$
 12984.44
9.35
 13442.79
69.36
 129.90
2.27
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi

markirovka

20-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Ekologiya vazirligi tizimni tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Markirovkalash o‘zi nima?

Markirovkalash - bu mahsulotda maxsus shifrlangan belgi bo‘lib, u ishlab chiqaruvchi, mahsulot seriya raqami kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Markirovkalashning asosiy maqsadi — aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish, yashirin ishlab chiqarish faoliyati va qalbaki tovarlar tarqalishiga qarshi turishdir. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ushbu mexanizmning joriy etilishi nafaqat tovarlarning ishlab chiqarish/importidan to oxirgi sotish va muomaladan chiqarilishigacha bo‘lgan hayotiy siklini kuzatish, balki byudjetga soliq tushumlarini ko‘paytirish imkonini beradi.

Markirovkalashning foydasi

Mahsulot tarkibi: mahsulot yorlig‘i xaridorga nima iste’mol qilayotganini bilish imkonini beradi. Bu iste’molchiga mahsulot qanchalik sog‘lom yoki nosog‘lom ekanligini bilish, mahsulot asl ishlab chiqaruvchiga tegishli ekanligini o‘rganish imkoniyatini yaratadi.

Nimalar joriy etilmoqda?

O‘zbekiston hududida ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq butun hayotiy davr bo‘yicha (I tip) “Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi (ekologik markirovkalash tizimi);

mahsulot va xizmatlarning ekologik markirovkalash standartlariga muvofiqligini ekologik markirovkalash tizimida avtorizatsiyadan o‘tgan yuridik shaxslar (ekologik markirovkalash organi) tomonidan baholash tartibi.

Ekologiya vazirligi markirovkalash tizimi uchun mas’ul organ

Ekologiya vazirligi ekologik markirovkalash tizimini tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi hamda unga quyidagi vazifalar yuklandi, jumladan:

·       ekologik markirovkalash tizimini tartibga solish hujjatlarini, shu jumladan, ekologik markirovkalash tizimi qoidalari, ekologik markirovkalash organini avtorizatsiyadan o‘tkazish, xorijiy davlatlarning ekologik markirovka tizimlarini tan olish hamda ekologik markirovka belgisini qo‘llash tartiblarini tasdiqlash;

·       ekologik markirovkalash organlariga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash;

·       ekologik markirovkalash standartlariga muvofiq ekologik jihatdan afzal, shu jumladan, resurslarni tejovchi, kam chiqitli va chiqindisiz, atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlarni keng ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va kiritish;

·       ekologik markirovkalash standartlarini ishlab chiqish.

·       Shuningdek, ekologik markirovka belgisi tasdiqlandi.

Tizim O‘zbekistonda qachondan joriy etilgan edi?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi 737-sonli “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi, 2020-yil 31-dekabrdagi 833-sonli “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2021-yil 20-apreldagi 322-sonli “Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq O‘zbekistonda ham bosqichma-bosqich majburiy markirovkalash tizimiga o‘tila boshlangan edi.

Asosan qanday turdagi mahsulotlar markirovkalanadi?

O‘zbekistonda 2021-yilning 1-yanvaridan tamaki va alkogol mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash boshlangan. 1-apreldan esa pivo mahsulotlarining majburiy markirovkasiga start berilgan edi. Respublikadagi 3 ta yirik pivo zavodida markirovkalangan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Keyingi bosqichda dori-darmon va tibbiyot mahsulotlari, suv va alkogolsiz ichimliklar, shuningdek, maishiy texnika mahsulotlarini markirovka qilishga o‘tish rejalashtirilgan. Markirovkalangan mahsulotlar yangilanayotgan 1 217 turdagi mahsulot (108 turdagi tamaki, 1 039 turdagi alkogol, 70 turdagi pivo) haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Milliy katalogda” aks etgan.