$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistondagi gʻalati tuyulgan joy nomlari aslida qanday maʼnoni anglatadi?

joy

O‘zbekistondagi ayrim joy nomlari so‘nggi yillarda tanqid va bahslarning markaziga aylangan. Ba’zilar ushbu nomlarning milliy yoki madaniy merosga mos kelmasligini aytishsa, boshqalar ularning noto‘g‘ri maʼno yoki ifodalarni o‘zida mujassam etganini taʼkidlaydi. Shu sababli, qator mahalliy joy nomlarini qayta ko‘rib chiqish, yangilash va xalq orasida ijobiy qabul qilinadigan nomlar bilan almashtirish masalasi kun tartibiga qo‘yilmoqda.

48 608 ta geografik obyektga nom berish taklifi

2024-yil boshidan hozirgacha hududiy komissiyalar, vazirlik va idoralar tomonidan 48 608 ta geografik obyektga nom berish boʻyicha taklif kelib tushgan. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Davlat kadastrlari palatasi Respublika toponimika xizmati boshqarmasi boshligʻi Dilnoza Kamolova ma'lum qildi.

 Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tasarrufidagi Respublika toponimika xizmati boshqarmasi geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizadan oʻtkazib xulosa berish, nomlarni maqbullashtirish hamda Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestrini yuritish ishlarini bajaradi.

 Geografik obyektlarga viloyat, shahar, koʻcha, ziyoratgoh, qabriston, vokzal, metro stansiyasi, bogʻlar, qoʻriqxonalar, togʻlar, daryolar, kon va shu kabilar kiradi.

Toponimika oʻzi nima?

 Toponimika— geografik obyekt nomlarini oʻrganadigan fan sohasi boʻlib, joy nomlarining kelib chiqishi, tarixi, ma'nosi va ulardagi oʻzgarishlarni tahlil qiladi.

1.  Nomsiz yoki qayta nomlash zarurati boʻlgan obyektga mahalliy aholi tomonidan hududiy hokimlikka taklif beriladi.

3.  Toponimika boshqarmasi kelib tushgan taklifni hududning geografik xususiyati, tarixi, tili, etnografiyasi, xaritadagi joylashuvini oʻrganib, qonun hujjatlariga tayangan holda xulosa beradi.

4.  Ijobiy xulosa berilgan nomlar xalq deputatlari tuman, shahar, viloyat kengashlarida tasdiqlangan qaror asosida “GEONAMES.KADASTR.UZ” axborot-veb portalida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Ushbu veb-portal barcha foydalanuvchilar uchun ochiq hisoblanadi.  

Hozirda “GEONAMES.UZ” axborot-veb portalida 198 583 ta joy nomi mavjud

2024-yil boshidan hozirgacha hududiy komissiyalar, vazirlik va idoralar tomonidan 48 608 ta geografik obyektga nom berish boʻyicha taklif kelib tushdi. Shundan, 27 574 ta geografik obyekt nomiga berilgan taklifga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy xulosa berildi. 21 034 ta taklif etilgan nom qonun hujjatlariga nomuvofiq deb topildi.

Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri - “GEONAMES.UZ” axborot-veb portaliga joriy yilda 18 917 ta geografik obyekt nomi kiritildi. 

Bugungi kunda, Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestrida 198 583 ta joy nomi mavjud.

“Oʻzbekiston joy nomlari” izohli lugʻati

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining bayoniga asosan “Oʻzbekiston joy nomlari” izohli lugʻatini chop etish maqsadida 9 456 ta geografik obyekt nomlari va izohlari oʻrganib chiqildi va tegishli xulosalar taqdim etildi.

 Respublikamizda jami 9 452 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud boʻlib, ularning nomlari statistika agentligi, mahallalar uyushmasi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan hamkorlikda “GEONAMES.UZ” axborot-veb portalidagi nomlar bilan solishtirish asosida toʻliq birxillashtirildi. 

Respublikadagi 117 ta tuman va shaharlarning koʻchalari elektron xaritalarini shakllantirish

 Respublikamizdagi barcha hududlardagi geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash ishlarini tartibga solish, sohaga oid qonun hujjatlari ijrosini oʻz vaqtida sifatli bajarish maqsadida hududiy boshqarmalarda 14 ta mutaxassis shtati joriy etildi.

Sohadagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Respublika toponimika xizmati boshqarmasi xodimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Samarqand, Namangan va Fargʻona viloyatlariga borib soha mutaxassislari uchun amaliy seminarlar oʻtkazishdi.

 Respublikadagi 208 ta tuman va shaharlardan 117 tasining koʻchalari elektron xaritalarini shakllantirish, shoh koʻcha, koʻcha, berk va tor koʻcha kabi toifalarga ajratish ishlari toʻliq yakunlandi. 

  Shuningdek, bugungi kunda Facebook, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi foydalanuvchilar tomonidan joy nomlari bilan bogʻliq “Kuling umringiz uzayadi”, “Oʻzbekistondagi gʻalati nomlar” sarlavhasi ostida qoʻyilgan postlar koʻplab uchrab turibdi. Postlarda keltirilgan nomlar bir qarashda kulgili yoki gʻalati tuyulishi mumkin, lekin oʻzbek xalqining koʻp asrlik tarixi, madaniyati, joyning xususiyatini tushungan kishi uchun bu nomlar kulgili ham, bachkana ham, gʻalati ham emas.

Koʻp tanqidga uchraydigan joy nomlari

  Yalangʻoch — chiroyli yer demakdir. Oʻrta asrlarda ijod qilgan Maxmud Koshgʻariy turkiy soʻzlar lugʻati deya nom qozongan "Devonu lugʻat-at turk" asarida "Yalangʻoch" — tep-tekis, yalanglik, ya'ni ochiq joy degan ma'noni berishini qayd etgan. Chiroyli, keng tekislik joylarni yalangʻoch deyishgan va bu eski sof oʻzbek tilidagi nom hisoblanadi.

 Oyoq- Xorazm viloyatidagi qishloq nomi. Turkiy soʻz hisoblangan Oyoq-past degan ma'noni ifodalab, “pastki qishloq” ma'nosini anglatadi.

 Yaypan- Fargʻona viloyatidagi shaharcha nomi. Qoʻqon xonligining arxiv hujjatlarida “yozi payon” ya'ni tekislik, yalanglik ma'nosini beruvchi geografik termin sifatida ishlatilgan. 

 Takalik-Jizzax viloyatining Nurota togʻ tizmasida joylashgan dovon boʻlib, togʻ echkisi koʻp boʻlgan joy ma'nosida.

 Toponimikada oʻlka tabiatining koʻpgina xususiyatlari, aholining xoʻjalik faoliyati va etnografiyasi, asrlar davomida mamlakatda roʻy bergan tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy oʻzgarishlar aks etgan boʻladi. Shu bois, toponomik nomlarni tushunib-tushunmay, ulardan uyalish yohud ularni almashtirish yaramaydi.

 Shuning uchun Respublika toponimika xizmati boshqarmasi tomonidan yurtimiz aholisiga joy nomlarining asl tarixiy ma'nolarini oʻrganishda asqotadigan ma'lumotlar, geografik obyekt nomlarining tarixiy manbalarda keltirilgan izohlari “GEONAMES.UZ” axborot-veb portaliga kiritib kelinmoqda. Respublikamizdagi barcha fuqarolar ushbu axborot veb portalga kirib, oʻz taklif yoki fikr-mulohazalarini bildirishlari mumkin. 

Nima uchun ayrim joy nomlari tanqidga uchraydi?

Ayrim joy nomlari Oʻzbekiston aholisining turli qatlamlari orasida tanqidga uchrashi va bahs-munozaralarga sabab boʻlishining bir necha asosiy sabablari bor:

Tarixiy va madaniy moslikning yetishmasligi: Ayrim joy nomlari mahalliy madaniyat va tarixni aks ettirmasligi yoki unga begona boʻlib tuyulishi mumkin. Bu nomlar xorijiy madaniyat yoki davrlarning taʼsirini eslatib, aholining baʼzi qismlarida norozilik uyg‘otadi.

Nomlarning maʼno va ifodasi: Baʼzi joy nomlari maʼno jihatidan mahalliy madaniyat yoki urf-odatlarga mos kelmaydi yoki hattoki g‘alati yoki kulgili boʻlib tuyulishi mumkin. Bu esa odamlar orasida salbiy munosabat uyg‘otishi va tanqidga sabab boʻlishi mumkin.

Tarixiy ogʻriqlar va xotiralar: Ayrim joy nomlari o‘tgan davrlardagi murakkab tarixiy jarayonlarni yoki og‘riqli voqealarni eslatadi. Aholi bunday nomlarni maʼnaviy zarar sifatida qabul qilishi va ularni almashtirish tarafdori boʻlishi mumkin.

 Mahalliy urf-odat va qadriyatlar bilan mos kelmaslik: Ayrim nomlar mahalliy urf-odatlar yoki qadriyatlar bilan mos kelmasligi sababli qabul qilinmaydi. Oʻzbek xalqining qadriyatlariga mos kelmaydigan nomlar, odatda, tezda tanqid qilinadi.

Til va talaffuz qiyinchiliklari: Baʼzi nomlar mahalliy til bilan mos kelmaydi yoki talaffuz qilish qiyin. Bu nomlarni aholi o‘ziga yaqin qabul qilmasligi va osonroq talaffuz qilinadigan nomlarga oʻzgartirishni talab qilishi mumkin.

Geografik haqiqatlarga mos kelmaslik: Ayrim joy nomlari o‘sha hududning geografik yoki tabiatiga mos kelmaydi. Masalan, o‘rmonlar, daryolar yoki vodiylar nomi berilgan joylarning tabiati boshqacha bo‘lsa, bu mahalliy aholi uchun noqulaylik va tanqidga sabab bo‘ladi.

Ushbu sabablarga ko‘ra, ko‘p joy nomlari o‘zgarish talabiga duch kelmoqda. Bunday nomlarni yangilash nafaqat madaniy va tarixiy uyg‘unlikni ta’minlaydi, balki aholining joylarga bo‘lgan hurmatini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega.