$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Haqiqat uchun jon berayotganlar: 2024-yil jurnalistlar uchun eng qonli davr bo‘ldi

Jurnalistlar o

Unesco tahlillariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab jurnalistlarni o‘ldirganlarning 85 foizi jazosiz qoladi. Chunki bu jinoyatlarning aksariyatiga hukumatlar, harbiylar yoki ta’sir doirasi keng bo‘lgan siyosiy guruhlar aloqador. Haqiqat kuychilarini sukut saqlashga majburlashning eng ekstremal usuli — ularni yo‘q qilish. Oqibatda, matbuot vakillari nafaqat urush maydonlarida, balki tinch jamiyatlarda ham xavf ostida qolmoqda. 2024-yil bu borada eng qonli yil bo‘ldi: jami 124 nafar jurnalist va media xodimi o‘ldirildi, deya ma’lum qilmoqda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ). Bu tashkilot 30 yildan ortiq vaqt mobaynida statistika yuritib kelayotgan davrdagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Matbuot uchun tobora xavfli dunyo

Dunyo bo‘ylab siyosiy, jinoiy yoki harbiy mojarolar soni so‘nggi besh yil ichida ikki baravarga oshdi. Bu esa Sudan, Pokiston va Myanmada jurnalistlarning o‘limi ortishiga olib keldi. Biroq siyosiy mojarolarning matbuotga ko‘rsatgan ta’siri eng ko‘p Isroil-G‘azo urushi vaqtida sezildi – 2024-yilda 85 nafar (70%), 2023-yilda esa 78 nafar jurnalist halok bo‘ldi.

2024-yilda G‘azo (82) va Livanda (3) jurnalistlar halok bo‘ldi. Bundan tashqari, CPJ dunyoning boshqa 16 davlatida 39 nafar jurnalist va media xodimi o‘ldirilganini hujjatlashtirdi. Eng xavfli davlatlar quyidagilar bo‘ldi:

Qasddan o‘ldirilgan jurnalistlar

CPJ ma’lumotlar bazasida jurnalistning o‘limi qayd etilishi uchun uning o‘z faoliyati tufayli o‘ldirilganiga asosli dalillar bo‘lishi kerak: ya’ni, jurnalist yoki xavfli hududda tasodifan halok bo‘lgan, yoki aynan o‘z kasbiy faoliyati tufayli nishonga olingan bo‘lishi lozim.

2024-yilda kamida 24 nafar jurnalist qasddan o‘ldirilgan. G‘azo va Livanda 10 ta holatda jurnalistlar ataylab nishonga olingan.Bunday holatlar “suiqasd” deb tasniflanadi.

Sudanda davom etayotgan fuqarolar urushi tufayli o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi, millionlab odamlar esa boshpanasiz qoldi. CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, 3 nafar jurnalist o‘z kasbiy faoliyati tufayli o‘ldirilgan, yana bir jurnalistning o‘limi sabablari tekshirilmoqda. Bundan tashqari, ikkita media xodimi ham halok bo‘lgan.

Urush sabab emas, bu davlatlar jurnalistlar uchun shunchaki o‘ta xavfli

Pokiston ham 2021-yildan beri “toza” davlatlar ro‘yxatida edi, ammo 2024-yilda mamlakatda 6 jurnalist halok bo‘ldi. Bunga siyosiy beqarorlik va ommaviy axborot vositalariga bosimning kuchayishi sabab bo‘lgan.

Sudan va Pokiston 2024-yilda Isroildan keyin jurnalistlar uchun eng xavfli davlatlar qatoriga kirdi.

Meksika, Hindiston va Iroqda jurnalistlar uchun xavf hali ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Ushbu davlatlarda yillardan beri jurnalistlar muntazam o‘ldiriladi, lekin jinoyatchilar jazolanmaydi.

Xususan, Meksika dunyodagi eng xavfli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda mamlakatda 5 jurnalist o‘ldirilgan.

Ko‘plab davlatlar jurnalistlarning o‘ldirilishini tergov qilish yoki javobgarlarni jazolash borasida sustkashlik qilmoqda. Masalan, Pokistonda jurnalistlar o‘ldirilishi bo‘yicha tergovlar odatda yopiq qoladi. Sudan va Myanmada harbiy kuchlar jurnalistlarni fuqarolar emas, balki dushman sifatida ko‘rmoqda. Meksikada jurnalistlarga qarshi jinoyatlar ochiq qolmoqda, Suriyada prezident Bashar Asad rejimi yillar davomida jurnalistlarni nishonga olib kelgan, natijada, bu davlatda matbuot erkinligi deyarli yo‘q qilindi.

Mustaqil jurnalistlar uchun rekord darajadagi tahdid

2024-yilda halok bo‘lgan jurnalistlarning uchdan bir qismi (43 nafari) mustaqil jurnalistlar (freelancerlar) bo‘ldi. Bu esa matbuotning eng zaif qatlamlaridan biri uchun yangi rekord hisoblanadi.

G‘azoda esa 31 nafar mustaqil jurnalist halok bo‘ldi, bu ko‘rsatkich 2023-yilda 14 nafar edi.

G‘azodagi ko‘plab jurnalistlar o‘z ishlagan OAV binolari vayron bo‘lgani sababli frilanserga aylanishga majbur bo‘lgan. Ular tarqatgan materiallar jahon OAVlari uchun muhim ahamiyat kasb etgan, chunki Isroil chet ellik jurnalistlarning G‘azoga kirishini qat’iy cheklagan, faqat harbiy nazorat ostida uyushtirilgan cheklangan safarlarga ruxsat bergan.

Xususan, boshqa davlatlarda ham frilanserlarning o‘limi keskin oshgan, chunki, odatda, ularning xavfsizligini hech kim kafolatlamaydi.

Frilanser jurnalistlar korrupsiya holatlari va urush zonalarida mustaqil xabar berayotganlar orasida eng zaif guruh hisoblanadi. Ko‘plari himoya vositalari, huquqiy qo‘llab-quvvatlash yoki sug‘urtasiz ishlaydi.

CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 114 nafar mustaqil jurnalistga davolanish, huquqiy xizmatlar va xavfsiz joyga ko‘chirish kabi favqulodda yordam ko‘rsatilgan.

Jurnalistlarni terrorchi deb e’lon qilish – xalqaro muammo

Ma’lumotlarga ko‘ra, jurnalistlarni hech qanday dalillarsiz “terrorchi” deb tamg‘alash – bu nafaqat avtoritar rejimlar, balki o‘zini demokratik deb ataydigan davlatlar tomonidan ham qo‘llanilayotgan xavfli usulga aylanib bormoqda. Tashkilot xalqaro hamjamiyatni bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirmoqda.

Urushlardagi har bir jurnalist o‘z hayoti evaziga haqiqatni yoritadi

Butun dunyoda 21-asr demokratiya asri, inson huquqlari eng ko‘p tiklanayotgan davr deya bong uriladi. Ammo yildan-yilga paradoks ravishda, haqiqat kuychilari — jurnalistlarga qarshi bosim, tazyiq va qotilliklar dunyo bo‘ylab avj olmoqda. Bunga qarshi real choralar ko‘rilmasa, matbuot erkinligi shunchaki rasmiy shiorga aylanib qoladi. Urushlardagi har bir jurnalist o‘z hayoti evaziga haqiqatni yoritadi, biroq ko‘plab hukumatlar ularning xavfsizligini ta’minlash o‘rniga, aksincha, media vakillarini dushman sifatida ko‘rsatib, ularni jinoiy nishonga aylantirmoqda.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak? 

Qo‘mitaning tavsiyalarida keltirilishicha, hukumatlar jurnalistlarga qarshi qotilliklarni qat’iyan qoralashi va bu borada siyosiy iroda namoyon qilishi lozim. Ayrim davlatlarda hukumatlar nafaqat bunday jinoyatlarni ochiq tan olishni istamaydi, balki ularning bevosita ishtirokchi yoki homiysi sifatida harakat qiladi. Jurnalistlarni bosim ostida saqlash, ularning ovozini o‘chirish — haqiqatni yo‘q qilishga urinishdir. Lekin tarix ko‘rsatganidek, haqiqatni kuch bilan o‘chirishning imkoni yo‘q.

Dunyo bo‘ylab jurnalistlarni o‘ldirganlarning 85 foizi jazosiz qoladi. Chunki bu jinoyatlarning aksariyatiga hukumatlar, harbiylar yoki ta’sir doirasi keng bo‘lgan siyosiy guruhlar aloqador. Aybdorlar jazosiz qolayotgan paytda, jurnalistlarning o‘limi davom etaveradi. Tergovlar yuzaki o‘tkaziladi, aybdorlar topilmaydi yoki yo‘q qilinadi. Ko‘plab hukumatlar jinoyatlarni yashirish uchun rasmiyatchilikdan nariga o‘tmaydigan tekshiruvlar o‘tkazadi. Mustaqil tergov guruhlari tuzilmasa, xalqaro bosim oshirilmasa, jinoyatlar davom etaveradi. Shu bois, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar jurnalistlarga qarshi jinoyatlarni tergov qilish, aybdorlarni sudga tortish va jazosiz qolish tizimini yo‘q qilish bo‘yicha qat’iy chora ko‘rishi kerak, deyiladi qo‘mita tavsiyalarida.

“Minnesota protokoli” asosidagi tergov

Matbuot vakillariga qarshi jinoyatlarni tergov qilish “Minnesota protokoli” asosida olib borilishi lozim. Ya’ni, tergovlar shaffof, xolis va mustaqil bo‘lishi kerak. Bu amaliyot faqat huquq-tartibot organlariga ishonib topshirilsa, natija kutish qiyin. Ayrim mamlakatlar jurnalistlarga qarshi jinoyatlarni tergov qilish o‘rniga, ularning o‘zini aybdor qilib ko‘rsatishga harakat qiladi.

Hukumatlar nafaqat jinoyatlarni tergov qilishi, balki jurnalistlarni himoya qiluvchi real mexanizmlar joriy etishi lozim. Hozirda aksariyat davlatlarda jurnalistlarga qarshi bosim kuchaygan, xavfsizlik esa faqat siyosiy hokimiyatga yaqin bo‘lgan OAVga taqdim etilmoqda. Mustaqil jurnalistlar va freelancerlar esa eng zaif qatlamga aylangan. Ularning hayoti tahdid ostida qolmoqda, xavfsizlik kafolatlari esa deyarli mavjud emas.

Xalqaro hamjamiyat bu masalaga yetarlicha jiddiy qaramayapti

Jurnalistlarga qarshi tahdidlarning asosiy vositalaridan biri — texnologiyalardan noqonuniy foydalanish. Ko‘plab hukumatlar jurnalistlarni yashirin kuzatish, ularning shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlash va obro‘sizlantirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanmoqda. Shuningdek, ayrim texnologiya kompaniyalari ham jurnalistlarga qarshi tazyiq vositasiga aylanib bormoqda. Jurnalistlarning maxfiy kuzatilishi, noqonuniy monitoring va matbuot vakillariga qarshi texnologik vositalardan foydalanish zudlik bilan to‘xtatilishi kerak.

Matbuot erkinligi shunchaki siyosiy deklaratsiya yoki shior emas. U inson huquqlarining ajralmas qismi. Agar jurnalistlarga qarshi qotilliklar davom etaversa, haqiqatni aytadigan ovozlar tobora susayib boraveradi. Bu nafaqat matbuot uchun, balki butun jamiyat uchun fojia. Chunki haqiqatni bilish huquqi hammaniki. Uni tortib olish — butun jamiyatni zulmatga uloqtirish bilan barobar.

Agar xalqaro hamjamiyat real harakatga o‘tmasa, jurnalistlarga qarshi jinoyatlar davom etaveradi. Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, OAV va texnologiya kompaniyalari birgalikda harakat qilmasa, matbuot tobora zaiflashib, haqiqat yanada bo‘g‘ilaveradi.

Теги :
Jamiyat