$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

“O‘zbekkosmos” qachon qishloq xo‘jaligidagi muammolardan ortib, haqiqiy kosmik izlanishlar bosqichiga o‘tadi?

kosmos

O‘zbekistonning kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasidagi ambitsiyalari ko‘p yillardan beri muhokama qilinmoqda. 16-yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekkosmos” agentligi mas’ullari ushbu mavzu yuzasidan so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etdi.

O‘zbekistonga sun’iy yo‘ldosh kerakmi?

“O‘zbekistonga sun’iy yo‘ldosh kerakmi, degan savolga 2022-yilda “yo‘q” deb javob bergan edik,” — deydi Ibragimov. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda sun’iy yo‘ldosh uchirishning na iqtisodiy, na amaliy asoslari mavjud edi. Sababi, mamlakatda bu texnologiyani qo‘llash uchun zarur infratuzilma va mutaxassislar yetishmas edi.

“Sun’iy yo‘ldosh uchirdik, deylik, buning uchun 100–200 million dollar soliq to‘lovchilarning mablag‘i sarflanadi. Lekin undan keyin nima bo‘ladi? Bir necha daqiqalik vatanparvarlik ruhidagi xursandchilikni hisobga olmaganda, buning real iqtisodiy yoki amaliy samaradorligi bo‘lmas edi. Bu ish xuddi Burj Xalifa binosiga O‘zbekiston bayrog‘ini qo‘yish kabi ko‘rinardi — estetik, lekin foydasiz,” — deya ta’kidlaydi Ibragimov.

Bozor shakllandi

Hozirgi vaziyat boshqacha. Ibragimovning aytishicha, sun’iy yo‘ldosh suratlarini qayta ishlash uchun davlat va xususiy sektorni birlashtirgan bozor shakllantirildi. Bu esa mamlakatda sun’iy yo‘ldosh uchirish va undan foydalanish uchun zarur fundamentni yaratdi.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda 600 mingdan 1 million kvadrat kilometrgacha bo‘lgan kosmik suratlarni qayta ishlash bo‘yicha bozor mavjud. Bu nafaqat davlat sektori, balki xususiy biznesda ham joriy qilingan,” — dedi Ibragimov.

Sun’iy yo‘ldosh loyihasi: Rejalarga qarash

Agentlik rahbariyati hozirda turli davlatlar bilan hamkorlikda sun’iy yo‘ldosh guruhini uchirish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Ularning fikricha, bu loyiha aniq iqtisodiy va amaliy asoslangan reja asosida amalga oshiriladi. Prezident qarori asosida agentlik yerning masofadan zondlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh guruhini o‘rganib, tegishli takliflarni tayyorlamoqda.

“Hisob-kitoblar va rejalar joyiga qo‘yilgach, biz ushbu loyiha bo‘yicha taklifni taqdim etamiz. Qaror qabul qilinishi bilan barcha ma’lumotlarni jamoatchilik bilan bo‘lishamiz,” — dedi Muhiddin Ibragimov.

O‘zbekiston Turkiya bilan hamkorlikda sun’iy yo‘ldosh uchirishi mumkin

“O‘zbekkosmos” agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibragimov matbuot anjumanida O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshlar yaratish va uchirish bo‘yicha Turkiyaning “Fergani” kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi. Ushbu loyiha yaqin kelajakda ilmiy va texnologik sohalarda katta imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

“Fergani” kompaniyasi yaqin Internet of Things (IoT) va GPS tizimlariga raqobatbardosh ilmiy loyihani amalga oshirmoqda. Muhiddin Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha doirasida besh yil ichida 100 ta sun’iy yo‘ldosh uchirish rejalashtirilgan. “Fergani” tomonidan boshlangan sinovlar muvaffaqiyatli davom etmoqda va O‘zbekiston ham ushbu loyiha doirasida ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirgan.

“Biz bu loyiha bilan yaqindan tanishmiz va aloqalarimizni rivojlantirmoqdamiz. Qaysidir qismlarida bizning ishtirokimiz bo‘ladi, bu biz uchun muhim tajriba,” — dedi Ibragimov.

O‘zbekistonda ishlab chiqilgan texnologiya

O‘zbekiston ilmiy sun’iy yo‘ldosh yaratishda ham ishtirok etmoqda. Hozirda ilmiy sun’iy yo‘ldoshning texnologik qismlaridan biri mamlakatda ishlab chiqarilmoqda va uni sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida birinchi sun’iy yo‘ldoshning 2026-yil o‘rtalarida uchirilishi rejalashtirilgan.

“Bu sun’iy yo‘ldosh to‘liq O‘zbekistonga tegishli emas, lekin unda bizning texnologiyalarimiz ham mavjud. Bu kelajakdagi loyihalarimiz uchun muhim qadam bo‘ladi,” — deydi Ibragimov.

“Selfi tushib kelishi kerak emas”

Muhiddin Ibragimov kosmonavt tayyorlash va uchirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, kosmonavt uchirish juda qimmat va murakkab loyiha bo‘lib, O‘zbekiston bu borada hozircha tayyor emas.

“Bugungi kunda xalqaro kosmik stansiyaga kosmonavt uchirish uchun 50–60 million dollar to‘lash kerak. Lekin kosmosda selfi qilish emas, balki ilmiy izlanishlar olib borish muhim. Biz avval shu ilmiy dasturlarni yaratib, ularga yetuk mutaxassislarni tayyorlashimiz kerak,” — deydi Ibragimov.

Qishloq xo‘jaligidagi tekshiruvlar qanday kechdi?

Xabaringiz bor, 2019-yilda tashkil etilgan “O‘zbekkosmos” agentligi O‘zbekistonda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro loyihalarda ishtirok etish va nihoyat, sun’iy yo‘ldosh uchirish kabi vazifalarni amalga oshirish uchun mas’ul tashkilot sifatida e’lon qilingan edi. 2024-yil 14-oktabrda qabul qilingan Prezident farmoniga muvofiq, 2024–2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan foydalanishning joriy holatini, ekinlarning turlarini hamda haqiqatda ekilgan maydonlarini to‘liq qamrab olish nazarda tutilgan. Agentlik vakili anjumanda agentlikning xo‘jaligidagi ekin maydonlarini aniqlash, noqonuniy qazilgan yerlarni fosh etish va ekologik muammolarga oid statistikani ham ma’lum qildi.

Geologiya va qishloq xo‘jaligi monitoringi

2024-yilda “O‘zbekkosmos” aerokosmik texnologiyalar yordamida qishloq xo‘jaligi va geologiya sohalarida katta hajmdagi ma’lumotlarni to‘pladi:

— Noqonuniy qazish ishlari: Respublika bo‘ylab 2 426 ta noqonuniy karyer va 2 543 gektar maydonda ruxsatsiz qazish ishlari aniqlangan.

— Ekin maydonlari: 967 ming gektar bug‘doy va 597 ming gektar paxta maydoni qayd etildi. Shu bilan birga, foydalanilmayotgan 56 ming gektar ekin yerlarini aniqlash ishlari amalga oshirildi.

— Chiqindixonalar: 721 gektarda 1 928 ta noqonuniy chiqindixona aniqlandi.

Теги :
Jamiyat