$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Majburiy mehnatga qanday javobgarlik belgilangan?

Majburiy mehnat

Aslida, majburiy mehnatga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi. Ammo O‘zbekistonda bu borada hali ham qonunbuzarliklar uchrab turibdi. Xo‘sh, qonunchilikda bu haqda nima deyilgan?

Majburiy mehnat o‘zi nima?

Majburiy mehnat – biror bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash hisoblanadi. Hech kim shaxsni ishdan bo‘shatib yuboraman, oyligingni kamaytiraman, lavozimingni tushiraman va hokazo tahdidlar bilan majburiy mehnatga jalb qilishga haqli emas.

Mansab vazifasidan tashqari har qanday ish majburiy mehnatdir

Demak, xodimni zo‘rlash yoki qo‘rqitish, jazo qo‘llash, mehnat faoliyati va rag‘batlantirishni cheklash kabi usullar orqali bevosita mansab vazifasiga kirmaydigan har qanday ishga jalb qilish majburiy mehnat deb topiladi. Xodimlarni ularning ixtiyorisiz obodonlashtirish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi va qurilish ishlariga, shuningdek, turli tadbirlarga jalb qilish kabilar ham majburiy mehnatning ko‘rinishlari deb baholanadi.

Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan 29-105-sonli konvensiyalari ham majburiy mehnatga qaratilgan bo‘lib, milliy qonunchiligimizda o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori davlat organlari ishidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga to‘liq barham berishga qaratilgan.

Majburiy mehnatga jalb qilish uchun qanday javobgarlik bor?

Ish beruvchi yoki biror mansabdor shaxsning fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilishi ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha (34 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lsa, pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda (51 mln. so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 148(2)-moddasida pedagoglarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda (51 mln. so‘mdan 68 mln. so‘mgacha) jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Pedagoglarning faoliyatiga noqonuniy aralashuv uchun javobgarlik

Shuningdek, MJtKning 197(5)-moddasiga ko‘ra, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2 mln. 380 ming so‘mdan 3 mln. 400 ming so‘mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Majburiy mehnatga qarshi kurash

Hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, Jinoyat kodeksining 205-, 206-moddalariga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Aslida, majburiy mehnatga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi.

Majburiy mehnat elementlari bir qator majburiy mehnat indikatorlari orqali o‘z ifodasini topadi yoki baholanadi. Aldash, harakatlanishni cheklash, izolyatsiya qilish, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik, do‘q-po‘pisa va qo‘rqitishlar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘yish, maoshni to‘lamaslik, zaiflikdan foydalanish, qarzga botirish, mehnat va yashashning tubdan sharoitlari, o‘ta ko‘p soat davomida ishlatish, huquqlar, ustunliklar, imtiyozlardan mahrum etish shular sirasiga kiradi. Shulardan, do‘q-po‘pisa va qo‘rqitishlar hamda o‘ta ko‘p soat davomida ishlatish kabi indikatorlar ko‘proq uchraydi.

Теги :
Jamiyat