yicha asossiz qaror qabul qilganlik bo‘yicha javobgarlikni belgilash hamda fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarni davlat sirlariga kiritilishini ma’n etish aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Ma’lumot uchun, 20-avgust kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun o‘rniga “Davlat siri to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgandi.