$
 12920.00
-11.94
 14102.18
-5.27
 149.52
-0.66
weather
+26
Кечаси   +14°

Salom milliy brend, xayr inomarka: Endi vazirlar qanday xizmat mashinalarida yuradi?

inomarka

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-mart kungi selektorda davlat idoralarida xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish zarurligini aytgandi.

Shundan soʻng bosh vazir Abdulla Aripov 7-mart kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatish topshirig‘ini bergan. Amaldorlarning bu qoidani bir necha haftadan keyin joriy qilish haqidagi taklifini bosh vazir rad etgani aytilmoqda.

“Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimiz shart, muhokamaga o‘rin yo‘q. Menga buni 20- martdan yoki 1- apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, – deya Aripovning selektordagi so‘zlarini keltirmoqda uning matbuot xizmati.

Inomarkalarning taqdiri qanday boʻladi? 

Prezident topshirig‘idan keyin, bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz rusumli xizmat avtomobilidan Chevrolet Malibu’ga o‘tgan.

Bekzod Hidoyatovga ko‘ra, bugungi kunda hukumat tarkibidagi barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xizmat avtomobili sifatida mahalliy avtotransportlardan foydalanishga o‘tgan. 

Hukumat amaldorlari shu kungacha foydalanib kelgan joriy avtotransport vositalari (“inomarka”lar) esa bosqichma-bosqich E-auksion – elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlar qanday mashinaga oʻtdi?

Maʼlumotlarga koʻra Senat raisi Tanzila Norboyeva hamda Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, Bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse’ga o‘tgan. 

Suv xo‘jaligi vazirli Shavkat Hamroyev Malibu 2 rusumli avtomobilda yuribdi. Vazirning birinchi o‘rinbosari Lacetti 2 ga o‘tgan. BYD Song elektromobilida yuradigan yana bir o‘rinbosar ham tez orada milliy brendga o‘tishi kutilmoqda.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning axborot xizmati xodimlarining aytishicha, hozircha vazirga beriladigan mashina maʼlum emas. “Vazirimizga Vazirlar Mahkamasidan qanday mashina berilsa, o‘shanda yuraveradilar”, - deydi ular.

Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov bir muddat avval Mercedes rusumli xizmat mashinasini Malibu’ga almashtirgan. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov nomiga berilgan Mercedes-Benz, shuningdek, vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibiga atalgan Skoda rusumli xizmat avtomobillari esa davlat tasavvuriga qaytarilgan. Ayni paytda ularning xizmat mashinasi yo‘q. Vazirning o‘rinbosarlari Malibu 2’da yuradi. Endilikda vazirlikning barcha rahbari Malibu va Lacetti rusumli xizmat avtomobillaridan foydalanishi kutilmoqda.

Xizmat mashinasini oʻzgartirishi shart boʻlmagan vazirlar

Ichki ishlar, Energetika vazirliklari tasarrufidagi barcha xizmat avtomobillari milliy brend ostida.

Ekologiya vazirligi esa grant mablag‘lari hisobiga olingan elektromobillardan, asosan, BYD rusumli mashinalardan foydalanadi.

Tashqi ishlar vazirligi rahbari avvaldanoq milliy brend ostidagi Malibu 2 da yuradi. 

Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov TrailBlazer rusumli avtomobilda yuribdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning esa Malibu 2 rusumli mashinasi bor va u ham o‘z ulovni o‘zgartirishi shart emas.

Теги :
Jamiyat