$
 12145.65
3.71
 14268.71
-21.14
 164.33
1.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Hantavirus Oʻzbekiston uchun xavflimi? SES bayonot berdi

virus

Qator davlatlarda hantavirus tarqalayotgani haqidagi xabarlar ortidan Oʻzbekiston SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi mamlakatdagi vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qoʻmita raisi birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovning maʼlum qilishicha, hozircha Oʻzbekistonda hantavirus bilan kasallanish holatlari aniqlanmagan. Mamlakatda doimiy virusologik monitoring olib borilmoqda va epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda.

JSST yangi pandemiya xavfini istisno qildi

Idorada taʼkidlanishicha, hantavirus koronavirus kabi tez tarqalmaydi va JSST bahosiga koʻra, global pandemiyaga sabab boʻlishi mumkin emas. Mutaxassislar virusning 20 dan ortiq turi mavjudligini, ammo ularning faqat ayrimlarigina inson uchun xavfli ekanini bildirmoqda.

Kasallik koʻproq Lotin Amerikasi davlatlarida, jumladan Argentina, Chili va Braziliyada uchraydi.

Virus qanday yuqadi va qanday alomatlar kuzatiladi

Hantavirus asosan kemiruvchilar orasida tarqaladi va kam holatlarda insonga yuqadi. Infeksiya kemiruvchilarning soʻlagi, siydigi yoki ajratmalari bilan ifloslangan chang, oziq-ovqat yoki buyumlar orqali yuqishi mumkin.

Asosiy alomatlar qatorida yuqori harorat, bosh ogʻrigʻi, holsizlik, koʻngil aynishi, qusish, mushaklar va qorinda ogʻriq kuzatiladi. Ogʻir holatlarda buyrak, nafas olish va yurak-qon tomir tizimi bilan bogʻliq asoratlar yuzaga kelishi mumkin.

Hokimiyat sanitariya nazoratini kuchaytirdi

SSVda taʼkidlanishicha, hozircha hantavirusga qarshi maxsus vaksina va alohida davolash protokoli mavjud emas. Shifokorlar gigiyena qoidalariga amal qilish, oziq-ovqatni xavfsiz sharoitda saqlash, yopiq xonalarni shamollatish va uy hamda ish joylarida tozalikni saqlashni tavsiya qilmoqda.

Shuningdek, endemik hududlardan qaytgan fuqarolardan bu haqda oilaviy poliklinikalarga xabar berish soʻralgan. Hozirda Oʻzbekistonning 53 ta chegara punktida xavfli infeksiyalar kirib kelishining oldini olish maqsadida kuchaytirilgan sanitariya nazorati joriy etilgan.