$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktab infratuzilmasiga nazar: 450 dan ortig'i avariya holatida, atiga 30 foizi kanalizatsiyaga ulangan

maktab

O‘zbekistonda umumta’lim tizimiga davlat xarajatlari yuqori bo‘lishiga qaramay, tizimdagi sifat pastligicha qolmoqda. Buning isboti sifatida 2021-yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS testida mahalliy o‘quvchilar dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich (500) dan past natija (437) olganini keltirish mumkin. 2022-yilda O‘zbekiston maktablarida 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA testlari ilk marotaba o‘tkazildi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni (80-o‘rin) egalladi.

Ta’lim tizimidagi sifat samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari 

Ta’lim tizimidagi sifat samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari bu o‘quv darsliklarning sifati, o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi, ularning malakasi, maktablarning infratuzilmasi va ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtirokidir. Ushbu omillarni chuqur tahlil qilish maqsadida MHTI ekspertlari tomonidan tahlil o‘tkazildi.  

Maktablardagi infratuzilma

2022-2023 o‘quv yilida respublikada 10522 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritgan (194 tasi xususiy), Maktablar soni 2021-2022 o‘quv yilidagiga nisbatan 233 taga oshgan. Umumta’lim maktablarining 62,5 foizi (6571 ta) qishloqlarda joylashgan. O‘quvchilar soni 6461741 nafarni tashkil etgan (ularning 0,71 foizi xususiy maktablarda). Maktablar esa 5283916 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, ya’ni 1 ta o‘quvchi o‘rniga 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda. 

Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar 33 foizini tashkil etadi

Buning oqibatida respublikadagi umumta’lim maktablarining 0,1 foizi (5 ta) uchta smenada va 73,1 foizi (4777 ta) ikkita smenada faoliyat yuritadi. Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar soni 2,1 milliondan oshiq bo‘lib, jami o‘quvchilarning 33 foizini tashkil etadi. 

Maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga ega

Umumta’lim maktablarining 64,2 foizida oshxona yoki bufet, 95 foizida kutubxona, 79 foizida sport zali bor. Maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga ega (masalan O‘monda 99 foiz, Rossiyada 96 foiz), 70,5 foizida vodoprovod mavjud. Umumta’lim maktablarining 99 foizi isitish tizimiga ega.

Qishloqlardagi 63 foiz maktab kapital ta’mirga muhtoj

Respublikada faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablarining 15,9 foizi (1658 ta) kapital ta’mirga muhtoj. Ularning 63 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Aytib o‘tish joizki, Buxoro viloyatidan tashqari barcha hududlarda ta’mirlashga muhtoj maktablar mavjud. Ushbu maktablarning katta qismi Toshkent (219 ta), Surxondaryo (209 ta) va Qashqadaryo (204 ta) viloyatlarida joylashgan.

Maktablarning 4,3 foizi (451 ta) avariya holatida

Maktablarning 4,3 foizi (451 ta) avariya holatida, ularning ham katta qismi, ya’ni 60,7 foizi qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Avariya holatidagi maktablarning asosiy qismi Qashqadaryo (101 ta) viloyatida joylashgan.

Kompyuter sinflari ham talab darajasida emas

Umumta’lim maktablarining 98 foizida kompyuter sinflari mavjud. Har bir maktabga 1,4 tadan kompyuter sinfi to‘g‘ri keladi. Aytib o‘tish joizki, qishloqlarda joylashgan maktablarning 98,5 foizida kompyuter sinflari mavjud. Umumta’lim maktablaridagi har bir o‘quvchiga 0,03 ta kompyuter to‘g‘ri keladi, qishloq joylarda ushbu ko‘rsatkich 0,04 ga teng. Ushbu ko‘rsatkich dunyo mamlakatlari bilan solishtirganda ancha past, masalan har bir o‘quvchiga Qozog‘istonda 0,72 ta, Ozarbayjonda 0,55 ta, Belarusda 0,55 ta, Turkiyada 0,25 ta, umumiy IHTT mamlakatlarida esa 0,85 ta kompyuter to‘g‘ri keladi. Kompyuterlarning 71,6 foizi internet tarmog‘iga ulangan, qishloq joylarda esa 69,4 foizi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ham mahalliy maktablar xorijiy maktablardan ortda qolmoqda. Xususan, Turkiyada 92 foizi, Ozarbayjonda 80 foizi, Belarusda 85 foizi internet tarmog‘iga ulangan.

Milliardlab mablag'lar qayerga ketyapti?

Yuqoridagi raqamlarni ko'rib, har yili davlat byudjetidan milliardlab mablag' ta'lim sohasiga ajratiladi. Bu mablag'lar qayerga ketyapti, degan savol tug'ilishi tabiiy. To'g'ri, 2016-yildan boshlab O‘zbekistonda ta’lim tizimiga xarajatlar keskin osha boshladi. Umumiy o‘rta ta’limga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari 2019-yilda 17 100,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib, 36 979 mlrd. so‘mga yetdi va 116,3 foizga oshdi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. 2018-2023 yillar oralig‘ida umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilar soni 10 foizga oshgan bo‘lib, bunga mos ravishda har bir o‘quvchi uchun to‘g‘ri keladigan ta’lim xarajatlari 127 foizga (2,1 million so‘mdan 4,8 million so‘mgacha) o‘sgan. 

Umumiy o‘rta ta’limda davlat xarajatlari asosan o‘qituvchilarning oylik maoshini to‘lashga sarflanadi. Xususan, ish haqi va unga tegishli xarajatlarning umumiy o‘rta ta’lim xarajatlaridagi ulushi 2021-yilda 83 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 90 foizga yetdi. Aytib o‘tish joizki, boshqa mamlakatlarda ushbu xarajatlar nisbatan pastroq. Masalan, u Qozog‘istonda 50-60 foizni, Finlyandiyada 65-70 foizni tashkil etadi.

Теги :
Jamiyat