$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Mavsumiy xastalik: Yozda salmonellyozga chalinish nega koʻpayadi?

salmonellyoz

Xoʻsh, salmonellyoz xastalik qanday kelib chiqadi? Uning oʻziga xos belgilari va oldini olish usullari nimalardan iborat?

Xastalikning 2000 ga yaqin serologik xillari mavjud

Toshkent shahar 5-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Nargiza Abdullaboyeva salmonellyoz haqida maʼlumot berdi.

“Salmonellyoz — oʻtkir ichak infeksiyasi boʻlib, uning qoʻzgʻatuvchisi Salmonellyoz turkumiga kiruvchi bakteriyalardir. Ularning 2000 ga yaqin serologik xillari boʻlib, 700 dan koʻprogʻi odamlarda uchraydi. Xastalik yil davomida kuzatilib, yoz va kuz oylarida bemorlar soni bir muncha koʻpayadi”, — deydi mutaxassis.

Salmonellyoz yuqumli kasallik

Kasallik asosan goʻsht, sut, baliq, tuxum hamda termik ishlov berilmagan boshqa mahsulotlar — meva-sabzavot va koʻkatlarni isteʼmol qilish, zararlangan ochiq suv havzalarida choʻmilish va suv isteʼmol qilish, bemor bilan muloqotda boʻlish hamda salmonellalar bilan ifloslangan idish-tovoqlar, oʻyinchoqlar va boshqa buyumlar orqali yuqadi.

Shuningdek, salmonellalar havo-chang orqali ham yuqishi mumkin. Sababi ushbu bakteriyalar 20-25 daraja haroratda 80 kungacha yashay oladi. Xastalik yosh bolalar, homiladorlar va keksalarda nisbatan ogʻirroq kechadi.

Belgilari qanday?

Salmonellyozning bir necha belgilari bor. Koʻngil aynishi, qusish, tana haroratining koʻtarilishi, qorin ogʻrigʻi, ich ketishi, umumiy zaharlanish va bosh aylanishi asosiy simptomlardir. Kasallikning inkubatsion davri 6-8 soatdan 2-3 kungacha choʻziladi. Koʻpincha 12—24 soat davom etadi.

Tavsiyalar

Kasallikka qarshi kurashish va uning oldini olish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini toza saqlash, meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvish va yeguliklarni tayyorlashda sanitariya qoidalariga qatʼiy rioya qilish lozim.

Shuningdek, tez buziladigan taomlarni sovutgichda saqlash, ovqatlanishdan va yegulik tayyorlashdan avval hamda hojatxonadan foydalangach, qoʻllarni sovunlab yuvish zarur.

Salmonellyoz bilan ogʻrigan bemorlar kasalxonaga yotqizilishi, bemorning uyidagi kishilar bir hafta davomida shifokor nazoratida boʻlishi muhim hisoblanadi.