$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Grippdan so‘ng organizm o‘zini qancha vaqtda to‘liq tiklaydi?

gripp

Kuz-qish mavsumi grippga chalinish holatlari ko‘payadigan davr. Qolaversa, ushbu kasallikning simptomlaridan ko‘ra asoratlari xavfliroq. Xastalikka chalingan bemor organizmida infeksiyalar tarqaladi va bu asab tizimiga shikast yetkazadi. Natijada bemor to‘liq oyoqqa turganidan keyin ham toksinlarning miyaga ta’siri uzoq davom etadi. Grippga chalingan bemorlar necha kunda to‘liq oyoqqa turishi haqida mutaxassis o‘z fikr va mulohazalarini berib o‘tdi.  

To‘liq sog‘ayish 3 oygacha cho‘zilishi mumkin

O‘tkir shamollash va gripp davrida insonda holsizlanish, bosh og‘rig‘i kabi simptomlar yuzaga keladi. Bemor organizmi bir necha kun mobaynida kasallik bilan kurashadi. Shu bois isitma me’yorlashib, yo‘tal va burun oqishi to‘xtagach, kasallikdan to‘liq tuzaldim, deb o‘ylash — yanglish xulosa. 

Negaki, grippning o‘tkir bosqichidan so‘ng jismoniy va ruhiy toliqqan, suvsizlangan hamda ko‘p quvvat yo‘qotgan organizmning tiklanish davri boshlanadi. Bu vaqtda tanada holsizlik, charchoq va zaiflik kuzatiladi. 

Grippning yengil shaklida organizm taxminan yetti-o‘n kun ichida tiklanadi. Xastalikning o‘rta og‘ir bosqichida bu muddat o‘n-o‘n to‘rt, ba’zan 21 kungacha cho‘ziladi. Grippning og‘ir shaklini to‘liq yengib, quvvatga kirish uchun esa uch oy vaqt kerak.

Kasallikni yengish bemorning immunitetiga bog‘liq

Ushbu jarayon har kimda har xil kechadi. Tiklanish muddati bemorning kasallik boshlanishidan avvalgi immuniteti holatiga bog‘liq. Chunki virus surunkali xastaliklarni qo‘zg‘atib yuborishi mumkin. 

Shuning bilan birga, gripp asoratlari nafaqat otit va sinusit, balki virusli pnevmoniya, meningit, yurak ishemik kasalliklari, bronxial astma va surunkali bronxitni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Xastalikka chalingan insonlar jizzaki bo‘lib qolishadi 

Bu kabi viruslarga qarshi kurashish natijasida immunitet zaiflashib, ichki a’zolar faoliyati buzilishi bilan izohlanadi. Shuningdek, xastalik chog‘ida infeksiyalar tufayli asab tizimi zararlanadi. Oqibatda bemor to‘liq oyoqqa turganidan keyin ham toksinlarning miyaga ta’siri uzoq davom etadi. 

Shu tufayli bemor holsizlik, jizzakilik, bosh og‘rig‘i, uyqu buzilishi, xotira susayishi va ish qobiliyati pasayishidan aziyat chekadi. 

O‘z navbatida, muolaja jarayonida foydalanilgan dori-darmonlarning jigar, buyrak va ovqat hazm qilish tizimiga ayrim nojo‘ya ta’sirlari sezilishi ehtimoli mavjud. 

Tuzalgandan so‘ng jismoniy faollikni saqlash muhim

Jarayonda grippdan tuzalgan bemorlarga jismoniy faollik va stressdan saqlanish, immunitetni mustahkamlash, to‘g‘ri ovqatlanish, vitamin terapiyasi, ichak mikroflorasini tiklashga qaratilgan dori-darmon muolajasi, massaj va fizioterapiya mashqlari tavsiya etiladi.