$
 12692.42
100.85
 14511.24
-34.54
 158.44
4.62
weather
+26
Кечаси   +14°

“O‘yin ichida o‘yin”: Xususiy bog‘chalarning “umri qisqarmoqda”

maktabgacha ta

O‘zbekistonda davlat bilan sheriklik asosida tashkil etilgan mingdan ortiq xususiy bog‘cha yopilish arafasida. "Nosog'lom" dastur, millionlab insonlarning hayotiga ta'sir qiluvchi "nosog'lom zanjir"ni yuzaga keltiryapti.  

Dasturdagi xatolar 

Bog‘chaga keladigan bolani onlayn "yo‘qlama" qiladigan "Real Soft" dasturining xatosi tufayli minglab tadbirkor uch oydan buyon subsidiyadan kesilgan va tarbiyachilarning maoshi to‘xtatib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bankrotlikka yuz tutgan yuzlab tadbirkor O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligiga shikoyat qilib kelmoqda. Ushbu xususiy bog‘chalar davlat bilan sheriklik munosabatlarida bo‘lib, davlatdan oladigan subsidiya yordamida ishlaydi. Davlat har bir bog‘cha bolasining ovqatiga 12 ming 700 so‘m pul ajratadi. Aslida bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 2-avgustdagi 426-son qarori bilan joriy qilingan. Maqsad, ko‘proq bolani bog‘chalarga qamrab olish, tarbiya va ta’lim berish hamda ularning onalariga ishlash uchun imkoniyat yaratish.

Bugungi tizim

Umumiy olib qaraganda, bu tadbirkorga ham, onalarga ham, bolalarga ham foydali. Bugunga kelib O‘zbekistondagi davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 27 mingdan oshib ketgan. Ularning aksariyati qishloq hududlarida tashkil qilingan bo‘lib, bu bog‘chalarga asosan kam ta’minlangan oilalar, doimiy ishi bo‘lmagan aholi bolalarini beradi.

Bog‘cha puli ham joyiga qarab har-xil, masalan, qishloq hududlarida oyiga 50 ming so‘mdan to‘lab bolasini bog‘chaga beradiganlar bor, katta shaharlar, jumladan, Toshkentda esa oyiga 1-3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlardagi bog‘chalar bor. Hammasi tabiiy ravishda "cho‘ntakka" qarab. 

1 kishi hamma uchun, hamma bir kishi...

Katta haq oladigan xususiy bog‘chalar balki davlat subsidiyasiga ko‘z ham tikib o‘tirmas, ammo tumanlardagi bog‘chalar busiz faoliyat yurita olmaydi. Biroq subsidiya olishning ham sharti bor. Ya’ni bog‘chaga kelgan bolalarning har birini har kuni telefonda rasmga tushirib, “Real Soft” kompaniyasi ishlab chiqqan dastur orqali yo‘qlamadan o‘tkazishi kerak. Ammo “Real Soft” dasturi noto‘g‘ri ishlagani uchun tadbirkorlar uch oylik subsidiyadan mahrum qilinyapti va tarbiyachilarning oylik maoshlari ham berilmayapti: “Masalan, Real Soft talabiga ko‘ra har kuni bog‘chaga kelgan bolani biz suratga olib tasdiqlatishimiz shart. Ya’ni Real Soft "yo‘qlama" o‘tkazadi. Mabodo biror bola o‘rniga boshqa bolaning surati ketib qolsa, tamom subsidiyadan mahrum qilyapti. Misol, beshta bola yo "Real Soft"ning o‘zining aybi bilan xato o‘tkazgan bo‘lsa, qolgan 45 ta bolaga ajratilgan subsidiya ham bekor qilinadi. Biz davlat bilan sherikchilik asosida xususiy uy- bog‘cha ochgan edik. 9, 14 protokolga tushib qolibmizmi, uch oydan buyon na subsidiya, na tarbiyachilarning oyligi bor. Mening bog‘chamda 50 ta bola bor. Juda qiynalib qoldim, tarbiyachilarim oylik bermasang ishlamaymiz deyishyapti”, deya izoh bildirgan tadbirkorlardan biri.

Ta’mirtalab dastur mojarosi

Ma’lum bo‘lishicha, 15-mart kuni yuzga yaqin tadbirkor O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga ularning emas, "Real Soft" dasturining xatosi uchun ham subsidiyadan, ham maoshdan ayrilgani yuzasidan arz qilib borgan. Tadbirkorlar "Real Soft" dasturining xatosi tufayli jabr tortayotganini, subsidiya va maoshsiz bankrotlik yoqasiga kelib qolishganini hukumat rahbarlarining e’tiboriga yetkazmoqchi bo‘lishadi. Ularning fikricha, "Real Soft" dasturi mukammal emas, bolalarning shaxsini to‘g‘ri tasdiqlamaydi, aynan bitta bolaning rasmini ham xato deb qabul qilyapti. Tadbirkorlarning ta’kidlashlaricha, Internet tezligi past bo‘lgan va WiFi yetib bormagan qishloqlar uchun "Real Soft" dasturidan foydalanishning o‘zi imkonsiz.

Tadbirkorlar iddaosi

Tadbirkorlarning o‘zlari ham subsidiya olish talablarini bajarishda xatoliklar bo‘lganliklarini inkor qilmaydi. Ammo "Real Soft" o‘zi to‘g‘ri aniqlagan, yo‘qlamada xato qilingan bola uchun mayli, subsidiya pulini ushlab qolsin, lekin qolgan bolalar uchun berishi kerak, demoqda tadbirkorlar. Shu sabab qilib ko‘rsatilib, tarbiyachilar maoshlari ham uch oydan buyon to‘lanmayotgani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda. 

"O‘yin ichida o‘yin"

Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayevaning ma’lum qilishicha, 1,5 mingdan ziyod "bog‘cha"da Davlat byudjetidan noqonuniy pul mablag‘larini o‘zlashtirish harakatlari aniqlangan. Asqarxo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, 734 ta davlat – xususiy shartnoma asosida ishlayotgan bog‘chalarda bir bolaning ma’lumotlari bazaga kiritilib, uning fotosurati o‘rniga boshqa bolaning fotosurati asosida davomati belgilanib kelingan. Natijada ularga nisbatan 8,8 mlrd so‘mlik subsidiya to‘lovlari uch oyga to‘xtatilgan. Matbuot kotibi agentlik chiqargan videoda tadbirkorlar tomonidan qo‘llanilayotgan nopok usullar haqida gapirgan. Ammo yetti xil nopok usul borligi haqida gapirgan matbuot kotibi negadir "Real Soft"ning xatolari tufayli og‘ir sharoitga tushib qolgan tadbirkorlar haqida gapirmagan.

Nosog‘lom zanjir

Maktabgacha ta’lim agentligida bo‘lgan uchrashuvda mulozimlar Vazirlar Mahkamasining 426 sonli qarorini qayta ko‘rib chiqish ularning vakolatida emasligini, ammo bu haqda mahkamaga axborot berilishiga va’da bergan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yilda qilgan chiqishida xususiy bog‘chalar soni olti baravarga ko‘paygani haqida ma’lum qilgan edi. “So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi”. Prezident ta’kidlagan 2 million bola asosan, qishloq hududlarida yashaydi. Ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj va turli xil nomdagi “daftar”larga kiritilgan odamlarning farzandlari ham bor. Agar bu tadbirkorlar bankrot bo‘lsa, bolasini bog‘chaga berib kunlik ishga borayotgan o‘n minglab yollanma ishchi bolasiga qarayman deb, ishsiz qolishi mumkin. Bog‘chalarda ishlaydigan minglab tarbiyachi esa boshqa yerdan ish qidirishga majbur bo‘lishi yoki yollanma ishchilar safiga qo‘shilishi mumkin.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot