$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ilk bor xufiya iqtisodiyot baholandi

iqtisodiyot yashirin iqtisodiyot

Bugun, 6-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi tomonidan “O‘zbekistonda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash natijalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

 Yashirin iqtisodiyot o'zi nima?

Yashirin yoki xufiya iqtisodiyot — ishtirokchilar tomonidan oshkora olib borilmaydigan, davlat va jamiyat tomonidan nazorat qilinmaydigan, soliqlar toʻlanmaydigan, rasmiy davlat statistikasida qayd etilmaydigan iqtisodiy jarayonlar, iqtisodiy faoliyat turlari. Yashirin iqtisodiyot oshkora payqab boʻlmaydigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash, isteʼmol jarayonlari — iqtisodiy munosabatlar boʻlib, uning negizida ayrim kishilar yoki kishilar guruhi manfaatlari yotadi. Yashirin iqtisodiyot dunyoning deyarli hamma mamlakatlarida mavjud.

Yashirin iqtisodiyotda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat

Keltirilishicha, 2017/2023-yillar uchun iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar kesimida norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmi va uning YAIMga ta’siri statistik baholangan.

Natijaga ko‘ra, norasmiy iqtisodiyotda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi 2023 yilda 26 trln. so‘m qo‘shimcha aniqlik kiritgan holda baholandi hamda amaldagi 297,3 trln. so‘mdan 323,3 trln so‘mga oshdi. Shundan, xizmatlar sohasida 6,7 trln. so‘m, qurilish ishlari sohasida 14,3 trln. so‘m, sanoat tarmog‘ida 4,9 trln. so‘m qo‘shimcha baholandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi 2023 yilda 99,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Shundan, xizmatlar sohasida – 79,3 trln. so‘m, qurilish ishlari sohasida – 8,1 trln. so‘m, sanoat tarmog‘ida – 12,3 trln. so‘m qo‘shilgan qiymat xajmlari baholandi.

YAIMning umumiy o‘sishi

Amalga oshirilgan baholash yakuni bilan O‘zbekiston Respublikasi YAIM hajmi 2023 yilda qo‘shimcha 125,6 trln so‘mga oshdi va jami 1 192,2 trln so‘mni tashkil etdi. Shunga mos ravishda, aholi jon boshiga YAIM hajmi qo‘shimcha 3,4 mln so‘mga oshib, 32,7 mln so‘mga yetdi.

Ekspert nima deydi?

Matbuot anjumanida Xalqaro valyuta jamg‘armasi eksperti Levan Gogoberishvili Xalqaro valyuta jamg‘armasining norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash bo‘yicha O‘zbekistonda o‘tkazilgan texnik ko‘mak missiyalari, kuzatilmaydigan iqtisodiyot, uning tarkibiy qismlari, norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash bo‘yicha xalqaro tavsiyalar, xorijiy davlatlar tajribalari haqida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistonda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash natijalari xalqaro umume’tirof etilgan uslubiyot va tavsiyalar asosida amalga oshirilganini e’tirof etdi.

O‘zbekiston statistika tarixida ilk bor

Yuqoridagi statistik hisob-kitoblar O‘zbekiston statistika tarixida ilk bor amalga oshirildi. Statistika agentligi tomonidan norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash uslubiyoti, unda foydalanilgan savolnomalar, dasturiy mahsulot va statistik kuzatuvlarni o‘tkazish jarayonlari kelgusida uzluksiz takomillashtirib borilishi, norasmiy va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha dinamika qatorlarini yuritish maqsadida endilikda har besh yilda bir marta maxsus tanlanma statistika kuzatuvlari o‘tkazilishi belgilab olingan.

Теги :
Jamiyat