$
 12980.16
44.89
 14606.57
239.37
 161.63
1.16
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Ishonch va qat’iyat bilan yangi marralar sari – Oybek Rafukjonxojiyev bilan suhbat

r1

O‘zbekistonliklar orasida o‘z iqtidori, mehnati va tirishqoqligi bilan maqsadlari sari dadil qadam tashlayotgan yoshlar safining tobora kengayib borayotgani kishini xursand qiladi, ertangi kunimizga umid bag‘ishlaydi. Bugun ana shunday yoshlardan biri bilan yaqindan tanishamiz. Oybek Rafukjonxojiyev – qat’iyat va ishonch bilan o‘z orzularini birma-bir ro‘yobga chiqarayotgan yigit.

Andijonda oddiy oilada tug‘ilib o‘sgan, hamma qatori maktab, keyin litseyni tamomlab katta hayotga qadam tashlagan bu yigitning orzulari katta edi. Yoshligidan chet tillariga qiziqishi yuqori bo‘lgani uchun Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tanladi. Bu yerda u Bank ishi va Moliya yo‘nalishida tahsil oldi. Bugun esa AQShda ta’minot zanjiri analitigi/operatsiyalar menejeri sifatida faoliyat yuritmoqda. Yosh iqtidorning bu marraga yetib kelgunicha bosib o‘tgan yo‘li ko‘pchilikka qiziq bo‘lsa kerak. Yaxshisi, buni Oybekning o‘zidan eshitaylik.

– Aytingchi, ta’limni xorijda davom ettirish fikri qayerdan keldi? Nega aynan AQSh?

– Hammasi institutda 2-bosqich talabasi bo‘lgan paytimda boshlangan. O‘zbekistonlik talabalar orasida mashhur “Work & Travel” yozgi dasturiga hujjat topshirdim. Bu dasturda ish takliflari ko‘p edi, lekin men o‘zimga – lifeguard, ya’ni suzish havzalarida qutqaruvchi bo‘lish vazifasini tanladim. Bu nafaqat yangi tajriba edi, balki yozgi mavsumida ishlash uchun eng qulayi bo‘lib ko‘ringandi.

Bu vazifada ishlash uchun “American Red Cross” va “AquaSafe Pool Management” tashkilotlari tomonidan sinov va treninglar bor ekan. Ulardan muvaffaqiyatli o‘tib, nihoyat 2019-yilning bahorida AQShga vizani qo‘lga kiritdim. Shu paytdan ilk sayohatim boshlandi.

– Bu yerdagi dastlabki taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?

— Juda hayajonli edi! Ayniqsa, Nyu-York shahri. O‘sha vaqtdagi hissiyotlarimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Atrofimdagi hamma narsa menga katta tuyulardi, men esa ular orasida kichik bir zarradek. O‘zimni Amerika filmlaridagi joylarga tushib qolgandek his qildim.

Ishimga kelsak, unchalik murakkab emasdi – Aleksandriya shahridagi (Virjiniya shtati) suzish havzalaridan birida xavfsizlikni nazorat qilish. Bu yerdagi faoliyatim deyarli muammosiz o‘tdi. Yoz davomida faqat bir marotaba cho‘kayotgan bolani qutqardim. Bo‘sh vaqtlarda do‘stlarim bilan boshqa shaharlarga tez-tez sayohatlar uyushtirib turardik. Xullas, bu davr men uchun esda qolarli o‘tdi. Tez-tez sayohat qilish odatim o‘sha vaqtlarda paydo bo‘lgan, desam yanglishmagan bo‘laman.

– Dastur tugagach, nimalar bilan shug‘ullandingiz?

— O‘zbekistonga qaytgach, Amerikadagi yuk tashish kompaniyasida masofadan ishladim. Bu menga o‘qish va ishni uyg‘unlashtirib, bir maromda olib borish imkonini berdi. Eng muhimi, shaxsiy xarajatlarimni o‘zim qoplay boshlagandim. Moliyaviy mustaqillik o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yanada oshirdi. Bundan tashqari, men ishlaydigan jamoa professional, xodimlar iste’dodli edi, ulardan ham ko‘p narsa o‘rgandim.

Yuqorida aytganimdek, sayohat qilishni juda yaxshi ko‘raman. Kompaniya rahbariyati Misrga sayohat ta’tili bilan rag‘batlantirishganida bu men uchun ayni muddao bo‘lgandi. Qadimiy sivilizatsiyaga boy yurtda qiziquvchanligim tutib, birinchi marta dayvingni sinab ko‘rdim. Suvosti manzarani esa ta’riflashga til ojiz. Ayniqsa, Qizil dengizdagi marjon riflari – bu yerning betakror go‘zalligini hech qayerdan topib bo‘lmaydi. Sayohat men uchun doimo eng katta ilhom manbayi bo‘lib kelgan. Har doim harakatda bo‘lishga, orzularim yo‘lida to‘xtamaslikka harakat qilaman.

Navbatdagi sayohatimiz ham uzoq kuttirmadi. 2022-yilda do‘stlarim bilan Gruziya, Turkiya va Rossiya sari sayohatga chiqdik. Qish vaqti edi. Guaduri tog‘larida skydiving qilganim hayotimdagi eng esda qolarli daqiqalardan biri edi. Havo sovuq, biroq 2500 metr balandlikda o‘zimni qushdek erkin his qilardim.