$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotining yangi sovrindorlari: Ular kim va qaysi ishlari uchun taqdirlanishdi?

nobel

2024-yilgi Nobel mukofoti laureatlari mamlakatlar o‘rtasidagi farovonlikdagi farqlarni tushunishga yordam berdi. Ushbu olimlarning asosiy g‘oyasi – iqtisodiy rivojlanish, boyroq bo‘lish siyosiy institutlarga bog‘liq. Bu haqda Review.uz nashri xabar berdi.

Mukofot miqdori qancha?

Daron Ajemoglu, Saymon Jonson va Jeyms Robinson iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofot ijtimoiy institutlarining shakllanishi va ularning turli mamlakatlar farovonligiga o‘tkazgan ta’siri bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari uchun berildi.

Asosiy nominatsiyalardan farqli ravishda ushbu mukofotni Alfred Nobel xotirasiga atab Shvetsiya milliy banki ta’sis etgan.

Endilikda Nobel-2024 haftasini yopiq deb e’lon qilish mumkin. Laureatlarni taqdirlash marosimi 10 dekabr kuni — Alfred Nobelning vafot etgan sanasida o‘tkaziladi.

Mukofotning pul ekvivalenti — 11 million shved kroni, joriy kurs bo‘yicha 1 million AQSH dollaridan sal ko‘proqni tashkil qiladi. Pul mukofotidan tashqari, Shvetsiya qiroli sovrindorlarga medal va diplomlarni topshiradi.

Ushbu olimlarning asosiy gʻoyasi nima?

Ushbu olimlarning asosiy g‘oyasi – iqtisodiy rivojlanish, boyroq bo‘lish siyosiy institutlarga bog‘liq. Ular rivojlanishning boshqa faktorlari – geografiya, madaniyat, jamiyatdagi normalarning ahamiyati va rolini ikkilamchi o‘rinda ko‘rgan holda iqtisodiy rivojlanish asosan mamlakatda shakllangan institutlar bilan bog‘liqligini isbotlashga uringan.

Ular fandagi yana bir muhim “iqtisodiy o‘sishga hamohang institutlar qayerdan yoki qanday shakllanadi” degan savol ustida ham bosh qotiradi.

Ushbu savol ustida ular iqtisodiy rivojlanish fanida yangi empirik va nazariy uslublar yaratishadi. Misol uchun, ular koloniyal o‘tmishni uzoq muddatli o‘sishga, farovonllikka qanday ta’sir ko‘rsatishini baholashgan.

Asosiy ilmiy ishlarida ushbu olimlar iddao qiladiki, koloniyalar bo‘yicha amalga oshirilgan strategiyalar shakllangan institutlar sifatiga va bu o‘z navbatida iqtisodiy ko‘rsatkichlarga surunkali ta’sir ko‘rsatib kelgan va keladi.

Mashhur ilmiy ishlaridan birida (“settler mortality”) xulosa qilishadiki, Yevropaliklar bosib olgan hududlarining qay birida o‘lim koeffisiyenti (ma’lum bir tabiiy shart-sharoitlar tufayli) yuqori bo‘lsa, shu yerda ekstraktiv (yomonroq) institutlarni yaratishgan. Va aksincha, o‘lim darajasi past hududlarda “Yevropacha” institutlarni ravo ko‘rishgan.

Yana bir ilmiy ishlarida (“reversal of fortune”) ko‘rsatishadiki,bosib olingan paytda boy bo‘lgan hududlar bugungi kunda nisbatan kambag‘alroq. Nima uchun? Sababi bosqinchilar boshidan avval resurslarni tortib olish uchun yomonroq institutlarni yaratishadi.

Nazariy jihatdan yangilik

Nazariy jihatdan ham iqtisod fanida yangilik qilishgan. Iqtisodiyot fani modellarga asoslanadi va yaxshi olimlarni formal modellarsiz tasavvur qilish qiyin. Ular fanda birinchilardan bo‘lib nima uchun iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi institutlar shakllanishi yoki shakllanmasligini modellashtirgan.

Nazariyalaridagi asosiy gipoteza shundayki, samarasiz institutlar elita va xalq o‘rtasidagi “va’dalashuv muammosi” (commitment problems) tufayli saqlanib qoladi. Oddiyroq aytganda elita jamiyat va fuqarolar uchun manfaatli siyosatni amalga oshirishni va’da beradi, amalda bu sodir bo‘lmaydi. O‘zgarishlarga jamiyat ishonchi yo‘qoladi. Bir-biriga nisbatan mazkur ishonchsizlik jamiyatda samarasiz institutlarni yo‘qotib, o‘rniga yaxshiroq institutlarni yaratishga halaqit qiladi.

Nobel huddi Banerji, Duflo keysi kabi ular hamma narsada haqligi uchun berilmagan. Bu mukofotni ko‘proq akademiyada birinchilardan bo‘lib yuqoridagidek muhim savollar qo‘yish va shu savolga javo berish uchun qanday instrumentlar yaratilganligi uchun deb tushunish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Ular ilmiy ishlari orqali makro savollarga “kvazi eksperimentlar” orqali javob qidirish, institutlarning iqtisodiy rivojlanishdagi ahamiyatini diqqat markazga chiqarish va institutlar o‘zgarishini modellashtirishga katta hissa qo‘shgan.

Mazkur ishlar, garchi ularning empirik xulosalari bo‘yicha bahslar davom etayotgan bo‘lsada, Nobelga loyiq deb ko‘rilgan.

Ma’lumot uchun, Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” kitobi muallifi hisoblanadi.