$
 11937.89
-10.69
 13769.16
-24.28
 141.76
-2.53
weather
+26
Кечаси   +14°

408 million kishi ish o‘rniga muhtoj: Bu yil global mehnat bozorida yirik ish o‘rni taqchilligi kutilmoqda

Ishsizlik

Xalqaro mehnat tashkiloti e’lon qilgan so‘nggi tahliliy hisobotda ta’kidlanishicha, 2025-yilda iqtisodiy va savdo siyosatida jiddiy noaniqliklar hamda tebranishlar kuzatilganiga qaramasdan, jahon mehnat bozori kutilgandan ko‘ra yuqoriroq chidamlilik va moslashuvchanlikni namoyon etdi. ILO tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu davrda global ishsizlik darajasi 4,9 foiz ko‘rsatkichida barqaror saqlanib qolmoqda.

Biroq, umumiy ko‘rsatkichlarning nisbiy barqarorligiga qaramay, mehnat bozori chuqur tizimli muammolar bilan to‘qnash kelmoqda. Xususan, 2026-yilga kelib dunyo bo‘yicha ishsizlar soni 186 million kishini tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, rasmiy ishsizlik doirasidan tashqarida bo‘lgan — ishlash istagi mavjud bo‘lsa-da, tegishli ish o‘rni topa olmagan yoki mehnat bozorini vaqtincha tark etishga majbur bo‘lgan fuqarolarni ham o‘z ichiga oluvchi keng kolamli “ish o‘rni taqchilligi” ko‘rsatkichi 408 million kishiga yetishi kutilmoqda.

Xalqaro mehnat koridorlari

Global iqtisodiyotdagi eng sezilarli o‘zgarishlardan biri demografik omillar va mehnat yoshidagi aholi dinamikasining mintaqalar bo‘yicha turlicha rivojlanayotganidir. Hisobotda keltirilishicha, Markaziy Osiyo mintaqasida mehnat yoshidagi aholi sonining o‘sishi har yili mintaqa iqtisodiy o‘sishiga taxminan 1 foiz punkt miqdorida ijobiy hissa qo‘shish imkoniyatiga ega. Aksincha, Shimoliy Yevropa mamlakatlarida kuzatilayotgan demografik inqiroz va aholining qarishi oqibatida ushbu omil yillik iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichini qariyb 0,7 foiz punktga pasaytiruvchi salbiy omilga aylanmoqda.

Ushbu demografik tafovut va nomutanosiblik Markaziy Osiyo mamlakatidan ishchi kuchi qarib borayotgan Yevropa hamda boshqa rivojlangan iqtisodiyotlarga qonuniy mehnat koridorlarini kengaytirish uchun mustahkam iqtisodiy zamin va tabiiy ehtiyojni yuzaga keltirmoqda.

Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro migrant ishchilar bo‘yicha e’lon qilgan eng so‘nggi (2022-yilgi) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 167,7 million nafar migrant mehnat bozorida faol ishtirok etgan. E’tiborli jihati, ushbu migrantlarning aksariyat qismi — ya’ni 68,4 foizi yuqori daromadli mamlakatlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Tarmoqlar kesimida tahlil qilinganda, migrant xodimlarning 68,4 foizi xizmat ko‘rsatish sohasida, 24,3 foizi sanoat tarmog‘ida va 7,4 foizi qishloq xo‘jaligi sektorida band ekani qayd etilgan.

Yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasidagi bandlik muammolari

Mehnat bozorining eng zaif va zaiflashgan qatlamlaridan biri yoshlar hamda xotin-qizlar bo‘lib qolmoqda. 2025-yil natijalariga ko‘ra, global miqyosda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 12,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, ta’lim ham, bandlik ham olmagan hamda kasbiy tayyorgarlikdan tashqarida qolgan yoshlar ulushi (NEET – Not in Education, Employment, or Training) 20 foizlik ko‘rsatkichga yetdi. Bu raqam ortida butun dunyo bo‘ylab 257 million nafar yoshlarning ta’lim olish, zaruriy ko‘nikmalarni egallash va ilk ish tajribasini shakllantirish imkoniyatidan uzilib qolganidek jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammo yotadi.

ILO’ning uzoq muddatli prognozlariga ko‘ra, 2027-yilga kelib yoshlar o‘rtasidagi NEET darajasi 20,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich gender va mintaqaviy kesimda yanada salbiy munosabatni ko‘rsatmoqda: xotin-qizlar orasida NEET darajasi 27,7 foizga, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar o‘rtasida esa alarm darajadagi 34 foizga yetishi taxmin qilinmoqda.

Теги :
Jamiyat