$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Yanvarda inflyatsion kutilmalar 14,4 foiz darajasida saqlanib qoldi. Bu nimani anglatadi?

inflyatsiya

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsiyaga oid xavotirlari o‘tgan oyga nisbatan keskin o‘zgarmagan. Tadqiqotda 3 674 nafar respondent ishtirok etib, o‘zining kelgusi 12 oy ichidagi narxlarning oshishi bo‘yicha kutilmalarini ifoda etdi. Aholi orasida eng katta xavotirga sabab bo‘layotgan omillar orasida kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (57%), yoqilg‘i va energiya narxining oshishi (45%) hamda valyuta kursining o‘zgarishi (32%) birinchi o‘rinlarda turibdi.

Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaydi 

Yanvar oyida tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 12,9 foiz darajasida qayd etilib, o‘tgan oyga nisbatan pasayish kuzatildi. Tadqiqotda 1 608 nafar tadbirkor qatnashdi. Ular orasida eng katta xavotir kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (56%), valyuta kursining o‘zgarishi (41%) va yoqilg‘i hamda energiya resurslari narxining oshishi (36%) bo‘ldi.  

Transport xarajatlarining qimmatlashishi (29%), ish haqi va tariflarning oshishi (27%), xomashyo narxining ko‘tarilishi (25%) ham tadbirkorlar tomonidan eng muhim inflyatsion omillar sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, soliqlarning oshishi haqidagi xavotir oldingi oyga nisbatan biroz pasaygan.  

Sohalar bo‘yicha inflyatsiya kutilmalari

Inflyatsion kutilmalar aholining faoliyat yuritayotgan sohasi bo‘yicha ham sezilarli farq qiladi. Savdo sohasi vakillari inflyatsiyaning kelgusida keskin oshishini kutayotgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari nisbatan past inflyatsion darajani taxmin qilmoqda.  

Aholi orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar savdo sohasida qayd etilib, bu ko‘rsatkich 15,5 foizni tashkil etdi. Davlat tashkilotlarida ishlovchilar ham inflyatsiyaning oshishini jiddiy xavotir sifatida baholab, ularning kutilmalari 15,2 foiz darajasida shakllangan. Boshqaruv sohasida ishlovchilar inflyatsiya darajasi 15 foiz atrofida bo‘lishini taxmin qilsa, bank-moliya sohasidagi xodimlar inflyatsiya kutilmalarini 14,8 foiz deb baholashgan.  

Tadbirkorlar orasida esa ta’lim sohasi vakillari eng yuqori inflyatsion xavotirni bildirgan (14,8%). Turizm (14,5%), moliya-xizmat (14,0%) va savdo (12,3%) ham tadbirkorlar uchun eng katta inflyatsion tahdid sifatida baholangan. Eng past inflyatsion kutilmalar axborot texnologiyalari sohasida kuzatilgan.  

Hududlar bo‘yicha inflyatsion kutilmalar 

Aholining inflyatsion kutilmalari hududlar bo‘yicha sezilarli farq qilmoqda. Eng yuqori inflyatsion xavotir Toshkent viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 15,7 foizni tashkil etdi. Buxoro viloyati ham narxlarning oshishidan katta xavotir bildirayotgan hududlardan biri bo‘lib, u yerda inflyatsion kutilmalar 15,6 foizga yetgan. Toshkent shahri aholisi ham narxlarning oshishini sezilarli darajada kutib, bu hududda inflyatsiya kutilmalari 15,5 foiz darajasida shakllangan. Sirdaryo viloyatida esa inflyatsion xavotir 15,2 foiz bo‘lib, bu hududda ham narxlarning oshishi borasida aholining sezilarli tashvishi kuzatilmoqda.  

Barcha hududlar ichida eng past inflyatsion kutilmalar Jizzax viloyati aholisi tomonidan qayd etilgan bo‘lib, ushbu hududda inflyatsiya bosimi boshqa viloyatlarga nisbatan pastroq baholangan.  

Tadbirkorlar bo‘yicha esa eng katta inflyatsion xavotir Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda tadbirkorlarning kutilmalari 16,2% darajasida shakllangan. Eng past kutilmalar esa Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlar tomonidan bildirildi.  

Daromad darajasiga qarab inflyatsion kutilmalar qanday farq qiladi? 

Aholining inflyatsiyaga bo‘lgan qarashi ularning daromad darajasiga bog‘liq ravishda sezilarli farq qilmoqda.

Daromadi 5 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar inflyatsiyaning oshishidan ancha ko‘proq xavotir bildirgan. Eng katta xavotir 15 million so‘mdan yuqori daromadga ega respondentlar orasida kuzatilgan bo‘lib, ular inflyatsion kutilmalarni 18,2 foiz darajasida baholagan.  

Daromadi 10-15 million so‘m oralig‘ida bo‘lgan aholining inflyatsiya kutilmalari 16,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 7-10 million so‘m daromadga ega qatlam orasida bu ko‘rsatkich 16,3 foizga yetgan. 5-7 million so‘m daromadga ega fuqarolar esa inflyatsiyaning oshishi borasida nisbatan pastroq xavotir bildirgan bo‘lib, ularning kutilmalari 14,9 foiz darajasida shakllangan. 

Aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi qanday shakllandi? 

Yanvar oyining yakunlariga ko‘ra, aholining sezgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,7 foiz darajasida shakllandi. Hududlar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya Sirdaryo viloyatida qayd etilib, bu ko‘rsatkich 16,8 foizni tashkil etdi. Aksincha, eng past inflyatsion xavotir Navoiy viloyatida kuzatilib, bu hududda aholining sezgan inflyatsiya darajasi 12,6 foiz bo‘ldi.  

Dekabr-yanvar oylarida aholining fikriga ko‘ra, narxlari eng tez oshgan mahsulot va xizmatlar qatorida go‘sht va sut mahsulotlari (41%), elektr va tabiiy gaz (48%), benzin va yoqilg‘i (47%), meva va sabzavotlar (38%) hamda uy-joy ijarasi (29%) yetakchilik qildi. Ushbu mahsulot va xizmatlar aholi uchun eng zarur bo‘lgan sohalarga tegishli bo‘lgani bois, ularning narxi oshishi inflyatsiyani sezish darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.

Теги :
Jamiyat