$
 12972.08
15.08
 13223.74
-121.97
 126.61
-1.16
weather
+26
Кечаси   +14°

Bizda bozor va narx-barqarorligi bo‘yicha muammolarni yechishda tizimli yondashuv yetishmayapti — Otabek Bakirov inflyatsion kutilmalar oshgani haqida

bozor

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan dekabr so‘rovlarida aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari 0,7 foiz bandiga oshib, 14,4% ga yetdi. Bu 2023-yilning yanvar oyida qayd etilgan yuqori ko‘rsatkichlarga yaqinlashganini ko‘rsatadi.

Energetikaga ishonchsizlik bo’yicha yangi rekord

Benzin va yoqilg‘i, elektr va tabiiy gaz butun 2024 yil davomida narxi yuqori darajada o‘sgan tovarlar ro‘yxatida yetakchilik qildi.

Yil oxiriga kelib, energetik tovarlar narxining o‘sishi boshqa tovar va xizmatlar narxida ham yaqqol namoyon bo‘la boshlagan.

So‘rovda qatnashganlarning 57%i inflyatsiyaning asosiy omili sifatida yoqilg‘i va energiya narxining qimmatlashuvini ko‘rsatgan. Bu natija o‘tkazilgan so‘rovlar tarixida mutlaq yangi rekord hisoblanadi. Bakironing ta’kidlashicha, bu holat o‘zbekistonliklarning energetikaga bo‘lgan umidlarini deyarli yo‘qotganini va sohani boshqarishdagi muammolarni ochib beradi.

Energetika bilan bog‘liq xavotirlardan tashqari, quyidagi omillar ham aholi inflyatsion kutilmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan:

 — Kommunal xizmatlarning qimmatlashuvi (56%);

 — Transport xarajatlarining oshishi (35%);

 — Monopoliya va sun’iy narx oshirish xavotirlari (33%).

Biznes kutilmalarida yomonlashuv davom etmoqda

Dekabr oyida tadbirkorlik subyektlarining inflyatsiya kutilmalari bir oy ichida birdaniga 1,2 foiz bandiga oshib, 13,9% ga yetgan. Bu biznes vakillarining iqtisodiy muhitga bo‘lgan ishonchining pasayganidan dalolat beradi. Poytaxt Toshkentda esa aholi kutilmalari yanada xavotirli ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda — 19,1% (noyabr oyida 17,7%).

Boylar ham, kambag‘allar ham xavotirda

Daromad darajasi bo‘yicha inflyatsion kutilmalar quyidagicha yomonlashdi:

— 15 million so‘mdan yuqori daromad oluvchilar: kutilmalari 18,6% gacha oshgan (noyabrda 17,3%);

— Daromadsiz aholining kutilmalari: 13,9% gacha yomonlashgan (noyabrda 12,1%).

Meva-sabzavotlar, tuxum, yo‘llkira narxlari

Dekabr oyi so‘rovlarida, narxi yuqori darajada o‘sgan tovarlar ro‘yxatini go‘sht va sut boshqargan bo‘lsada (so‘ralganlarning 48%i), yana bir necha tovar va xizmatlar narxi o‘sishi tezlashganini sezgan respondentlar ulushi keskin ko‘paygan. Xususan:

Meva-sabazavotlar (so‘ralganlarning 25%idan 33%ga yetgan);

Tuxum (15%dan 29%ga);

Yo‘lkira (19%dan 27%ga);

Kafe-restoran (16%dan 21%ga).

Narxlar shaffoflik va raqobat orqali barqarorlashishi lozim

Iqtisodchi Otabek Bakirov kutilmalarni sun’iy ravishda yaxshilab bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. “Kutilmalarni yaxshilash uchun oynadan o‘pkalash emas, balki energetika va narxlarning barqarorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish kerak,” — deydi u. Aholi va biznesning inflyatsiyaga nisbatan kutilmalari yaxshilanmasa, monetar vositalar orqali inflyatsiyani pasaytirish imkonsiz.

Narxlarni ma’muriy emas, shaffoflik, raqobat va bozor mexanizmlari orqali barqarorlashtirish zarur. Ayniqsa, energetikada barqarorlikni tiklash aholi va tadbirkorlarning umidlarini qaytarish uchun muhim omil bo‘lib qolmoqda.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot