$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir sinfda qirq o‘quvchi va 2-3 smenali darslar: maktablar yetishmovchiligi qachon tugaydi?

maktab

Erta tongdan bilim olish ishtiyoqida millionlab o‘g‘il-qizlar maktab tomon yo‘lga chiqadi. Ayniqsa, 1-sinfga endi qadam qo‘yayotgan bolajonlar yuzida o‘zgacha hayajonni ko‘rish mumkin, chunki maktab ular uchun yangi, qiziqarli va butunlay boshqacha hayot tarzi demakdir. O‘z navbatida bu yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, 11 yilni shunchaki emas, biror fan, til yoki hunarni o‘rganib chiqishi uchun imkoniyat yaratib beradigan mas’uliyatli davr hamdir.

Biroq necha yillarki ushbu qutlug‘ dargoh, unda dars beruvchi ustozlar, 11 yillik hayotini chambarchas bog‘lagan o‘quvchilarni qiynayotgan muammolar bor. Darslar ikki, uch smenali, o‘quvchi o‘rni yetishmaydi, o‘rin bo‘lsa, o‘qituvchi yo‘q, o‘qituvchi bo‘lsa, yuklama haddan ziyod ortiq. Bir tomondan maktablar abgor, ta’mirtalab ahvolda. Quruq iddaoni qo‘ysakda, raqamlarga yuzlansak, vaziyat yanada oydinlashadi.

1 milliondan ortiq o‘quvchiga o‘rin yo‘q

O‘zbekistonda yangi o‘quv yili uchun 719 000 nafardan ortiq bolani 1-sinfga qabul qilinishi aytildi. 2023/2024-o‘quv yilida esa 414,6 ming nafar o‘quvchi maktabni bitirdi. Maktabga qabul qilingan o‘quvchilar soni qariyb 300 mingga ko‘p. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, bir yil ichida yetarli darajada maktab qurilib, ehtiyojni qoplashga yetgulik o‘quvchi o‘rni yaratildimi? Yoki bir smenali maktablar ikkiga, ikkitalisi uch smenaliga almashadimi? 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov ma’lumotlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 10 582 ta (400 tadan ortiq nodavlat) umumta’lim maktablar faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda davlat maktablarida 6,4 million nafar bola tahsil oladi. Ayni paytda maktablarda 5 milliontadan ortiq o‘quvchi o‘rni mavjud. O‘rtadagi farq qariyb 1 milliondan ortiq. Ya’ni bizda taklifga nisbatan talab ortib ketmoqda, maktablar yetishmovchiligi esa hanuzgacha dolzarb muammo bo‘lib turibdi.

Bu masala bugunning gapi emas, albatta, yillarki ommaviy axborot vositalarida, yuqori minbarlarda ham bu xususda to‘xtalinadi. Lekin vaziyat yildan-yilga yaxshilanib emas, aksincha, orqaga ketib bormoqda. Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga qarasak, oxirgi ikki yilda yangi maktablar qurish yana kamayib borayotganini ko‘tish mumkin:

  • 2018/2019-o‘quv yili boshida — 9 774 ta (avvalgi o‘quv yilidan 56 ta ko‘p);
  • 2019/2020-o‘quv yili boshida — 10 090 ta (316 ta ko‘p);
  • 2020/2021-o‘quv yili boshida -— 10 181 ta (91 ta ko‘p);
  • 2021/2022-o‘quv yili boshida — 10 289 ta (108 ta ko‘p);
  • 2022/2023-o‘quv yili boshida — 10 522 ta (233 ta ko‘p);
  • 2023/2024-o‘quv yili boshida — 10 750 ta (228 ta ko‘p).

Vaholanki, 2022-2023-o‘quv yilida ham vaziyat o‘nglaib, maktablar yetarli bo‘lib qolgan emas edi. Makroiqtisodiy va hududidy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarda ham buni ko‘rishimiz mumkin.

“2022-2023 o‘quv yilida respublikada 10 522 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritgan (194 tasi xususiy). O‘quvchilar soni 6 461 741 nafarni tashkil etgan (ularning 0,71 foizi xususiy maktablarda). Maktablar esa 5 283 916 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, ya’ni 1 ta o‘quvchi o‘rniga 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda. Buning oqibatida respublikadagi umumta’lim maktablarining 0,1 foizi (13 ta) uchta smenada va 73,1 foizi (7521 ta) ikkita smenada faoliyat yuritadi. Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar soni 2,1 milliondan oshiq bo‘lib, jami o‘quvchilarning 33 foizini tashkil etadi”. 

Ikkinchi smena ta’lim sifatiga ta’sir qiladimi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 6,4 million nafar o‘quvchining 60 foizdan ortig‘i 2 smenada o‘qiydi. Ertalab o‘qiydimi, tushdan keyinmi, ikki smenali bo‘lsa, nima qilibdi deyishinghiz mumkin. Yana o‘sha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan natijani eslasak: O‘zbekiston PIRLS tadqiqotlarida qatnashganda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligi bo‘yicha 57 ta mamlakat ichida 49-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston qayd etgan o‘rtacha ball tadqiqotda belgilangan o‘rtacha baldan anchagina past. 

Tahlilda maktablardagi resurslar yetishmovchiligi ham o‘quvchilarning natijasiga ta’sir qilgani yozilgan. Ya’ni 2-3 smenali maktablar, kutubxona, o‘quv ko‘rgazmali qurollari deyarli yo‘qligi, sinfda o‘quvchilar soni ko‘pligi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga xohlaymizmi yoki yo‘qmi, o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Bir sinfda 40 ta bola, o‘qituvchi qaysi biriga qarasin?

Keyingi masala sinfda o‘quvchilar sonining ko‘pligi. Bugun sinflarda o‘rtacha o‘quvchilarni to‘ldirish meʼyori 25 nafarni tashkil etadi. Bitta sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Respublikadagi davlat maktablarida jami 245 mingta sinflar mavjud. Shundan 2 mingtasida o‘quvchilar soni 35 nafardan oshadi. Markaziy hududlarda esa 40-45 nafar bola o‘tirgan sinfni ko‘rsak ham ajablanmaymiz. 

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2017-yilda tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomda sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Psixologlarning ta’kidlashicha, sinfdagi o‘quvchilar soni 25 nafardan oshmasligi kerak, lekin nizomda 35 nafar, amalda esa undan ortiq.

Sinfdagi o‘quvchilar sonining ko‘pligi o‘qitish jarayonida har bir o‘quvchiga individual yondashish va e’tibor berishni qiyinlashtirishi, bu esa ta’lim sifatini pasaytirishi – ko‘p jihatdan isbotlangan fakt. Bu, avvalo, pedagogning o‘quvchilar bilan ishlashini qiyinlashtiradi. O‘g‘il-qizlarning dars vaqtidagi kayfiyatini bilolmaydi, mavzuga barchaning diqqatini birdek jalb etolmaydi. Bunday hollarda o‘quvchiga yetarli darajada e’tibor qaratilmasa, ruhiyatida salbiy o‘zgarish kuzatiladi, bilim olishga ishtiyoqi susayadi. Jarayonda kasbiy deformasiya yuzaga keladi. Bu qiyinchilik o‘quvchilarning bilish jarayoni(diqqat, xotira, idrok, tafakkur va hokazo)ning rivojlanishiga halal beradi.

AQSHning Milliy maktab kengashlari assosiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, sinflardagi o‘quvchilar sonining ko‘payishi bolalarning ta’limdagi muvaffaqiyat darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va xulq-atvor muammolarini kuchaytiradi. Bundan tashqari, o‘quvchilar zichligi yuqori bo‘lgan maktablarda darslarni qoldirish holatlari ko‘proq kuzatiladi.

Ajratilgan mablag‘larni oqilona sarflash kerak

Yuqoridagilarni o‘qir ekanmiz, davlat pul ajratmasa, qayerdan ham maktab quramiz degan e’tiroz tug‘ilishi tabiiy. Ammo yana raqamlarga yuzlansa, 2016-yildan boshlab O‘zbekistonda ta’lim tizimiga xarajatlar keskin osha boshlaganini ko‘rish mumkin. Umumiy o‘rta ta’limga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari 2019-yilda 17 100,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib, 36 979 mlrd. so‘mga yetdi va 116,3 foizga oshdi. 2018-2023-yillar oralig‘ida umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilar soni 10 foizga oshgan bo‘lib, bunga mos ravishda har bir o‘quvchi uchun to‘g‘ri keladigan ta’lim xarajatlari 127 foizga (2,1 million so‘mdan 4,8 million so‘mgacha) o‘sgan.

To‘g‘ri, bu pullarning aksariyati o‘qituvchilar maoshiga sarflanadi. Biroq qolgan mablag‘larni ham turli forum, tadbir, obuna, shishirilgan narxlardagi sharnomalarga emas, manzilli va foydali jihatlarga sarflansa, maqsadga mubofiq bo‘lgan bo‘lardi. Umumiy o‘rta ta’lim sifati haqida gap ketar ekan maktablar qurilishi biz uchun eng asosiy masala bo‘lishi kerak. Qolaversa, bugungi O‘zbekiston xarajatlarining, shu jumladan, tashqi qarzlarning ham juda katta qismi samarasiz va kechiktirsa hech narsa o‘zgarmaydigan yuzlab qurilishlarga sarflanmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan byudjet sarfi ortishiga olib keladi. Birgina ko‘ngilochar maskanni qurishga yuzlab maktablar qurilishiga yetadigan pullar sarflanyapti. Xullas yurtimizda maktablardan boshqa hamma narsa qurilyapti. Bugungi maktablarimizdagi ahvolni ko‘ra turib, bunday jimjima va hashamga o‘chlikni qanday oqlash mumkin.

Теги :
Jamiyat