$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Tarixga nazar: Sak va massagetlardan mustaqillikkacha

uzbekistan

O‘zbekistonning tarixi ming yilliklar davomida shakllanib kelgan. Miloddan avvalgi davrlarda sak va massaget qabilalari, shuningdek, so‘g‘diylar, baqtriyaliklar va xorazmliklar hukmronlik qilgan bu hudud ko‘plab mustaqil davlatlar o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Sho‘rolardan avval ham yurtimiz hududida 20 ta mustaqil davlat hukm surgan. Bayram munosabati bilan O‘zbekistonning SSSRgacha va SSSRdan keyingi tarixiga nazar tashlasak.

Iskandar Zulqarnayngacha bo‘lgan davr

Markaziy Osiyo tarixi davomida turli asrlarda turli xil xalqlar, qabilalar va davlatlar mintaqa hududini zabt etgan. Miloddan avvalgi VI asrdan XX asrga qadar zamonaviy O‘zbekiston hududida yigirmadan ortiq davlatlar hukm surgan.

Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda O‘zbekiston hamda qo‘shni hududlarda so‘g‘diylar, baqtriyaliklar, xorazmliklar hamda sak va massaget qabilalari yashaganlar. Miloddan avvalgi VI asrda Markaziy Osiyoga forsiy Ahamoniylar davlati qo‘shinlari hujum qildilar. Kir II va Doro I hukmdorligi davrida Baqtriya, Xorazm va So‘g‘d forslar davlati tarkibiga kiradi. Forslar hukmronligi miloddan avvalgi IV asrda Makedoniyalik Aleksandr tomonidan Gavgamella jangidan so‘ng to‘xtatildi. M.a. 329-yilda esa Aleksandrdan sharqqa, Markaziy Osiyoga qochib ketgan oxirgi Ahamoniylar shohi Doro III vafot etdi. Doroni ta’qib qilib, Aleksandr qo‘shinlari Ahamoniylarning sharqiy satrapiya (viloyatlari)lari Baqtriya va So‘g‘dni bosib oldi. Miloddan avvalgi 327-yilga kelib, Aleksandr mintaqada o‘z hokimiyatini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

Salavkiylar, Yunon-Baqtriya, Kushoniylar davlatlari

Aleksandr Makedonskiyning o‘limi (m.a. 323-yil) va uning yaqinlari (diadoxlar) o‘rtasidagi hokimiyatni egallash uchun bo‘lib o‘tgan qirq yillik urushdan so‘ng, Baqtriya va So‘g‘d Aleksandrning do‘sti va qo‘riqchisi, yunon qo‘mondoni Salavk tomonidan asos solingan Salavkiylar davlatiga qo‘shib olindi. Miloddan avvalgi 250-yilda Baqtriya va So‘g‘diyona satrapi Diodot qo‘zg‘olon ko‘tarib, Salavkiylar hukmronligidan chiqdi va poytaxti Baqtra bo‘lgan Yunon-Baqtriya davlatiga asos soldi. Miloddan avvalgi II asrda eroniy yuechji qabilalari Baqtriyaga kirib kelib, Yunon-Baqtriya davlatini tugatishdi. Yuechji Baqtriyani beshta hokimliklarga ajratdi. Milodiy I asr boshlarida Kushon sulolasi rahbari Kudzula Kadfiz I butun Baqtriyani birlashtirdi. U va uning merosxo‘rlari So‘g‘d va Xorazmning ayrim viloyatlari, shuningdek Farg‘ona va Chag‘aniyonni bo‘ysundirib, davlat yerlarini kengaytirib bordilar. Kushon shohi Vima Kadfiz II shimoliy-sharqiy Hindistonni egalladi. Kushon davlatining hududiy va iqtisodiy rivojlanishi Kanishka I hukmronligi davrida sodir bo‘ladi. Kushon imperiyasi va Kangyuy kabi davlatlarning siyosiy maydondan yo‘qolishi antik davrni yakunlab berdi. Mintaqa tarixida o‘rta asr davrining (IV — VIII asrlarda) boshlanishi IV asrga to‘g‘ri keldi, ushbu davrda ko‘chmanchi qabilalar — kidariylar, xionitlar, eftalitlar va boshqalar sharq — shimoli-sharqiy hududlardan O‘rta Osiyoga ko‘chib kelishdi. Ular ushbu hududning turli viloyatlarida joylashib, o‘z davlatlarini barpo qilishdi. Ko‘chmanchi qabilalar ichida eftaliylar — "oq gunlar" davlati eng qudratli davlatga aylandi. Ushbu davlat Baqtriya-Toxariston, So‘g‘d, Choch, Farg‘ona va Shimoliy Hindiston hududlarini o‘z ichiga olgan imperiyaga aylandi.

Turk xoqonligidan keyingi Arab xalifaligi

561−563-yillarda Turk xoqonligi Eron bilan eftaliylarga qarshi ittifoq tuzishdi. 565-yilda Naxshab (hozirgi Qarshi) jangida turklar g‘alaba qozonib, So‘g‘d xoqonlikka qo‘shib olindi. VI asrning oxiriga kelib, Turk xoqonligi butun Markaziy Osiyoni o‘z davlati tarkibiga qo‘shib oldi. 603-yili Turk xoqonligi ichki qarama-qarshiliklar natijasida G‘arbiy va Sharqiy turk xoqonliklariga bo‘linib ketdi. Qabila zodagonlari o‘rtasida kechgan qabilalararo urushlar oqibatida G‘arbiy turk xoqonligi 704-yilda parchalanib ketdi. Bu vaqtga kelib, Arab xalifaligi Sharq tomon tobora kengayib, Sosoniylar imperiyasinining hududini 642-yilda butunlay bosib olishdi, Markaziy Osiyoga esa bosqinchilik qilib turishar edi. 705 yildan boshlab har yili Qutayba ibn Muslimning sharqqa yurishlari amalga oshirilib kelinardi. Shu yo‘l bilan Qutayba Arab xalifaligi hududiga yangi yerlarni qo‘shib boradi. 705-yildan arablar Markaziy Osiyo hududini muntazam ravishda bosib olishga kirishdilar. 707-yilda Buxoro vohasining bosib olinishi boshlandi. Buxoro qamali 709-yilgacha davom etdi va bir nechta hujumlardan so‘ng shahar zabt etildi.

Xorazmshohlar davlati

X asrning oxirida Movarounnahrga Sharqiy Turkistondan turk-qoraxoniylar bostirib kelib, Somoniylar davlatining sobiq yerlarini o‘z hududiga qo‘shib oldi, biroq ma’lum vaqt Saljuqiy turklarga qaram bo‘lib qoldi. XI asrning oxiridan boshlab Xorazmda turkiy Anushteginlar sulolasi dastlab Saljuqiylar vassallari, XII asrning ikkinchi yarmidan esa mustaqil hukmdorlar sifatida hokimiyatga keldi. Tez orada Anushteginlar bosib olgan yerlarda ulkan Xorazmshohlar davlati barpo etildi.

Chingiziylar va Amir Temurning tarix sahnasiga kirib kelishi

1215-yilda Chingizxon o‘zining 450 musulmon savdogar va bir necha o‘nlab mo‘g‘ul zobitlaridan tashkil topgan ilk savdo karvonini Xorazmga jo‘natdi. Ular O‘tror hukmdori Qayirxon tomonidan qo‘lga olindi va qatl qilindi. 1219-yilning kuzida Chingizxon armiyasi bilan Irtish qirg‘og‘idan g‘arbga yurish boshladi. Shu yilning o‘zida u Movarounnahrni bosib oldi. Ikki yil mobaynida mo‘g‘ullar Xorazmshohlarning deyarli barcha yerlarini vayron qilib, qo‘lga kiritdilar. 1370-yilda Amir Temur Turonning oliy amiriga aylandi. U hukmronligi davrida uchta mashhur yurushlarni amalga oshirdi: uch yillik (yaqin sharqqa yurish), besh yillik (Oltin O‘rda bilan urush), yetti yillik (Eronga yurish, Usmonli turklar imperiyasiga qarshi urush). Temuriylar O‘zbekistonning hozirgi hududini XVI asr boshida Shayboniyxon qo‘shini bilan hududga kirib kelgunga qadar boshqargan. Shayboniylar (o‘zbek) sulolasi asoschisi Shayboniyxon Movarounnahrda Temuriylar davlatini egallab, Shayboniylar davlatiga asos soldi. Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon 1533-yilda o‘z davlatining poytaxtini Samarqanddan Buxoroga ko‘chirdi.

Sho‘rogacha bo‘lgan davr

Shayboniylar davlati Buxoro xonligi deb ataldi, ammo 1785-yilda u amirlikka aylantirildi va 1920-yilgacha saqlanib qoldi. XVIII asr boshlarida Buxoro xonligida markaziy hokimiyat ichki kurashlar oqibatida zaiflashdi. Tashqi xavf sabab 1709-yilda ming urug‘i vakillari Farg‘ona vodiysida hokimiyatni o‘z qo‘llariga oldilar. Shu tariqa, keyinchalik Qo‘qon xonligi deb atalgan yangi o‘zbek davlati vujudga keldi. 1865−1876-yillarda Qo‘qon xonligi, qisman Xiva xonligi va Buxoro amirligi hududlari Rossiya imperiyasiga qo‘shib olindi.

O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi

1867-yilda Turkiston general-gubernatorligi (1867−1917) tashkil etildi. Sirdaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari kabi uchta viloyatlar tashkil etildi, ular harbiy hokimlar tomonidan boshqarilgan. 1920-yilning fevral oyida Xiva xonligi va Buxoro amirligi qizil armiya tomonidan qo‘lga olindi va ularning o‘rniga Xorazm va Buxoro Xalq Sovet Respublikalari tashkil etildi. 1924-yilning sentyabrida ushbu respublikalar O‘zbek va Turkman SSR tarkibiga kirgan. 1924-yil 27-oktyabrda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etildi. 1956-yilda O‘zbek va Qozoq SSR chegaralari o‘zgardi, buning natijasida O‘zbekiston Respublikasining hozirgi chegarasi shakllandi. Bu O‘zbekistonning 2600 yillik qisqacha tarixi edi.

O‘zbekistonning mustaqillikka intilishi

1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshlarida O‘zbekiston jamiyatining turli sohalarida mustaqillikka bo‘lgan intilish kuchayib bordi. Sovet ittifoqining markaziy hukumatiga qarshi ovozlar tobora ko‘payib, xalq o‘zining milliy o‘zligini himoya qilishga intildi. 1989-yilda davlat tili to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi mustaqillik yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Bu qonun o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berib, xalqning o‘z madaniyati va tili uchun kurashini yuksak darajaga olib chiqdi. 1990-yil bahorida, markazning qattiq qarshiliklarga qaramay, O‘zbekiston mustaqil davlat tuzish yo‘lida yana bir muhim qadam tashladi: sobiq Ittifoq Respublikalari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Prezidentlik lavozimi ta’sis etildi va 24-mart kuni Islom Karimov O‘zbekistonning birinchi Prezidenti etib saylandi. Bu yangilik o‘zbek davlatchiligida yangi bosqichni boshlab berdi. 20-iyun kuni O‘zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu hujjat O‘zbekistonning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlab, xalqning asrlar davomida orzu qilgan mustaqilligini huquqiy jihatdan tan olishini ifodaladi. Nihoyat, 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini rasmiy ravishda e’lon qildi va 1-sentyabr Mustaqillik kuni milliy bayram sifatida belgilandi.

Yangi tarixga qadam

Mustaqillikka erishish o‘zbekistonliklar uchun tarixiy bir burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu nafaqat siyosiy mustaqillikni, balki xalqning asrlar davomida saqlab kelgan qadriyatlarini tiklash va milliy o‘zligini yana bir bor tan olish imkonini berdi. Mamlakat oldida katta imkoniyatlar ochilib, xalq farovonligini yaxshilash uchun boy tabiiy va iqtisodiy resurslardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayon, shubhasiz, O‘zbekistonning yangi tarixini yaratishda katta rol o‘ynadi va xalqning kelajakka bo‘lgan umidlarini mustahkamladi desak, yanglish bo‘lmaydi.

Теги :
Jamiyat