$
 12012.21
7.46
 13731.16
39.74
 158.14
1.03
weather
+26
Кечаси   +14°

2,5 mlndan ortiq o‘zbekistonlik kredit olishni o‘ziga taqiqlab qo‘ydi: Bunga nima sabab bo‘ldi?

kredit

So‘nggi paytlarda firibgarlar odamlarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanib, ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish holatlari ko‘paymoqda. Shu sababli tobora ko‘proq fuqarolar o‘zini bunday xavfdan himoya qilish uchun “Kreditga taqiq” xizmatini yoqmoqda. Bu xizmat orqali hech kim sizning xabaringizsiz nomingizga kredit rasmiylashtira olmaydi va uni yoqish ham mutlaqo bepul.

Xo‘sh, ushbu xizmatdan qanday foydalanish mumkin?

Millionlab fuqarolar kreditga taqiq qo‘ymoqda

Kredit-axborot tahliliy markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatida “Kreditga taqiq” xizmatidan foydalanuvchilar soni 2 million 574 ming 26 nafarga yetgan. Ularning 1 million 497 ming 389 nafari erkaklar, 1 million 76 ming 637 nafari esa ayollar hisoblanadi. Qizig‘i shundaki, bu raqam juda qisqa vaqt ichida keskin oshgan. Masalan, 1-aprel holatida xizmatdan foydalanuvchilar soni 2 million 207 ming 753 nafar edi. Demak, atigi uch oy ichida yana yuz minglab fuqarolar o‘z nomiga kredit olishni cheklashga qaror qilgan.

“Kreditga taqiq” xizmati qanday ishlaydi?

Bu xizmat fuqaroning o‘z xohishi bilan nomiga kredit, mikroqarz yoki kredit karta rasmiylashtirilishini taqiqlash imkonini beradi. Tizim 6-iyundan ishga tushirilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi fuqarolarni ularning roziligisiz yoki xabarisiz kredit rasmiylashtirilishidan himoya qilishdir. Agar siz ushbu xizmatni yoqsangiz, ma’lumotlaringiz maxsus reyestrga kiritiladi va kredit tashkilotlari sizning nomingizga yangi kredit ajrata olmaydi. Eng qulay tomoni xizmat mutlaqo bepul. Uni istalgan paytda yoqish ham, kerak bo‘lsa bekor qilish ham mumkin. Buning uchun Kredit-axborot tahliliy markazining mobil ilovasidan, Kredit byurosining rasmiy sayti yoki Call-markazidan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan hamda Davlat xizmatlari markazlaridan foydalanish mumkin.

Nega bu xizmatga ehtiyoj paydo bo‘ldi?

“Kreditga taqiq” tizimi bejiz yaratilmagan. So‘nggi yillarda kiberfiribgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar keskin ko‘paygani bu xizmatni joriy etishga sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda kiberjinoyatlar oqibatida 1,9 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan. Ushbu holatlarning 4 foizi fuqarolar nomiga noqonuniy onlayn kredit rasmiylashtirish orqali sodir etilgan. Shu sababli Markaziy bank ham fuqarolarni himoya qiluvchi yangi tartibni joriy etdi. Endilikda agar firibgarlar kimningdir nomiga onlayn kredit olsa, jabrlanuvchidan bu kredit bo‘yicha foizlar, jarimalar va boshqa qo‘shimcha to‘lovlar undirilmaydi. Agar undan bunday mablag‘lar undirib olingan bo‘lsa, sud qarori yoki ajrimi asosida kredit tashkiloti ushbu pullarni fuqaroning bank kartasi yoki ko‘rsatgan hisob raqamiga qaytarib berishi shart.

Теги :
Jamiyat