$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Ekspertlar: Oʻzbekiston Rossiyaga oltin savdosi boʻyicha sanksiyalarni chetlab oʻtishda yordam bermoqda

oltin

O‘zbekistonda ichki qazib olingan oltin bilan eksport qilinayotgani orasida farq kattaligi va bu farq Rossiya oltinlari hisobiga bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bu haqda SWI swissinfo.ch nashri jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston vositachi bo‘lib beryaptimi?

Unda aytilishicha, Rossiyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar global oltin savdosi yo‘nalishlarini o‘zgartirib yuborgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, Shvetsariyaning O‘zbekiston va Qozog‘istondan kelgan oltin import hajmi sezilarli darajada oshgan. Tahlillar va ekspertlarning fikricha, bu oltinlar sanksiyalarni chetlab o‘tib, yashirincha Rossiyadan kelayotgan bo‘lishi mumkin.

2021-yil oxirlarida, ya’ni Rossiya Ukrainaga hujum qilishdan oldin, Shvetsariyaning ushbu davlatlardan oltin sotib olish hajmi keskin oshgan. Bu holat O‘zbekiston va Qozog‘iston sanksiyalardan qochishda vositachi sifatida foydalanilayotganini va Rossiyaga moliyaviy ko‘mak berilayotganini haqidagi xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Ekspertlar fikri

Bazel universiteti professori va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ekspert Mark Pietning aytishicha, Rossiya oltinni erkin eksport qila olmaganidan so‘ng, bu ikki davlat oltini Buyuk Britaniya va Shvetsariya orqali jahon bozoriga chiqarish uchun ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin.

Bu fikrni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa ekspertlar ham bor. SWI swissinfo.ch ma’lumotlariga ko‘ra, 6 oy davomida tijorat va bojxona ma’lumotlari tahlil qilingan va 20 dan ortiq milliy va xalqaro oltin sanoati mutaxassislari bilan maslahatlashilgan. Ko‘pchilik bu importlarda qonuniy buzilishi holatlari borligini va xaridorlar obro‘yiga putur yetishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

O‘zbekistonga ortiqcha oltin qayerdan kelgan?

Jahon oltin savdosida ma’lumotlar shaffof emas va bu ma’lumotlarni to‘liq aniqlash juda qiyin. Oltin qayta ishlanganda uning manbasini aniqlash deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi. Shunga qaramasdan, ushbu ma’lumotlar sanoat ishtirokchilari va regulyatorlar tomonidan xavflarni baholashda qo‘llaniladi.

Savdo va bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘tgan yili ishlab chiqargan va zaxiralaridan sotgan oltindan ko‘proq miqdorda oltin eksport qilgan. Xo‘sh, bu ortiqcha oltin qayerdan kelgan? Ko‘pgina ekspertlar uchun eng mantiqiy javob — bu oltinning kamida bir qismi Rossiyadan kelgan bo‘lishi mumkinligi. Chunki Rossiya dunyodagi ikkinchi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchidir.

Rekord darajada oltin yetkazib berish

Qozog‘iston va O‘zbekistondan oltin yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshgan. Federal Bojxona va chegara xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda jami 130 tonna o‘zbek oltini (qiymati CHF7,3 milliard yoki 8,54 milliard AQSh dollari) – 100 tonnasi bevosita O‘zbekistondan va 30 tonnasi Buyuk Britaniya orqali keltirilgan – yuqori darajada tozalangan oltin quymalari shaklida Shvetsariyaga yetib kelgan. Bu miqdor deyarli Birlashgan Arab Amirliklaridan keltirilgan miqdor bilan teng (150 tonna), BAA esa dunyoning eng yirik oltin savdo markazlaridan biridir. Shu yilning o‘zida Qozog‘istondan 59 tonna oltin quymalari keltirilgan (qiymati CHF3,3 milliard), shulardan 58 tonnasi Birlashgan Qirollik orqali va bir tonnasi Qirg‘iziston orqali yetib kelgan.

2021-yilda Shvetsariyaga o‘zbek oltinining importi ikki yillik tanaffusdan so‘ng ortgan. 2021-yilning oktyabr oyida qayta tiklangan, Qozog‘istondan import esa 2022-yil yanvarida qayta boshlangan. Urush boshlanishi bilan eksport hajmi yanada tezlashgan va 2023-yil oxirida rekord darajaga yetgan. Shvetsariyada O‘zbekiston va Qozog‘iston oltinlari importi bu yil ham yuqori darajada qolganligi aytiladi. Joriy yilning olti oyi ichida 82 tonnadan ortiq o‘zbek oltini va 21 tonna Qozog‘iston oltini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita Shvetsariyaga eksport qilingan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida 85 tonna o‘zbek oltini va 19 tonna qozog‘istonlik oltin eksport qilingan edi. Shvetsariya banklari oltinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali emas, balki uchinchi davlat orqali sotib olayotganligi uchun sanksiyalardan qutulib qolmoqda.

Dunyodagi markaziy banklar o‘z oltin zaxiralarini ushlab turishga yoki ularni ko‘paytirishga harakat qilayotgan bir paytda, O‘zbekiston milliy banki (NBU) va Qozog‘iston milliy banki (NBK) oltinlarini sotishga qaror qilgan, bu holatni esa narxlar keskin oshishi bilan izohlagan.

O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham holatni izohlashdan bosh tortgan

Jahon oltin kengashi (World Gold Council)ning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Qozog‘iston Milliy bankining oltin zaxiralari 57 tonnaga kamayib, 294 tonnani tashkil etdi, bu ketma-ket 2 yillik "qulash" hisoblanadi. O‘zbekistonning markaziy banki esa taxminan 25 tonna oltin zaxirasini sotib, o‘zining zaxira miqdorini 371 tonnaga tushirdi. 2 davlatning hech biri SWI swissinfo.ch tomonidan berilgan savollarga javob bermadi, deyiladi maqolada.

SWI swissinfo.ch tomonidan mavjud ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, 2023-yilda Shvetsariya va Buyuk Britaniyaga O‘zbekiston va Qozog‘istondan import qilingan oltin hajmi, ushbu mamlakatlarning zavodlari tomonidan ishlab chiqarilgan oltin hajmi va Markaziy banklarning oltin savdolaridan oshib ketgan.

Gapning indallosi

Ba’zi mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali kiritilayotgan oltinning katta qismi aslida Rossiyadan kelib, xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tgan bo‘lishi mumkin. 2017-2022-yillar orasida O‘zbekiston xususiy sektori taxminan 33,6 tonna oltin ishlab chiqargan, ammo bu miqdor 2023-yilda Shvetsariya va Birlashgan Qirollikka eksport qilingan miqdordan kam bo‘lgan. SWI swissinfo.ch tomonidan hisoblab chiqilgan farq 15-45 tonna oltin atrofida bo‘lishi mumkin.

Piet ushbu vaziyatni sharhlab, shunday dedi: “Ukrainadagi urush boshlanganida Shvetsariyaga oltin importining keskin oshishi faqat Rossiya oltinining O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali kirib, keyinchalik Shvetsariya va Birlashgan Qirollikka qayta eksport qilinishi bilan izohlanishi mumkin”.

Oltinni “tozalash” jarayoni

Oltin sanoatining Shvetsariyadagi ikkita mutaxassisi ham Rossiya oltinining “tozalangan bo‘lishi” ehtimoli haqida gapirib, bu savdolarni shubhali deb hisoblaganlar. Oltinning “tozalanishi” — bu Rossiyadan kelgan oltinni boshqa davlatlar orqali, masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali olib kirib, uning kelib chiqishini yashirish yoki o‘zgartirish maqsadida amalga oshiriladi. Bu jarayonda oltin qayta ishlanadi yoki qayta quymalar shaklida eritilib, asl manbasi aniqlanmasligi uchun uning belgilari o‘chiriladi. Shu tariqa, Rossiya oltini sanksiyalardan chetlab o‘tib, boshqa davlatlar orqali xalqaro bozorlarga chiqariladi va noqonuniy manba sifatida qabul qilinmaydi.

Rossiya tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston oltin savdosi xavf ostida qolishi mumkin

Ba’zi yirik Shvetsariya kompaniyalari, jumladan Argor-Heraeus, O‘zbekiston bilan hech qanday savdo aloqalari yo‘qligini bildirishgan va Rossiya oltini bilan bog‘liq xavflar sababli Qozog‘iston bilan ham ish olib borishdan voz kechgan.

Oltin “tozalangandan” keyin asl manbasini aniqlash murakkab va bu Rossiya oltini sanksiyalarni chetlab o‘tayotgani haqidagi taxminlarni yana-da kuchaytiradi. Shvetsariyada ko‘plab banklar va qimmatbaho metall kompaniyalari Qozog‘iston va O‘zbekistondan keladigan oltin bilan ishlashda ehtiyotkorlik qilyapti. Bu mamlakatlar Rossiyaga yaqinligi sababli yuqori xavfli hududlar sifatida ko‘rilib, oltinning manbasini aniqlashda maxsus tekshiruvlar o‘tkazilishini talabi qo‘yilyapti. Ko‘plab banklar, jumladan, Zurich Cantonal Bank va qimmatbaho metall kompaniyalari, masalan, Metalor, ushbu davlatlardan oltin sotib olishdan voz kechganini bildirgan. Ular xalqaro sanksiyalarni buzmaslik uchun faqat manbasi to‘liq aniq, shaffof bo‘lgan oltinni qabul qilishmoqda.

Ushbu jarayon, ayniqsa, Rossiya oltini global bozorga boshqa davlatlar orqali kirib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortib borayotgan bir paytda, muhimdir. Oltinning eritilib, qayta ishlanishi uning kelib chiqishini aniqlashni qiyinlashtirgani bois, ushbu oltin oqimlari xalqaro tartib-qoidalarga muvofiq bo‘lishini ta’minlash uchun kompaniyalar chuqur tekshiruvlar olib bormoqda.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot